Xabaringiz bor, kuni kecha “Andijon” jamoasining 2024 yilgi mavsumga tayyorgarlik jarayonida Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishi va u yerda qator nazorat uchrashuvlarida ishtirok etishi borasida xabar berilgandi.
Ayniqsa, Rossiyaning nomdor klublaridan biri – SSKA jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yin ham ko‘pchilikning e’tiborini tortgani aniq. Qolaversa, SSKA matbuot xizmati ham bu borada xabar berib o‘tdi.
Rossiya nashrlari ham o‘z e’tiborlarini "Andijon" jamoasiga qaratishmoqda. Taniqli nashrlardan biri – “Sport-Ekspress”ni hamma yaxshi biladi va ular ham andijonliklarning “harbiylar”ga qarshi bo‘ladigan o‘yinidan xabardor.
“Andijon” matbuot xizmati esa “SE”ning tajribali jurnalistlaridan biri Konstantin Belov bilan bog‘landi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu hamkasbimiz SSKA klubiga muxlislik qiladi. Tabiiyki, unga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik.
- 2024 yilning 1 fevral kuni “Andijon” Turkiyaning Antaliya shahrida SSKAga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi. Bu xususida nima deya olasiz?
- Rossiya klublariga qishki tanaffus paytida o‘rtoqlik uchrashuvi uchun raqib topish juda qiyin. Boz ustiga Yevropadagi chempionatlarda uch oylik tanaffusga chiqib ketish yo‘q. Qolaversa, siyosiy vaziyat tufayli buning iloji ham yo‘q. Shu bois O‘zbekiston klublaridan biri bilan uchrashish - bu biz uchun judayam qiziqarli tajribadir.
- Rossiya matbuotida ushbu bo‘lajak o‘yinga qanday munosabat bildirilmoqda?
- Rus matbuotida O‘zbekistondagi klublar bilan o‘tadigan uchrashuvlarga bo‘lgan qiziqish yuqori. Ayniqsa, SSKA ishqibozlari Abbos Fayzullayevning klubdagi muvaffaqiyatli ishtirokidan kelib chiqqan holda bo‘lajak o‘yinni intizorlik bilan kutishmoqda. Qaydam, balki yangi olmos topib olsakchi?
- Negadir SSKA klubi Rossiya premyer-ligasida o‘z o‘rnida emas. Bilishimcha, siz ushbu jamoaning muxlisisiz. Ayting-chi, SSKAga nima yetishmayapti?
- SSKAning asosiy muammosi - bu zaxira o‘rindig‘ining torligidir. Ya’ni, bizga futbolchilar yetishmaydi. Joriy yilning yozida klub transfer ishlarini judayam kech yakunladi. Dastlabki yangi o‘yinchi Abbos Fayzullayev faqat 5-turga kelganda safimizga qo‘shildi. Qolgan yana ikkita futbolchi esa 8-turda ro‘yxatga olindi. Shuningdek, 2023 yilda jamoa rus klublari orasida hammadan ko‘p uchrashuvda maydonga tushdi. Shu sababli aksariyat futbolchilar yangi mavsumga charchoqlari tarqalmasdan qo‘shilishdi. Shuning uchun ham natijalar yomon ko‘rinish ola boshladi. Ammo Rossiya chempionati ancha raqobatbardosh. Agar turnir jadvaliga boqsangiz, 3-o‘rinda borayotgan klub bilan oramizni uch ochko ajratib turganini ko‘rasiz. Ammo kurash hali oldinda. Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan yili 13-turdan keyin 2-o‘rindagi klub bilan oramizni 6 ochko ajratib turgandi. Lekin oxir oqibat SSKA kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
- SSKAdagi hamyurtimiz Abbos Fayzullayev haqida fikringiz qanday? U siz o‘ylagandek o‘yin ko‘rsatyaptimi?
- Fayzullayev - bu bugun Rossiya chempionatining asosiy kashfiyot futbolchisidir! Abbos SSKAga kelganida ko‘pchilik uning klubga kirishib ketishi uchun kamida yarim yil yoki bir yil zarur bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi. Biroq u darrov jamoaga kirishib ketdi va klubga katta foyda keltira boshladi. Umid qilamanki, mavsumning ikkinchi qismida Abbos yanada samarali o‘yin namoyish etadi.
- Ayting-chi, “Andijon” jamoasi haqida qanday ma’lumotlarga egasiz?
- Rus ishqibozlari uchun “Andijon” safidagi eng taniqli futbolchi - bu albaniyalik hujumchi Rubin Xebaydir. Agar 2024 yilning qishki transfer chog‘ida yoki yozida unga Rossiya klublari tomonidan qiziqish bo‘lsa, bundan sira xayron bo‘lmayman. Shuning bilan birga o‘ng qanot vingeri Sardor Abdunabiyevni bilaman. O‘ylaymanki, Rossiya klublari bu o‘yinchingizni ham diqqat bilan kuzatishga tushishgan bo‘lsa kerak. Umuman olganda, O‘zbekistondan bo‘lgan oxirgi transferlar (Shomurodov, Fayzullayev, Ashurmatov, Yo‘ldashev) Rossiya premyer-ligasidagi aksar klublar skautlarida mamlakatingiz chempionatiga, futbolchilaringizga bo‘lgan qiziqishni sezilarli darajada oshirdi.