"Manchester Yunayted" markaziy himoyachisi Rafael Varan yanvar oyida Erik Ten Xag jamoasini tark etishga majbur bo‘lishi mumkinligini his qilmoqda. Jurnalist Samuel Lakxurst bergan ma’lumotlarga ko‘ra, fransiyalik futbolchi jamoada qolishni istardi, ammo muntazam o‘yin amaliyotining yo‘qligi unga ma’qul kelmayapti.
Varan "Manchester Yunayted" safida barcha musobaqalardagi so‘nggi 13 o‘yinda faqat bir marta maydonga tushgan. Fransiyalik futbolchi hozirgi holatdan norozi va murabbiylar shtabidan kafolat ololmasa, faoliyati uchun kerakli qarorni qabul qilishga tayyor bo‘ladi.
Oldinroq Varan "Bavariya"ga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi, ular hozirda yangi markaziy himoyachi qidirmoqda.