Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yulduzning tug‘ilishi: Xolandning tarjimai holi

Yulduzning tug‘ilishi: Xolandning tarjimai holi

Baho:
+ | -

Zamonaviy futbolning yorqin yulduzlariga bag‘ishlangan navbatdagi hikoyamiz Erling Xoland haqida.

Bo‘lajak futbol yulduzi 2000 yilning 21 iyulida Buyuk Britaniyaning Lids shahrida tavallud topdi. Uning otasi Alf-Inge Xoland shaharga nomdosh jamoada to‘p surgan, Erling tug‘ilganidan keyin «Manchester Siti»dan taklif olgan va oilasi bilan Manchesterga ko‘chib o‘tgandi. 3 yildan keyin Alf-Inge professional faoliyatini yakunlab, yaqinlari bilan o‘z vatani - Norvegiyaga qaytdi.

Kichik Xoland futboldagi ilk qadamlarini jajjigina Bryune shaharchasida tashladi. Otasi va yollanma mutaxassislar ko‘magida futbol sirlarini o‘rgangan bolakay 2-divizion vakili bo‘lmish «Bryune» jamoasida ilk marta maydonga tushdi. 2015-2017 yillar oralig‘idagi faoliyatdan so‘ng, Erling Yevropani zabt etishga kirishdi: 2017 yil fevralida «Molde» uni 100 ming yevro evaziga xarid qildi, 2019 yil yanvarida «RB Zalsburg» 8 mln.dan voz kechdi, uning Dortmundga tashrifi esa bahsini 20 «limon»ga ko‘tarib yubordi.

Nihoyat, o‘tgan yilning yozida ko‘plab grandlardan chorlov olgan Xolandlar «Manchester Siti»ning taklifini qabul qilib, ota va o‘g‘ilning orzularini ro‘yobga chiqarishdi. Angliyadagi deb­yut mavsumini Erling trebl bilan yakunladi - Angliya chempioni, Kubok sohibi va YECHL g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, hujumchi 35 uchrashuvda 36ta gol urish bilan APL rekordini yangiladi va YECHLning eng yaxshi to‘purari (11ta o‘yinda 12ta gol) unvoniga sazovor bo‘ldi.

Sportchilar oilasi

Kichik Xoland sportchilar oilasida dunyoga keldi. Otasi Alf-Inge futbolchi sifatida APLning «Lids», «Nottingem Forest» va «Manchester Siti» klublari sharafini himoya qilgan, onasi Gryu Marita Breut esa professional yengil atletikachi bo‘lib, ko‘pkurash bo‘yicha mamlakat terma jamoasi a’zosi edi. Oilada futbolchining opasi Gabriel va ukasi Astar ham bor. Gabriel harbiy xizmatni o‘tagach, tibbiyot sohasida ishlamoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol - 100 mingdan ortiq obunachilarga ega.

Xolandning shaxsiy hayoti

Yaqingacha Erling ko‘p sonli ishqiy romanlarda biror marta bo‘lsada, ko‘zga chalinmagandi. Bu borada hujumchi krovatida bo‘sh joy yo‘qligini aytib hazillashgandi: «Men har bir xet-trikdan keyin 5ta to‘p bilan uxlayman. Ular yonimda bo‘lganida, yaxshi hordiq chiqaraman».

Futbolchining norvegiyalik Izabel Xaugseng Yoxansen bilan uchrashib turishi 2022 yilda ma’lum bo‘ldi. Muxlislar juftlikni Ispaniyadagi dam olish davrida payqadilar. «Aftidan, munosabatlari ancha jiddiydek ko‘rindi. Erling bilan ko‘rishish maqsadida Izabel Germaniya va Angliyaga borib kelgandi. Endi u Erling bilan Marbelyeda yuribdi. Bryuneda Izabel go‘zalligi bilan tanilgan», - degandi hujumchiga yaqin manbalardan biri.

