Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Klopp va «12:30»lar. Noqulay vaqt yana «Liverpul»ni ta’qib qilmoqda

Klopp va «12:30»lar. Noqulay vaqt yana «Liverpul»ni ta’qib qilmoqda

Baho:
+ | -

25 noyabr, shanba kuni bo‘lib o‘tadigan «Manchester Siti» – «Liverpul» uchrashuvi soat 17:30da boshlanadi. Angliyada o‘shanda soat 12:30 bo‘ladi. Bu fakt mehmonlar bosh murabbiyi Yurgen Kloppni yanada g‘azablantirdi.

«Balki bir marta mashq qilishga ulgurarmiz. Qanday qilib ular shanba kuni soat 12:30da bunday markaziy o‘yinni qo‘yishdi? Rostini aytsam, bunday qarorlarni qabul qiladigan odamlar shunchaki futbolni his qilishmaydi. Bu shunchaki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan narsa. Bu balki butun dunyo futbol tomosha qilish uchun eng ko‘p pul to‘laydigan vaqtdir. Rostini aytsam, buning anig‘ini bilmayman. Kimdir tushuntirishi kerak. «Liverpul» va «Man Siti»ning qancha futbolchisi terma jamoaga borishini tasavvur qila olmayman, lekin menimcha, bu 30 ga yaqin bo‘ladi. Janubiy amerikaliklar uchun alohida reys tashkil qilamiz. Bu haqiqatan ham aqldan ozdiradigan holat», dedi Klopp o‘zining so‘nggi matbuot anjumanida.

Taqvim tuzuvchilar biror narsani noto‘g‘ri hisoblaganga o‘xshaydi. Aslida, hamma narsa ancha murakkab. Kloppning «dunyo muxlislari eng qulay vaqtda tomosha qilishi» haqidagi so‘zlari - bu Osiyoga tegishli. O‘tgan mavsumdan boshlab Premyer-liga mahalliy Angliyaga qaraganda xorijdagi translyasiyalardan ko‘proq daromad ola boshladi. Uch mavsumga mo‘ljallangan paket (2022-2025) mamlakat ichida 5 milliard funt sterlingga, boshqa mamlakatlarga esa 5,05 milliard funt sterlingga sotildi. Ya’ni tashqi auditoriya talabi juda muhim va ta’sirchan bo‘ldi.

Xitoyliklar uch yillik shartnoma uchun 700 million dollar to‘lashdi. Va shunday bo‘ldiki, aynan osiyolik tomoshabinlar uchun o‘yinning boshlanish vaqtini to‘g‘irlash mumkin edi. Manchesterda 12:30 - Pekinda 20:30. Amerikalik tomoshabinlar uchun qulay joy topish qiyin bo‘lsada, osiyolik tomoshabinlar uchun bu mumkin. Premyer-liga jamoalari yangi o‘yinchilar uchun 100 million yevro sarflaganda, Angliyada nega har doim ham boy klublarning ko‘ngliga qarash kerak? Qo‘pol qilib aytganda, Darvin Nunyesni 80 million yevroga sotib olasizmi? «Biz sizning moliyaviy talablaringizni bajardik, endi siz bu vaqtga rozi bo‘ling» qabilidir. Premyer-ligani Yevropaning eng boy ligasiga aylantirayotgan televideniyechilarning xohish-istaklariga Klopp ham, Gvardiola ham ko‘nishga majbur. 

To‘g‘ri, Kloppni ham tushunish mumkin. Negadir har safar terma jamoa o‘yinlaridan so‘ng aynan uning jamoasi shanba kuni birinchi o‘rinda maydonga tushadi. Va bu vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladi. 2023 yilda - barcha mumkin bo‘lgan holatlar quyidagicha:

Mart oyidagi xalqaro o‘yinlardan keyin Premyer-ligadagi birinchi o‘yin:

«Siti» - «Liverpul» (shanba, 12:30);

Sentyabr oyidagi xalqaro o‘yinlardan keyin Premyer-ligadagi birinchi o‘yin: «Vulverxempton» - «Liverpul» (shanba, 12:30);

Milliy terma jamoaning oktyabr oyidagi o‘yinlaridan so‘ng Premyer-ligadagi birinchi o‘yin: «Liverpul» - «Everton» (shanba, 12:30);

Noyabr oyidagi xalqaro o‘yinlardan keyin Premyer-ligadagi birinchi o‘yin: «Siti» - «Liverpul» (shanba, 12:30).

