Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Vunderkindlar: Debyutdagi mo‘’jiza

Vunderkindlar: Debyutdagi mo‘’jiza

Baho:
+ | -

Uchrashuvda xavfli vaziyatlar juda ko‘p bo‘ldi, lekin ulardan samarali foydalanishning iloji bo‘lmadi. Darvozabonlar Mark-Andre ter Shtegen va Unai Simonlar o‘ta ishonchli to‘p surishdi. Vaqt esa o‘tib borardi. 79-daqiqada Xavi yosh yarim himoyachi Fermin Lopes o‘rniga yanada navqironroq hujumchi Mark Giuni maydonga tushirdi.

Zaxiradan tushgan yigitcha Joau Felishdan oq fotiha oldi, keyin uning uzatmasini qabul qilish maqsadida raqib himoyachilari ortidagi bo‘shliqqa chopa ketdi. Dastlabki teginishda Mark to‘pni ilib oldi, ikkinchi teginishda darvozaga yo‘lladi - to‘p Unai Simonning qo‘llari ostidan o‘tib ketdi va darvoza to‘ridan joy oldi. Bularning barchasi qandaydir 30-35 soniya ichida yuz berdi. Va yigitcha bayram qilish, orzusidagi debyutni nishonlash uchun yugurib ketdi.

«Barsa»da hech kim bunchalik yorqin debyutni namoyish etmagan, Xavining sezgirligiga gap yo‘q!

Bu «Barselona» o‘yinchilari o‘rtasidagi eng zo‘r debyut bo‘ldi. Mark 17 yoshdan 291 kun o‘tganda maydonga tushishi bilan gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Ha, golni amalga oshirish uchun atigi 35 soniya yetarli bo‘ldi. Kataloniya grandining hech qaysi debyutanti bunday tezkorlikni namoyish eta olmagan. Taajjubki, bu ajoyib natija La Liga rekordi emas - Xorxe Galan «Osasuna»dagi debyutini 29-soniyadagi goli bilan nishonlagandi. Bu golning pinhoniy qahramoni esa shubhasiz, Xavi.

Ha, Giu «zayavka»dan joy olgan - jarohatlar epidemiyasi tufayli. Lekin «Barsa» ustozi tarbiyalanuvchilarga ishonadi. Uning davrida klub tizimidagi 14 nafar yosh iqtidorlar asosiy tarkibda debyutlarini o‘tkazdilar. «Barselona»dagi dastlabki uchrashuvida Xavi 17 yoshli Ilyos Axomashni maydonga tushirgandi. O‘shanda Ilyos Giudan ham kichikroq edi. Shuningdek, Lamin Yamal, Ferran Jujla, Alvaro Sans, Estanis Pedrola, Mika Marmol, Pablo Torre, Chadi Riyod, Anxel Alarkon, Aleish Garrido, Fermin Lopes, Mark Kasedo va endi Mark Giu ham uning izni bilan maydonga tushdilar. Yamal va Fermin saviya jihatidan rotasiya o‘yinchisi maqomiga yaqinroqlar.

«Zaxira o‘rindig‘ida Mark Giuning yuzida xavotir alomati yo‘q edi. U go‘yo «ustoz, meni maydonga tushiring» deyayotgandek ko‘rindi. Uning tayyor ekanligiga amin bo‘lgach, ruxsat berdim. Tabiiyki, u gol urishni biladi. Hammasi o‘ta ajoyib bo‘lganidan mamnunman. O‘z shogirdim, tarbiyalanuvchim g‘alabani hadya etdi. ularga ishonch bildirishda hech qanday muammo yo‘q. Aksincha, tarbiyalanuvchilarga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Ular orasida iqtidorlar juda ko‘p. Faqat menga ham 17-18 yoshli paytimda bildirilganidek ishonch bo‘lsa, kifoya. Tayyor futbolchini ko‘rsam, darhol imkon beraman», - deydi murabbiy.