Erling o‘z ma’shuqasi bilan bolalik davrida tanishgan. Ular Bryune futbol akademiyasida tahsil olishgan va yaqin do‘st bo‘lishgan. Lekin Izabel sportchi bo‘lishni istamadi va savdo markazida ayollar liboslari do‘konida ish boshladi. U bir necha yildan beri Erlingni qo‘llab-quvvatlash uchun turli mamlakatlarga boradi. Shuningdek, uni tez-tez tribunada Xolandning ota-onasi bilan yonma-yon ko‘rish mumkin, YECHL finalidagi g‘alabadan keyin u Erlingni tabriklash uchun maydonga tushgandi. Yoxansen ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tmagan, uning Erling bilan tushgan suratlari ham yo‘q. Juftlik shaxsiy hayotini oshkor etishni istamaydi.

Xoland ishtirokidagi janjallar: tungi klubdagi mojaro va otasining nomaqbul xulq-atvori

Hujumchi OAVda o‘zi haqida noxush xabarlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilsada, ba’zan uning atrofida shov-shuvli voqealar bo‘lib turadi. Masalan, 2020 yildagi ta’til davrida uni tungi klubdan chiqarib yuborish chog‘ida Erling soqchi bilan g‘ijillashib qoladi. O‘shanda u hushyor holatda bo‘lgan, faqat o‘z muxlislariga dastxat ulashib, ular bilan suratga tushgan va pandemiya davrida jamoatchilik joyida yurish qoidasini buzgandi. Bundan xabar topgan katta Xoland ijtimoiy tarmoq orqali o‘z munosabatini bildirdi: «Erling, ishingga qayt. Ulkan shahardagi tungi hayot sen uchun emas».

Aslida Alf-Inge ham namunali xulq-atvor sohibi emas. YECHL yarim finali doirasidagi «Real»ga qarshi bahs chog‘ida u Madriddagi stadion lojasidan joy olgan holda ispaniyalik muxlislarga bema’ni qiliqlar bilan haqorat qilgandi. Yakunda «Santyago Bernabeu» soqchilari katta Xolandni tribunalar ostidagi xonaga olib ketishgan, muxlislar esa kinoyali qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishgandi.

Ispaniyadagi qasr, qimmatbaho soatlar va uchqur «toychoqlar»

Muntazam ko‘chib o‘tishlar doimiy turar,joy xarid qilish imkoniyatini bermagani sababli, «Siti»ning norvegiyalik hujumchisi hozir ijaraga olingan uyda istiqomat qilmoqda. Lekin mo‘may daromad Xolandga Ispaniyada shohona qasr xarid qilish imkoniyatini berdi. Futbolchi bayram ta’tilini oila a’zolari va ma’shuqasi bilan o‘sha yerda o‘tkazadi. Marbelyedagi villa uchun Erling bir necha mln. yevro sarflagan. Ispaniyani yoqtirib qolgan hujumchi Nagueles tumanidan yana bitta koshonani 6,5 mln. yevroga xarid qildi.

Shuningdek, u qimmatbaho soat va avtomobillar shaydosi. Uning garajini bir nechta uchqur «toychoq»lar bezatib turibdi. Ular orasida eng qimmati - 350 ming dollarli «Rols-roys». Bu rusumdagi ko‘rkam avtolar Ronaldu va bokschi Endi Ruisda ham bor. 100 km.G‘s. tezlikka 4,3 soniyada ko‘tarila oladigan va soatiga 280 km.ni ortda qoldiradigan 150 ming dollarli «toychoq»ni esa Erlingdan tashqari, Devid Bekxem va Garet Beylda ham ko‘rish mumkin. Xolandning suyukli «toychog‘i» esa - 150 ming dollarli «Audi». Leo Messi, Luis Suares va Jerar Pikelar ham shu rusumdagi sportkardan foydalanadilar.

Garajidagi eng arzon - 115 ming dollarli «Mersedes»ni Xoland kengligi va qulayligi uchun yoqtiradi. Mashg‘ulotlarga u aynan shu mashinasida borib keladi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:15, 24.11.2023.
O'qildi: 1457 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.