Bu Kloppning Angliyaga kelganidan keyin 14- shunaqa o‘yini bo‘ladi. Osiyo tomoshabinlari top-klublarni maqsad qilganini hisobga olsak ham, haligacha katta nomutanosiblik mavjud. Chunki kuchli oltilikdagi «Tottenxem» va «Chelsi» oltitadan, «Manchester Yunayted» va «Siti» esa beshtadan o‘yin o‘tkazgan. Ko‘rinib turibdiki, Klopp bu statistik ma’lumotlardan bexabar, aks holda uning yanada jahli chiqib, bu ma’lumotlarni dalil sifatida keltirardi. Murabbiyning hafsalasi pir bo‘lganini tushunsa bo‘ladi, chunki uni xavotirga solgan holat – bu Lotin Amerikasidan futbolchilarning jamoaga kech qaytishidir. Ularning mashg‘ulotlarga kamroq vaqtlari bo‘ladi va ko‘proq charchab qoladi. Shu bilan birga, «Siti»da Atlantika okeani bo‘ylab uchib o‘tishga majbur bo‘lgan birgina futbolchi bor - Xulian Alvares (Ederson ham bor, lekin u jarohat tufayli terma jamoa o‘yinlarini o‘tkazib yubordi). «Liverpul»da to‘rtta lotin amerikalik bor - Alison, Makallister, Luis Dias va Darvin Nunyes (barchasi bu transfer oynasida ikkitadan o‘yin o‘tkazgan).

Qizig‘i, bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi kerak edi, lekin ko‘p omillar «Liverpul»ga qarshi bo‘lib chiqdi. Avvaliga «Siti» – «Liverpul» o‘yini yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq Chempionlar ligasi doirasida seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan «Siti» – «Leypsig» o‘yini sababli uchrashuv shanba kuniga ko‘chirilishiga to‘g‘ri keldi. Aks holda Gvardiola ikki o‘yin o‘rtasida faqat bir kun (dushanba) dam olar edi. 

«Siti» va «Liverpul» uchrashuvi yakshanba kunidan shanba kuni soat 17:30ga ko‘chirilishi rejalashtirilgan edi. Bu shuningdek, Sky Sports'ga alohida aytib, ogohlantirilgan. Biroq, o‘yinning bu vaqtini mahalliy manfaatdor tomonlar, jumladan, polisiya tasdiqlamadi (The Athletic ma’lumoti). Muxlislar bilan bog‘liq muammolar haqida xavotirlar paydo bo‘lgan. O‘tgan yilning dekabr oyida «Etihad»da (mamlakat kubogi) ikki tomon o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinda «Manchester Siti»ning yosh muxlisi jarohat olgandi va boshqa muxlislar irqiy tahqirlangan. O‘tgan mavsumda «Enfild»da bo‘lib o‘tgan Premyer-liga o‘yinidan keyin ham muammolar paydo bo‘lgan, o‘shanda «Siti» avtobusi Mersisaydni tark etayotganda mahalliy muxlislar tartibsizlik uyushtirgan.

Buyuk Britaniyadagi muxlislar shanba kuni soat 12:30 da TNT Sport (sobiq BT Sport) da o‘yinni tomosha qilishga odatlangan edilar, ammo o‘yinning o‘zi allaqachon Sky Sports tomonidan buyurtma qilinganligi sababli, kanallar slotlarni almashtirishga majbur bo‘ldi. Klopp esa bundan norozi.

Kiritildi: 11:49, 25.11.2023.
O'qildi: 1434 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.