Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Janluiji Buffon: «Unutmaylik, Allegri «Yuventus»ga og‘ir paytda qaytdi»

Janluiji Buffon: «Unutmaylik, Allegri «Yuventus»ga og‘ir paytda qaytdi»

Baho:
+ | -

«Yuventus»ning afsonaviy darvozaboni Janluiji Buffon Tuttosport nashri jurnalistlari bilan suhbat jarayonida jamoani murakkab vaziyatdan ravon yo‘lga olib chiqqan bosh murabbiy Massimiliano Allegrini olqishladi.

Umuman, Italiya futbolining tirik ramzi ko‘plab masalalar yuzasidan qisqa va lo‘nda fikr bildirdi.

FUTBOL MENEJERI KURSLARI

- Imtihonlarni qanday topshirganimni hali bilmayman, shuning uchun bu mavzuda gapirmay turganim ma’qul. To‘g‘ri, barchasiga jiddiy yondashib, obdon tayyorgarlik ko‘rdim va natijalar yaxshi chiqishi kerak. Binobarin, tahsil jarayoni men uchun rasmiyatchilik emas. Qolaversa, darslarga to‘g‘ri yondashmaganimda, imtihonda yomon ko‘rinishim mumkin edi. Men esa tabiatan bunday bo‘lishini aslo xohlamayman. Qisqasi, bu borada ham oldimga aniq talablar qo‘ygandim. Kurslarda ba’zi zerikarli qismlar  ham mavjudligini hisobga olsak, oson bo‘lgani yo‘q. Masalan, sport qoidalari, nizom va kodekslarni o‘qib-o‘rganish ancha qiynadi.

FAOLIYATI YAKUNI

- Hozir hammasi ajoyib! Bag‘oyat mamnunman, chunki endi bemalol yangi loyihalarda qatnashaman, izlanaman, nimalarnidir o‘ylab topishga urinaman. Oddiy aytganda, orttirilgan tajribani amalda qo‘llash vaqti keldi. Nega o‘ksinishim kerak? Axir faoliyatimni 29 yoshda tugatmadim-ku. 4-5 yil davomida ongli ravishda o‘zimni xayrlashuvga hozirlab kelgandim. Faqat yakuniy nuqtani bosish uchun to‘g‘ri vaqt tanlash qolgandi, xolos. Mana, hozir xotirjamman, nafaqat ish, balki uyda ham. Qisqasi, to‘laqonli hayot zavqini sura boshladim.

KECHIKTIRILGAN QAROR

- Buning bir necha million sababi bor! Birinchidan, oxirgi kunga qadar yuqori darajada raqobatlashishga qurbim yetishini his qildim. Ikkinchidan, farzandlarim uchun chin namuna bo‘lishni xohladim. Bolalar hayotda chegaralarni atrofidagilar emas, aksincha, o‘zlari belgilashlari mumkinligini tushunishlari kerak. Sportda olamida esa chegaralar ba’zan o‘zimiz o‘ylaganimiz yoki boshqalar belgilashganidan ancha uzoqroq bo‘ladi. Uchinchidan, «Parma» va ma’lum bir o‘tmishga qaytish g‘oyasi kuch bag‘ishladi. Axir shu klubda ulg‘aygan va doim o‘zgacha sevilganman. «PSJ»­dan «Yuventus»ga qaytganimda, bu tajribani yana bir bor ma’lum kishilar bilan baham ko‘rish istagi meni harakatga soldi. Shu tariqa ajoyib guruh tufayli qo­yilmaqom mavsumda chinakamiga yayradim. Umuman, ketish qarorini kechiktirganimda 4, 5, 6, 7...-sabablar ham yo‘q emas.

QUTQARISH MISSIYASI

- «Parma» libosida o‘ynash men uchun «A» seriya va «Yuve»da bo‘lgani kabi o‘ziga xos qutqarish missiyasining bir turi. Ijtimoiy emas, balki qalb masalasi! Binobarin, meni bolaligimda ilhomlantirgan kishilar davrasiga kelganimda, badanim titrab keta boshladi. Hamisha nimalarni boshdan kechirishim kerakligini bilganman, lekin kimligim, futbolda qanday rolga egaligimni to‘liq tasavvur qilolmaganman. Muhimi, har doim xotirjamlikni saqlab qolardim, ba’zi futbolchilar bilan birga o‘ynash asnosida o‘ta baxtiyor ekanligimga ishonardim. Hozir esa futbolga umumiy yondashuv boshqacha: yosh futbolchi ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida o‘zini dunyo markazida turgandek tutadi. Bu tarmoqlarda 100 minglab, hatto millionlab obunachilarga egaligi mahsulidir. Ehtimol, yangi avlod hammasiga realroq qarar, har holda, bora-bora o‘ziga o‘zi choh qazish jarayoni yo‘qoladi, baribir.

