Ronaldu Yevropa futbolida abadiy o‘chmas iz qoldira olgan futbolchi sanaladi. Ammo u 2003 yilda "Manchester Yunayted"ga o‘tmaganida, hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. O‘shanda yosh Ronalduga da’vogarlar ko‘p edi. Ammo yakunda 12 million funt evaziga "MYU" uni xarid qiladi. Quyida portugaliyalik afsona uchun yana kimlar kurashganini bilib olasiz.
"Yuventus"
Ronaldu 2018 yilda baribir Turin klubiga yo‘l oladi. Biroq, bu voqea 15 yil oldin ro‘y berishi ham mumkin edi. Bu haqida italiyalik futbol agenti Alessandro Moggi shunday deydi: "2003 yilda Mendesh o‘z mijozi uchun xaridor izlaydi. O‘shanda Ronaldu 18 yosh bola edi. U "Sporting"dan Italiyaga kelishi mumkin edi. Avvaliga Ronalduga "Parma" va "Lasio"ga o‘tishni taklif etgandik. Ammo u rad etdi. Mendesh "Yuventus" tanlovini qilgach, Ronaldu ham rozi bo‘ladi. Men ishni bitirish uchun Lissabonga uchdim. Tushgacha yetib bordik. Ammo kunning ikkinchi yarmida Ronaldu "MYU" futbolchisiga aylangan ekan".
"Liverpul"
Agarda "Liverpul" Ronalduni "MYU"dan oldin sotib olganida, ingliz futboli boshqacharoq o‘zgarishlarga yuz tutgan bo‘lardi. O‘sha davrda Ronalduni sotib olishga harakat qilgan "Liverpul" mutaxassisi Fil Tompson shunday deydi: "Hammasini yaxshi eslayman. Biz kelishuvga erishgandik. 4 million funtlik bitim har yili 1 milliondan to‘lanishi kerak edi. Ronaldu agenti bizdan yiliga 1 million funtlik maosh so‘ravan va biz bunga rozi bo‘lganmiz. Ammo hammasi juda tez o‘zgardi. Stiven Jerrard bilan tamaddi qilib o‘tirganimizda "Sky Sports" kanalida Ronalduning 12.2 million evaziga "MYU"ga o‘tganini ko‘rib hayron bo‘lib qolgan edik. Shunda Jerrard o‘rnidan sakrab turib, "u bunga qanday haddi sig‘di?" deb baqira ketgandi".
"Arsenal"
Arsen Venger o‘z murabbiylik faoliyatida qilgan eng katta xatolaridan biri sifatida 2003 yilda Ronalduni sotib olmaganini aytadi. O‘sha paytlar "Arsenal" va "MYU" APLning eng kuchli jamoalari edi. Venger shunday degan: "Biz buni qo‘limizdan kelishiga ishonardik. Negaki, biz Ronalduga harakatni "MYU"dan ancha oldin boshlaganmiz. Ular bizdan 5-6 kun keyin keladi. Bizda Anri bor edi. Agarda Ronalduni ham olganimizda ular ajoyib juftlik bo‘lgan bo‘lardi. Afsuski, unday bo‘lmadi. Kelishuvga juda-juda yaqin edik".
"Everton"
Yosh Ueyn Runi va Krishtianu Ronalduni "Gudison Park"dagi tandemini ko‘rish ajoyib ish bo‘lgan bo‘lardi. Manbalarga ko‘ra, 2002 yilda Ronaldu "Everton"ga 2 million fujt evaziga taklif etiladi. Ammo Liverpul klubi bu ishni amalga oshirmaydi. Uning o‘rniga, "Everton" 35 yoshli David Jinolani sotib oladi va xato qiladi.
"Barselona"
Ronalduning bunday yo‘nalish olishi epik bo‘lardi. Joan Laporta "Sporting" bilan uni "Barsa"ga keltirish borasida muzokaralar olib borgan. U shunday deydi: "Biz Ronaldinyo, Rafael Markes va Rikardu Kuarejmani sotib olgandik. Tarkibni yangilayotgandik. Shu sababli "Sporting" bilan Ronaldu borasida bog‘landik. Ammo futbolchining agenti bizga Dekoni taklif etadi. Biz esa har ikki futbolchi uchun so‘ralayotgan pulni to‘lay olmasligimizni bildirdik. Negaki, ular katta summa talab qildi".
ISMATOV J.