Jordan Xendersonning «Liverpul»dan Saudiya Arabistoni Pro-ligasining «Al Ittifoq» klubiga o‘tishi yozning eng bahsli voqealaridan biri bo‘ldi.
Premyer-liga va Chempionlar ligasi g‘olibi o‘z qarorining sababini tushuntirdi va unga bildirilgan tanqidlarga javob berdi. U shuningdek, «Liverpul»dan ketishini ham muhokama qildi.
Uning intervyusini e’tiboringizga havola etamiz.
Jurnalist: Sizning butun mavsumoldi mashg‘ulotingiz Premyer-ligada «Liverpul»ga qaytishga qaratilgandek tuyulgandi...
Xenderson: Aynan shunday edi. O‘tgan mavsum oxirida men murabbiy bilan kelgusi mavsum, biz olib kelmoqchi bo‘lgan futbolchilar va uning rejalari haqida suhbatlashgandik. Men yozda ketdim va «Liverpul»ga qaytganimda eng yaxshi formada ekanligimga ishonch hosil qilish uchun qizg‘in mashg‘ulotlarni o‘tkazdim.
Jurnalist: Siz «Liverpul» sardori, Premyer-liga va Chempionlar ligasi bosh sovrinlarini yutgan odam edingiz. Biroq nega Saudiya Arabistoni Pro-ligasiga murojaat qildingiz? Yurgen siz uning rejalarining bir qismi emasligingizni aytdimi?
Xenderson: Xavotirga sabab bo‘lgan bir nechta narsalar bor edi. Yurgen bilan juda yaxshi munosabatdaman. U men bilan juda samimiy gaplashardi. Suhbatning tafsilotlariga to‘xtalmoqchi emasman, chunki u shaxsiy, lekin menejer meni shunday holatga keltirdiki, men unchalik ko‘p o‘ynamasligimni bilardim. Mening pozisiyamga yangi futbolchilar kelishini bilardim.
Agar men o‘ynamasam, buni hamma biladi, ayniqsa murabbiy, bu men uchun juda qiyin bo‘lishi mumkin, ayniqsa klubda uzoq vaqt ishlaganimda bu juda ham ayanchli. Men shuncha vaqtdan beri jamoa sardori bo‘lganman. Ayniqsa, Angliya terma jamoasi men uchun juda muhim. Yaqinda Yevropa chempionati boshlanadi. Keyin esa «Al-Ittifoq» klub bilan bog‘landi va men ularga qo‘shilishim mumkinmi yoki yo‘qligini bilishdi Klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q demadi. O‘sha paytda men murabbiy va klub meni qoldirishlariga bo‘lgan xohish yo‘qligini his qildim. Men qachondir ketar chog‘im kelishini bilardim. Biroq buning hozir sodir bo‘lishini kutmagandim. Men bu taklifni qabul qilishim kerak edi.
Yurgen bilan, klub egalari bilan juda yaxshi munosabatdaman. Bu abadiy shunday bo‘ladi. O‘tgan 12 yil davomida birgalikda erishgan narsalarimiz aql bovar qilmas darajada. Ammo shu bilan birga, buni qabul qilish men uchun qiyin edi.
Jurnalist: Balki qolish uchun ozgina kurashish kerak edi?
Xenderson: Agar rahbariyatdan biri menga: «Sening qolishingni xohlaymiz» deganida, biz bu suhbatni o‘tkazmagan bo‘lardik. Shuning uchun men faoliyatimda keyingi voqealar haqida o‘ylashim kerak. Bu ular meni klubdan ketishga majbur qilishdi yoki ketishimni xohlashlarini aytishdi degani emas, lekin men klub yoki boshqa birovning qolishimni istashlarini ham his qilmadim.
Jurnalist: Nega Saudiyaning taklifini tanladingiz? Boshqa imkoniyatlaringiz bormidi? Chunki menimcha, ko‘pchilik muxlislarda «Liverpul» sardori bu harakati bilan nima qilmoqchi ekanini tushunmadi.
Xenderson: Men faoliyatimning so‘nggi bosqichidaman va futbol o‘ynab baxtli bo‘lishni xohlayman. Men ko‘proq o‘ynashni xohlayman. Zaxirada o‘tirib, 10 daqiqa uchun maydonga chiqishni istamayman. Bu mening Angliya terma jamoasida o‘ynash imkoniyatimga ta’sir qilishini bilardim.
Jurnalist: Siz klubda bo‘lganingizda «Liverpul» yarim himoyachilarni sotib olgan. Tyago Alkantara. Nabi Keyta. Biroq siz har doim kurashlarga javob berdingiz. Vaqti-vaqti bilan yangi o‘yinchilar kelganida Xendo muammoga duchor bo‘ladimi? deb o‘ylardim va keyin har safar siz yanada kuchliroq bo‘lib qaytardingiz. «Ular mening qolishimni istashmayapti, lekin men ularning noto‘g‘ri fikrda ekanligini isbotlab, jamoaga kuchli bo‘lib qaytaman» degan o‘y o‘tmadimi?