«Ustozim debyutga shay turishimni, menga imkoniyat berishini ma’lum qildi. Men buni har oqshom orzu qilardim. Hozirgidek og‘ir klub yosh o‘yinchilarga ishonch bildirishi juda muhim. Biz barchamiz «La Masiya»da tinimsiz ishlaymiz, klubning moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga qo‘limizdan kelganicha yordam berishga urinamiz: men, Fermin, Gavi, Lamin... hozir nafas olishga qiynalyapman, ishongim kelmaydi. Shu lahzalarga yetishishni orzu qilgandim - orzuga yetishdim. Bugun uxlay olmasam kerak», - dedi Giu o‘z navbatida.

Umuman, Giu o‘zi kim? Kuchli pressingga ega bo‘lgan sof «to‘qqizlik»

Ha, «Barselona»da debyutantlar yetarli. Lekin sof hujumchi anchadan beri bo‘lmagandi. Mark Giu - bahaybat «to‘qqizlik». 17 yoshli yigitchaning bo‘yi 187 sm. boz ustiga, ulg‘ayishi davom etmoqda. «La Masiya» tarbiyalanuvchisi joriy mavsumda 19 yoshgacha bo‘lgan «Xuvenil A» jamoasida hammani lol qoldirdi. Ya’ni, ikkinchi jamoadan asosiy tarkibga sakrab o‘tdi. Faoliyati Lamin Yamalnikiga o‘xshash: ular klub tizimining barcha bosqichlarini yonma-yon bosib o‘tishgan. Mark «Xuvenil A» tarkibidagi 7 uchrashuvda 6ta gol urgan.

Hujumchining akademiyadagi sobiq ustozi Ivan Karrasko Ispaniyaning «Sport» nashriga shogirdini klassik «to‘qqizlik» sifatida ta’riflagandi: «U jismoniy quvvati bilan ajralib turadi. Kuchli jihati - havodagi o‘yin. Mark o‘ta tezkor, bo‘shliqda uni to‘xtatishning iloji yo‘q. Mark qanotlarga o‘tib, kombinasion o‘yin ko‘rsatadiganlar toifasidan emas. U o‘zining kuchli va zaif jihatlarini yaxshi biladi, kuchli pressing sohibi. Bunday hujumchilarni himoyachilar yoqtirmaydilar».

Buning isboti: bir hafta avval Giu «Xuvenil A» tarkibidagi o‘yinda raqib darvozaboniga shunaqa pressing ko‘rsatdiki, u to‘pni to‘ppa-to‘g‘ri hujumchi tomonga tepib yubordi. To‘p darvozadan joy oldi, Giuning jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Endi «Barsa» o‘rinbosarlar jamoasi murabbiyi Rafael Markesning e’tirofi bilan tanishing: «U juda baquvvat o‘yinchi, o‘ta izzattalab yigit. Mark - jarima maydonchasi jangchisi».

Darvoqe, Giu avval ham «Barsa»ning asosiy tarkibida Andres Inyestaning «Vissel Kobe» klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgandi. Hozir Robert Levandovskining jarohat olgani unga yo‘l ochdi. Avvaliga u «Granada»ga qarshi o‘yinda «zayavka»ga kiritildi, keyin tezkor goli bilan debyutini nishonladi. Endi u polshalik to‘purar safga qaytgunga qadar tarkibda qolsa kerak. Robertning sog‘ayishi va ayniqsa, qimmatbaho xarid - Vitor Rokening yanvarda kelishi Markning faoliyatiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Lekin qahramonimiz ishsiz qolmasligi aniq: 17 yoshgacha bo‘lgan Ispaniya terma jamoa­si tarkibida u 10 noyabrda start oladigan jahon chempio­natining saralash bosqichidagi 8ta o‘yinda 7ta gol urgandi. Endi hujumchi Indoneziyadagi o‘smirlar mundialida maydonga tushadi. Tabiiyki, u yerda muxlislar Mark­dan yanada sermahsul va yorqin o‘yin kutadilar.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:18, 08.11.2023.
O'qildi: 1390 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.