ESHIKLAR KENGROQ

- Xoh ishoning, xoh ishonmang, muayyan nuqtada alohida bosh qotira boshlaysiz. Bu haqda yaqinlarim va turmush o‘rtog‘im bilan allaqachon gaplashganman. 1998 yili, ya’ni faoliyatim boshida «A» seriyada yuqori beshlikka kirganman. Mana, o‘tgan yili «Parma»da ham top-5 qatoridan joy oldim, lekin bu safar butun chempionat emas, balki maydondagi 22 nafar futbolchi orasida. Aytmoqchimanki, standartlar uzoq 1875 yili o‘rnatilgan, o‘sha davrdagi antropometrik me’yor uchun ham shaxsiy ko‘rsatkichlarim katta hisoblanadi. Yana 50-60 yildan so‘ng ko‘rsatkichlar 1-2 santimetrga o‘zgardi. Hozirchi? Zamonaviy sportchilar va darvozabonlarga qarang... Ana, voleybolda hattoki, to‘r balandligini qayta ko‘rib chiqish kerakligi haqida gapira boshladilar. Ikki opam voleybolchi va nima haqda gapirayotganimni yaxshi bilaman.

VIALLI TA’LIMOTI

- U vaqtni behuda sochib yubormaslik kerakligini uqtirardi. Hayot - imkoniyat. Sen esa oxirgi kungacha imkonlaringni maksimal darajada ishlatishga harakat qilishing shart. To‘g‘ri, bu gap hayotning iqtisodiy qismiga tegishli emas.

DONNARUMMAGA MUNOSABAT

- Menimcha, unda tanqidchilari ko‘p emas, faqat boshqalarga xatolarini ko‘rsatishdan zavqlanadigan odamlar bor. Ha, Jijio bundan aziyat chekmoqda, lekin u bunday lahzalarni ko‘p marta bosib o‘tgan to‘laqonli professional!

ALLEGRINING ISHI

- Tanqidmi? Yo‘q, bu ortiqcha. Fakt shuki, u klubga 2 yildan so‘ng qaytdi, «Yuve» esa shu vaqt ichida ko‘plab mojarolar o‘rtasida qoldi. Ehtimolki, hamma «Yuventus»­dek klubga qaytganida mislsiz darajada quvonar, ammo barchasini yangitdan boshlab olish juda qiyin. Oradagi 2 yil Allegriga yakuniy to‘xtamga kelish, o‘ziga jamoa tanlash va balki 1-2 mavsumda g‘alaba qozonish uchun miyasida nimalarnidir pishitishga imkon bergandir...

«YUVE» VA SKUDETTO

- Illyuziya? Nima uchun? Albatta, skudetto hozirgi jamoaning asosiy maqsadi emas, lekin umidning o‘zi olg‘a boshlaydi. Asosiysi, jamoada kuchli xohish, o‘z chegaralarini uzaytirish uchun yetarli qat’iyat bo‘lsa, bas.

CHEMPIONATLAR

- Hozirgacha turli milliy chempionatlarni kuzatib boraman. Chunki muxlislik ham futboldagi yo‘limni belgilaydi. Deylik, «C» seriyasida «Karrareze» o‘yinlari, qolaversa, havaskorlar ligasi bahslarini tez-tez tomosha qilishim mumkin. Ke­yin «A» va «V» seriya sharhlariga o‘taman, «Yuventus» hamda «Parma» o‘yinlarini o‘zimcha tahlil qilaman. Har doim shunday. Umuman, professio­nallar va havaskorlar bahslariga birdek qarayman. Albatta, terma jamoa futbolchilariga ham aslo befarq emasman.

ENG YAXSHI DARVOZABONLAR

- 3 nafarini ajratib ko‘rsatishim juda qiyin. Menga o‘zgacha jihatlarini ko‘rsatishga ulgurgan, lekin hozir jarohat tufayli o‘ynolmayotgan Kurtuadan tashqari, yana 6-7 nafar o‘ta kuchli kiper bor. O‘ylaymanki, ko‘pchilik ularni biladi...

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:20, 24.01.2024.
O'qildi: 984 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.