"Manchester Yunayted" Jeydon Sancho va Antoni bilan bog‘liq vaziyat tufayli qishki transferlar oynasida yangi hujumchi sotib olishga majbur bo‘lishi mumkin. Agarda vaziyat ijobiy tomonga hal qilinmasa, u holda rahbariyat yangi futbolchi xarid qiladi. Buni Fabrisio Romano ham tasdiqladi. Mutaxassislar fikricha, har qanday holatda ham "MYU" o‘ng qanotga yangi nom olib kelishi kerak. Negaki, Sancho va Antoni o‘zidan kutilgan natijani bermadi. Quyida bu borada bir nechta variant taqdim etiladi.
Xvicha Kvarasxeliya
O‘tgan mavsumda Xvicha Italiyada ajoyib mavsum o‘tkazib, "Napoli"ni chempion qilishda munosib ishtirok etgandi. Gruziya terma jamoasi a’zosi kelajakda hozirgidan ham yaxshi darajaga chiqishi mumkin. 23 yoshli vinger allaqachon "MYU" nazariga tushgani aytilmoqda. "Napoli" esa uni saqlab qolishga harakat qiladi. Kvarasxeliya 100 milliondan kam baholanmasa kerak.
Federiko Kyeza
Italiyada porlayotgan yana bir talantli futbolchi bu Kyezadir. Italiya terma jamoasi a’zosi Sancho va Antonidan boshqacharoq profildagi futbolchi. Qolaversa, "Yuventus" ham yaxshi taklif uchun uni sotishga qarshi bo‘lmaydi. Kyezani "Liverpul" ham nishonga olgan. Shu sababli bu borada "MYU"dan tezroq harakat qilish talab etiladi.
Jarrod Bouen
Hozirda APLdagi eng yaxshi qanot futbolchilaridan biri bo‘lib turgan Bouenga talabgorlar ko‘p bo‘ladi. "MYU" kabi gigant klubga o‘tish borasida futbolchining o‘zida ham rejalar borligi aniq. Angliya terma jamoasi a’zosi "Vest Xem"da qanotlar va yarim himoyada harakat qiladi. Shu sababli uning kelishi ten Xagdagi tanlov imkoniyatlarini oshirgan bo‘lardi.
Pedru Netu
"Vulverxempton" tarkibidagi eng yorqin yulduz bu Netudir. Agarda u hozirgi formasini saqlab tursa, katta klublar nazariga tushishi aniq. Fabrisio Romanoning fikriga ko‘ra, Portugaliya terma jamoasi a’zosiga "Arsenal" qiziqish bilan qaramoqda. Shunday ekan, "MYU" uni sotib olish uchun qattiqroq harakatda bo‘lishi shart.
ISMATOV J.