Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/11 18:00 Paxtakor 0-2 OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor
23/11 01:00 Xetafe - Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa - Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol

Uyga qaytgan afsonalar

Uyga qaytgan afsonalar

Baho:
+ | -

Futbol tarixida mashhur futbolchilarning eski klubiga qaytishi ko‘p uchrab turadi.

Bu normal hodisa. Ammo, ayrim shunday voqealar muxlislar tomonidan boshqacha qabul qilingan. Nima bo‘lgan taqdirda ham klub faxrining jamoaga qaytishi yaxshi narsa. Ular orasida yaqin yillarda yuz bergan Ronaldu va Anri voqeasi ham bor. Quyida shu va boshqa keyslarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Krishtianu Ronaldu - «MYU»

18 yoshli o‘spirin sifatida olib kelingan Ronaldu, «Manchester Yunayted»da haqiqiy to‘purarga aylanib, «Oltin to‘p»ga ega chiqqandi. Portugaliyalik «qizil iblislar» safidan 2009 yilda ketgan. Unga qadar Ronaldu 84ta APL goliga ega edi. «Real» uni 80 million funtga xarid qiladi. Madridda qahramonimiz yana 4ta «Oltin to‘p» yutib, jami 450ta gol urishga erishdi. Uch yil «Yuventus»da o‘ynagach, 2021 yilda Ronaldu sotuvga qo‘yiladi. «Manchester Siti» uni xarid qilishga chog‘lanadi. Ammo so‘nggi soniyalarda «MYU» Ronalduni yana o‘ziniki qildi. Afsuski, ikkinchi davr oson kechmadi. 2022 yilning noyabrida, o‘sha mashhur intervyudan keyin, Ronaldu sevimli klubidan quvildi.

Tyerri Anri - «Arsenal»

Anri chap qanot futbolchisi edi. Ammo «Arsenal»dagi dastlabki 8 yil, uni yuqori darajadagi hujumchiga aylantirdi. Fransuz 2007 yilda «Barselona»ga ketguniga qadar, «to‘pchilar» safida 226ta gol urishga erishgandi. Tyerri Anri 3 yil «Barselona»da bo‘ldi. Bu vaqt orasida u 80ta o‘yinda 35ta gol urdi. Keyin esa «Nyu-York RB» klubiga ketdi. 2012 yilda ijara asosida yana «Arsenal»ga qaytib keladi. U «Arsenal» safidagi eng so‘nggi bahsini gol bilan yakunlagandi.

Didye Drogba - «Chelsi»

Drogba 2004 yilda 24 million funt evaziga sotib olinadi. Oradan 8 yil o‘tib, ketar chog‘da hujumchi YECHL finalida «Bavariya»ga qarshi muhim golni urgandi. Shundan keyin Drogbani biz «Galatasaroy» safida ko‘rdik. Shuningdek, ivuarlik futbolchi bir muddat Xitoy chempionatida ham harakat qildi. Drogba 2014|15 yilgi mavsumda «Chelsi»ga qaytadi. Mavsum so‘nggida esa jamoadan butunlay ketadi. Ikki davr davomida u londonliklar uchun jami 164ta gol urishga erishadi.

Zlatan Ibragimovich - «Milan»

Zlatan butun umri davomida jami 9ta klub sharafini himoya qildi. Ammo ko‘pchilik uni «Milan»dagi davri bilan yaxshiroq eslaydi. Shvesiyalik hujumchi 2010 yilda «Barselona»dan ijaraga olinadi. Keyingi mavsumdan esa butunlay xarid qilinadi. 2011 yilda «Milan»ni chempion qilishda Ibragimovich o‘zining 28ta goli bilan yordam bergan. Mavsum oxirida hujumchi «PSJ»ga yo‘l oladi. Ko‘plab klublarda harakat qilgan qahramonimiz, 2020 yilda, 38 yoshida yana «Milan»­ga qaytdi. Uning harakatlari bilan 2022 yilda rossonerilar yana bir bor Italiyada tengsiz deb topilishdi. Ibragimovich shu yili futbol bilan xayrlashdi.