Henderson: 100%. to‘g‘ri. Bu yozgi mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi edi. Men juda ko‘p ishladim va odamlar men qaytib kelganimni ko‘rdilar. Ammo qaytib kelganimda, xuddi shu holat meni o‘ylashga majbur qildi: «Haqiqatan ham, bu safar nimadir qilishim muhimmi?»
Jurnalist: Boshqa variantlarni ko‘rib chiqdingizmi yoki rejada faqat «Al-Ittifoq» bormidi?
Xenderson: Menimcha, ko‘plab klublar mening ketishim mumkinligini bilishgan, chunki yozda bu haqda ko‘p gapirilgan edi. Shu yerda o‘tirib, dunyoning barcha klublari meni xohlashini aytishni istardim. Ammo haqiqat bunday emas edi. «Liverpul» mening bolalarim tug‘ilgan joy, men u yerda ko‘p yutuqlarga erishdim. Men klubni yaxshi ko‘raman, muxlislarni yaxshi ko‘raman va ularga qarshi o‘ynash g‘oyasi juda qiyin bo‘lardi. Shuning uchun APLda qolmadim.
Stivi (Jerrard) bilan butunlay boshqa ligada va butunlay boshqacha madaniyatda o‘ynash imkoniyati bor edi, oldimizga qo‘yilgan loyiha meni hayajonga solar edi.
Jurnalist: Ketishga asosiy sabab pulmidi? Chunki ko‘p odamlar sizning «Menga qiyinchiliklar, loyiha, Stivi kerak» deganingizni tushunmaydi, ular baribir «pul uchun ketgan» deya ta’ma qilishadi.
Xenderson: Aslida umuman bunday emas. Odamlar menga ishonishlari yoki ishonmasliklari mumkin, lekin mening hayotim va karyeramda pul hech qachon motivasiya bo‘lmagan. Hech qachon. Meni noto‘g‘ri tushunmang, siz qayergadir ko‘chib o‘tsangiz, ishning biznes tomoni foydali bo‘lishi kerak. Sizda moliyaviy rag‘bat bo‘lishi kerak, o‘zingizni qulay his qilishingiz kerak, o‘zingizni qadrlashlarini his qilishingiz kerak va pul buning bir qismidir. Ammo bu yagona sabab emas edi. Bu imkoniyatlar pul haqida aytilmasdan oldin paydo bo‘lgan.
Jurnalist: Saudiya ligasi infratuzilmasi rivojlana boshlagach, sizni nima hayratda qoldirdi va yana nimani yaxshilash mumkin?
Xenderson: Menimcha, infratuzilma, jihozlar nuqtai nazaridan yaxshilash uchun hali ko‘p ish qilish kerak, ammo umum ish davom etmoqda. Men turli xil mashg‘ulotlar maydonchalari, sport zallari... hamma narsani yuqori darajaga yetkazish mumkinligini ko‘raman. Ular hozir qanday ishlayotganini ko‘ryapman, bu yaxshi.
Jurnalist: Ishonchim komilki, siz va boshqa ko‘pchilik uchun Premyer-ligadan kelganingizda, avvaliga ob-havoga moslashish qiyin bo‘ladi. Ammo kelganingizdan xursandmisiz?
Xenderson: Men buni qabul qilishga harakat qilaman. Madaniyat, turmush, tungi mashg‘ulotlar, kech uxlash, kunduzi uyg‘onish... jihatidan hammasi butunlay boshqacha.
Jurnalist: Ular sizni taniydimi?
Xenderson: Ha, biroz! Ba’zan odamlar hatto suratga tushishni ham so‘ramaydilar; ular shunchaki: «Saudiya Arabistoniga xush kelibsiz. Umid qilamanki, bu yer sizga yoqadi» deyishadi. Men shunga o‘xshash ko‘plab tajribalarni boshdan kechirdim va bu men uchun juda ijobiy bo‘ldi.
Jurnalist: Agar so‘nggi bir necha oy ichida sodir bo‘lgan voqealarni inobatga olgan holda, «Enfild»ga qaytish imkoniyati bo‘lganda nima qilar edingiz?
«Liverpul» muxlislarini shaxsan ko‘rganimda, ular menga eng yaxshi tilaklarini aytishdi. 12 yilimni klubga bag‘ishladim. Men ularga hamma narsani berdim. Agar orqaga qaytishim mumkin bo‘lsa, hammasini yana boshdan qilgan bo‘lardim. Menimcha, ular buni bilishadi, qadrlashadi. Imkoniyatim bo‘lsa yoki xayrlashish uchun qaytarib olib ketishsa, tashvishlanmasdim. Muxlislar bilan to‘g‘ri xayrlasha olmaganim meni biroz ranjitdi.
Jurnalist: Terma jamoadagi mavqeingizni bilish uchun Garet Sautgeyt bilan gaplashdingizmi?
Xenderson: Men menejer bilan gaplashdim va u juda yaxshi fikrda edi. Biz u qadar ko‘p gaplashmadik, chunki men uni Angliya terma jamoasidan o‘rin olishimga ko‘ndira olmasligimni bilardim. U buni qila olmaydi. Oxir-oqibat, men o‘zimni sog‘lom turmush tarziga qaytarishga urindim.