Ayni damda "Real" La-liga yetakchisi emas. Ammo klub allaqachon o‘z muxlislarining ishonchini oshirib bo‘ldi. Hozir ko‘pchilik Bellingem bilan bu jamoa ko‘p narsalarga qodir deb hisoblamoqda. Mavsum avvalida Benzemaning ketishi, Anchelottining kelajagi noma’lumligi va Mbappe masalasining hal etilmagani, ko‘plab savollar keltirib chiqarayotgandi. Hozir esa, go‘yoki hammasi joyida. Aslida esa "Real" ichida ham muammolar bisyor. Quyida "Real"ning noyabr tanaffuslarida hal qilishi kerak bo‘lgan masalalarga e’tiboringizni qaratamiz.
Tibbiy jamoa bilan bo‘layotgan kelishmovchiliklarga barham berish
Afsuski, jarohatlar futbolning bir qismi sanaladi. Ba’zida hammasi joyida bo‘lsa, ba’zida arzimagan o‘n daqiqa ichida ikkita muhim futbolchingiz safdan chiqishi mumkin. Bunday muammoni tezroq yechish uchun yaxshi, tajribali va katta tibbiyot xodimlari kerak. Yaqinda "Real" shifokorlar rahbarini ishdan oldi. Bu esa sahna ortida nimalardir bo‘layotganidan darak beradi. Buni Arda Gyulerning qaytishi kechikayotganida ham ko‘rish mumkin. Yosh turkiyalik futbolchi tizzasidan jarohat olgan. Ammo haligacha jarrohlik amaliyotini o‘tkazmadi. O‘zi unga jarrohlik kerami yoki yo‘q, bu ham ma’lum emas. Shunday bir vaziyatda rahbariyat professionallarga muhtoj bo‘lib turibdi.
Bellingemni safga qaytarish kerak
Bellingemning Madriddagi hayoti ajoyib boshlandi. Uning nomi so‘nggi oylarda nashrlar muqovasidan tushmay qolgandi. Ammo jarohat hammasini pachavasini chiqardi. 20 yoshli yarim himoyachi tizzasidan jarohat olgan. Uni qaytarish esa yana tibbiy guruh zimmasida. 13 ta o‘yinda 14 ta gol urgan futbolchining jamoadagi o‘rni muhim bo‘ladi, albatta. "Real"ning titul yutishi butunlay Bellingemga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu sababli unga yaxshi parvarish zarur.
Hujumchilarning gol urish mahoratini oshirish
Bellingemning gollari Benzemadan qolgan katta bo‘shliqni yopishda "Real"ga yordam berdi. Ammo ayni damda u jarohat oldi. Endi hujumchilar o‘zlarini ko‘rsatishi kerak. Rodrigo va Vinisiuslardan noqulay pozisiyalarda o‘ynashni so‘ragan Anchelotti uchun haqiqiy sinov davri boshlanadi. Mavsumning hozirgi qismiga qadar har ikki braziliyalik vingerlarning raqib darvozasi oldidagi harakatlari yetarli bo‘lmadi. Masalan, Vini hozirga qadar 4 ta gol urgan bo‘lsa, Rodrigo 5 yarimta gol "yasash" kerak bo‘lgan imkoniyatlardan 3 tagina gol chiqardi xolos. Shunday ekan, Bellingem yo‘qligini bildirmaslik uchun hujumchilardan unumdor harakatlar talab etiladi.
Pikega "ko‘rsatib qo‘yish"
Sobiq futbolchi va "Barsa" afsonasi Pike yaqindagina "Real"ni yerga uruvchi fikr bildirdi. U shunday deydi: "Har safar "Real" YECHLni yutganida, bu odatiydek ko‘riladi. Oxirgi, 2022 yildagi g‘alaba shunchaki mo‘jiza edi. Negaki, har bir bosqichda "Real" o‘z raqiblaridan kuchsiz bo‘lgan. Shu sabab ularning g‘alabasi eslanmaydi. "Barselona" zafarlari esa YECHL tarixida abadiy eslanadi".
Aynan mana shu nazariyani chippakka chiqarish uchun bu mavsumda "Real" qattiqroq harakat qilib, YECHLni butunlay dominantlik asosida yutishga urinib ko‘rishi kerak bo‘ladi.
ISMATOV J.