"Manchester Yunayted" futbol klubi Rasmus Xyoylunni sotib olish borasida "Atalanta" bilan kelishuvga erishgan edi. Erik ten Xag jamoaga o‘zi muhim deb bilgan futbolchini olib keladigan bo‘ldi. 72 million funtlik kelishuvga erishilishi bilan, muxlislar Xyoylunn va Erling Xolandni taqqoslashga tushdi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Ularning har ikkisi 2 metrga yaqin bo‘yga ega. Har ikkisining sochlari malla va har ikkisi raqib darvozasi oldida o‘ta sovuqqon harakat qiladi. Eng asosiysi, endi ularning har ikkisi yangi mavsumdan boshlab Manchester shahri klublarida harakat qilishadi. Kecha, ya’ni shanba kuni "MYU" 20 yoshli Xyoylunni 72 million funtga sotib olishi tasdiqlangandi. Xo‘sh, daniyalik futbolchi "qizil iblislar" hujumi va APLga nima taklif qila oladi? U Erling Xoland bilan raqobatchiga aylana oladimi?
Rasmus Xyoylunn "Boldklubben af 1893" klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U orada "Brondbyu"da ham harakat qildi. Professional faoliyatiga esa 2020 yilda, 17 yoshdan boshlab "Kopengagen" klubida start berdi. O‘sayotgan futbolchi, Daniya Superligasida o‘zini ko‘rsata olmadi. U 2022 yilning yanvariga qadar 19 o‘yinda birorta gol ura olmaydi va Avstriyaga yo‘l oladi. U yerda Xyoylunnga "Shturm Gras" klubi ega chiqadi. Ushbu ko‘chish hujumchi faoliyatidagi yuksalishni boshlab bergandi. 2021/22 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida Xyoylunn 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta golga mualliflik qilgandi. Yosh futbolchi katta klublar nazariga o‘zining chap oyoq zarbasi va maydonni yaxshi ko‘rishi bilan tushadi. U maydondagi bo‘shliqlarni yaxshi topar, shu sababli hujumni yakunlash bobida o‘ta aniq harakat qilardi. Xyoylunn mana shunday o‘yinlari bilan Italiyaning janubiga, "Atalanta"ga yo‘l oldi. Uning xaridi bergamoliklarga 15 million funtga tushdi. Bu esa, ӯz navbatida "Shturm Gras"ning futbolchi sotuvidan 10 karra ko‘p foyda ko‘rishini ta’minladi. Bu raqamlar hozir arzimagan pulga aylanib qoldi...
O‘tgan mavsum davomida Xyoylunn jami 47 ta o‘yinda maydonga tushib, klub va terma jamoasi uchun jami 20 ta golga mualliflik qildi. Mart oyida 20 yoshli qahramonimiz Daniya bilan saralash bahslarining ikkitasida 5 ta gol urishga erishdi. Ular ichida Finlandiyaga qarshi xet-trik ham bor edi. Mana shunday yurishlar bilan Xyoylunn tez orada "Manchester Yunayted"ga yo‘l oladi. Bu ko‘chish esa hujumchining Erling Xolandga qiyoslanishiga sababchi bo‘ldi. Qiyoslash bekorga emas. Haqiqatdan ham uni Skandinaviya tomonlarda "yangi Xoland" deb atashadi. Biroq, bu juftlikning statistikasiga e’tibor bersak, Xyoylunn a Xolandning darajasida katta farq borligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, Xoland o‘tgan mavsumda 35 ta liga bahsida 36 ta gol urishga erishdi. Bu esa har 77 daqiqada bitta gol deganidir. Bu borada Xyoylunning ko‘rsatkichi 204 daqiqa/golga teng.
Xyoylunn endigina ikkita katta mavsumni boshidan o‘tkazdi va ikkinchisida Yevropa yulduziga aylandi. Masalan, Xoland o‘zining ikkinchi mavsumini "Molde"da o‘tkazib, 25 ta o‘yinda 12 ta golga mualliflik qilgandi. Shunday ekan, Xyoylunn endi yetishib kelayotgan futbolchi sifatida "MYU" tarkibi uchun yaxshi qo‘shimcha bo‘la oladi. Daniyalik futbolchi yuqori tezlikka ega. U tez orada "MYU"dagi sheriklari, Markus Reshford, Garnacho va Jeydon Sancholarga qo‘shilishini hisobga olsak, mankunianliklar APLdagi eng tezkor hujum chizig‘iga ega bo‘lishini taxmin qilish mumkin.
Xyoylunning Xolanddan ustun tomoni, uning driblingidadir. To‘p bilan muomala qilish borasida ustasi farang bo‘lgan hujumchi, o‘tgan mavsumda har o‘yinda, Xolanddan, o‘rtacha 10 marta ko‘p to‘pga teginishni amalga oshirgan. Umumiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, Xyoylunnda texnik jihatdan vinger sifatlari bor, ammo jismoniy holati markaziy hujumchiniki. Agarda Erik ten Xag kelayotgan futbolchidan to‘g‘ri foydalan olsa, yaqin kelajakda Xoland va Mbappe darajasidagi yangi yulduzni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
ISMATOV J.