Serxio Ramos - «Sevilya»

Ramos «Sevilya» tarbiyalanuvchisi sanaladi. U 2004 yilda, 18 yoshida kattalar jamoasida debyut qilgan. Himoyachi o‘spirin davrida 49 marta maydonga tushib, «Sevilya»ni La Liga yetakchilari qatorida bo‘lishiga yordam bergandi. Ramosning o‘yinlari «Real» e’tiboriga tushadi. U poytaxt jamoasiga o‘tib, u yerda 671ta o‘yinda ishtirok etgan va 16 yil davomida jami 22ta sov­ringa erishadi. Ular ichida 4ta YECHL kubogi ham bor. Fransiyadagi 2 mavsumdan keyin, Ramos yana «Sevilya»ga qaytdi. 37 yoshli futbolchi andalusiyaliklar bilan 1 yillik shartnomaga imzo chekkan.

Jo Koul - «Vest Xem»

«Vest Xem» yoshlar tizimidan o‘tgan Jo Koul ham, Ramos singari faoliyatini boshlagan klubiga qaytadi. Asosiy jamoadagi 5 yillik faoliyatidan so‘ng, u 2003 yilda - «taqachilar» APLdan tushib ketganidan keyin «Chelsi»ga sotilgan. Yarim himoyachi 2010-2013 yillar mobaynida «Liverpul» va «Lill»ga o‘tishdan oldin «Stemford Brij»­da 3ta chempionlikni qo‘lga kiritdi. Biroq, «Enfild»ni tark etish vaqti kelganida, u Sharqiy Londonga qaytishga qaror qildi va 2012G‘13 yilgi mavsum o‘rtalarida «Vest Xem» bilan shartnoma imzoladi. Keyingi 18 oy ichida Koul chempionatning 31 o‘yinida 5ta gol urdi, «Vest Xem» esa APLda o‘z o‘rnini tikladi. U 2014 yilda «Aston Villa»ga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa-da, «Vest Xem» muxlislari Koulni hali ham yuqori baholaydilar.

Robbi Fauler - «Liverpul»

Mahalliy yigitlar har doim o‘z klublari muxlislari uchun g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadilar, Robbi Faulerning «Liverpul»da sahnaga chiqishi ham bundan mustasno emas edi. 1993 yilda debyut qilgan forvard Premyer-liganing eng samarali to‘purarlaridan biriga aylandi. 1994|95 yilgi mavsumda «Arsenal» ustidan 3:0 hisobidagi g‘alabada, Fauler liga tarixidagi eng tezkor xet-trikni amalga oshirgandi. Keyinchalik bu rekord 2015 yilgacha saqlanib turdi. Biroq, asosiy jamoadagi 8 yillik faoliyatidan keyin u 2001 yili «Enfild»ni tark etdi va 12 million funt evaziga «Lids»ga ko‘chib o‘tdi. Biroq, 5 yil o‘tgach, orada «Manchester Siti»dagi qisqa davrdan keyin Liverpulga qaytadi. «Qizillar» muxlislarining ehtiromi avvalgidek kuchli edi: Fauler «Liverpul»ning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Kenni Dalglishni ortda qoldirdi. U klubni butunlay tark etganida, 369 o‘yinda 183ta gol urgandi.

Pol Skoulz - «MYU»

Pol Skoulz o‘sha - mashhur «Yunayted»-92 klubi o‘yinchisi bo‘lib, Angliya yoshlar Kubogini qo‘lga kiritgan, so‘ngra «Old Trafford»da asosiy jamoada muvaffaqiyat qozongandi. 2011 yilda - butsalarini mixga ilganini e’lon qilganida, yarim himoyachi 17 yil ichida 24ta sovringa ega edi. Biroq, tez orada uning «Yunayted» yarim himoyasida yo‘qligi katta muammo ekanligi aniq bo‘ldi va muxlislar Skoulzni qarorini bekor qilishga va futbolga qaytishga undashdi. Ularning xohishi 2012 yilning yanvarida amalga oshadi. Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi yana bir yarim mavsum o‘ynashni davom ettiradi va 2013 yilda «MYU»ga 20-chempionlik unvonini qo‘lga kiritishda katta yordam beradi va faoliyatini abadiy yakunlaydi. Skoulz afsonaviy murabbiy ser Aleks Fergyuson bilan birga ketdi, u karyerasidagi yagona klub - «qizil iblislar» uchun jami 716 o‘yin o‘tkazdi.

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 09.11.2023.
O'qildi: 2307 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.