Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Davron Ergashev: «Yangi jamoaga kirishib ketish qiyin bo‘lmayapti»

Davron Ergashev: «Yangi jamoaga kirishib ketish qiyin bo‘lmayapti»

Baho:
+ | -

“Qaldirg‘ochlar” safidagi to‘rt yillik faoliyatidan so‘ng tajribali himoyachi Davron Ergashev “Metallurg” bilan shartnoma imzoladi va bekobodliklar tarkibida yangi mavsumga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Antaliya yig‘inidagi “Metallurg”ning birinchi goliga mualliflik qilgan tojikistonlik legioner bilan yangi muhit, Turkiya  yig‘ini, 2024 yilgi mavsum qur’asi to‘g‘risida suhbatlashdik.

— Davron, avvalo yangi jamoaga moslashish jarayoni qanday kechayotganligi haqida gapirib bersangiz?
— O‘zbekiston Superligasidagi muhit menga begona emas. “Bunyodkor”da o‘ynab yurganimdayoq “Metallurg”ning aksariyat o‘yinchilarini tanir, ular bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatib bo‘lgandik. Shu ma’noda men “Metallurg”da o‘zimni juda erkin his etayapman. Qolaversa, jamoa o‘yinchilari, murabbiylar shtabi, klub rahbariyati hamda ma’muriyati meni juda iliq qarshi olishdi. Bu ham yangi jamoamga moslashish jarayonini yengillashtirayapti.

— Turkiyadagi yig‘in haqida nima deya olasiz?
— Superliganing barcha jamoalari bu yilgi mavsumga juda puxta hozirlik ko‘rayapti. Ularning barchasi xorijda yig‘in o‘tkazishdi va bu jarayon aksariyat jamoalarda hozir ham davom etmoqda. Bu paytda O‘zbekistonda kuchli sparring raqib hamda talablar darajasidagi sifatli maydonni topish mushkul. Shu ma’noda “Metallurg” rahbariyatining Antaliyada yig‘in o‘tkazish g‘oyasini to‘liq qo‘llab quvvatlayman. Turkiyaga kelganimizga ham bir haftacha bo‘lib qoldi. Har kuni ikki mahaldan mashg‘ulotlar olib borayapmiz. Kunning birinchi yarmida fitnes zalida jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirishga urinayotgan bo‘lsak, kechki payt “Nirvano Kosmopolitano” futbol maydonlarida to‘p bilan ishlayapmiz. Jamoaviy o‘yinimizni shakllantirish, taktik va texnik amaliyotlar borasida ish olib borilayapti. Ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushishga ham ulgurdik...

— Xorij yig‘inidagi ilk uchrashuvlardan olgan taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...
— Turkiyaga kelganimizning uchinchi kuni “Vardar”ga qarshi maydonga chiqdik. To‘g‘risi o‘yinimiz qovushmadi. E’tiroz barcha chiziqlardagi futbolchilarga nisbatan tug‘ildi. Ertasi kuni esa ancha o‘zimizga kelib oldik. To‘g‘ri, “Chernomores”ga qarshi o‘yinda g‘alabani qo‘ldan boy berdik. Ammo yutuqqa loyiq o‘yin ko‘rsatdik. Birinchi taym hamda ikkinchi bo‘lim avvalidagi vaziyatlardan unumli foydalanganimizda g‘alaba qozongan bo‘lardik. Biroq bu futbol. Hamisha ham siz o‘ylagandek bo‘lib chiqavermaydi. Hisobni ochib olganimizdan so‘ng bir zum konsentrasiyani yo‘qotdik va raqibning ketma ket qaqshatqich hujumlariga duch keldik. Oqibatda bitta gol o‘tkazib yubordik. Bu o‘yinlar kelgusida jamoamiz uchun saboq bo‘ladi.

— “Metallurg”ning xorij yig‘inidagi birinchi goliga mualliflik qildingiz. Kutganmidingiz?
— O‘zimga bo‘lgan ishonchim oshishi uchun “Metallurg” safida tezroq gol urishim zarur edi. Xayriyatki, bu gol ko‘p kuttirmadi. “Chernomores”ga qarshi o‘yinda standart vaziyatda hujumga qo‘shildim va imkoniyatdan unumli foydalandim. Murabbiylar jarima to‘plari tepilayotganda, burchakdan to‘p o‘yinga kiritilayotganda himoyachilarni hujumga chorlashadi. Men “Bunyodkor”da ham standart vaziyatlarda gol urganman. Mana, “Metallurg”da ham jamoadoshlarim muvaffaqiyat qozonishimga ko‘maklashishdi. Umid qilamanki, chempionat uchrashuvlarida ham samarali o‘yinim bilan jamoamga foydam tegadi.

— Kecha 2024 yilgi mavsum birinchi davrasi o‘yinlari taqvimi rasman tasdiqlandi. Yangi mavsumni 3 mart sanasida Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazarkanmiz? Qur’a haqida fikrlaringizni bilmoqchi edik...
— Yangi mavsumga qur’a tashlangan kundan e’tiboran “Lokomotiv”ga qarshi tayyorgarlik boshlangan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ham ruhan, ham fikran temiryo‘lchilar bilan birinchi tur uchrashuvini kutayapmiz. Qolaversa, mavsum davomida barcha raqiblar bilan o‘ynaymiz. Shu ma’noda mavsum avvalida qur’aga ko‘ra qaysi raqibning tushishi shaxsan meni tashvishga solgani yo‘q. Birinchi davrada bizni qiynaydigan narsa bu deyarli barcha uchrashuvlarni safarda o‘tkazishimizdir. Uyda, o‘z muxlislaring qarshisida to‘p surish baribir boshqacha. Umid qilamizki, Olmaliq shahridagi “uy o‘yinlarimizda” muxlislarimiz bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Biz esa sadoqatli ishqibozlarimizni xursand etish yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

— Osiyo kubogi bahslarida vatandoshlaringiz – Tojikiston terma jamoasi yangi tarix yaratishdi...
— Tojikiston milliy terma jamoasi ko‘rsatgan o‘yin va qayd etgan natijasidan boshim osmonga yetdi. Haqiqatan ham milliy terma jamoamiz boshlaridan baland sakrashga muyassar bo‘ldilar. Bizda hamisha jamoaviy ruh baland bo‘lgan. Ishtiyoq, g‘alabaga chanqoqlik evaziga har qanday nomdor jamoa bilan tap tortmay kurashib kelganmiz. Qatarda o‘tgan Osiyo kubogida ham bu an’anaga sodiq qoldik. Jamoadoshlarim uchun, Tojikistonlik barcha futbol muxlislari-yu, mutaxassislari uchun xursandman. Keyingi musobaqalarda omadli yurishlarimiz bardavom bo‘lishini tilab qolardim.

— Yana sanoqli kunlardan so‘ng start oladigan Superliga bahslariga qaytsak. Bu yil g‘oliblik yo‘lida qaysi jamoalarning imkoniyatlari yuqori deb o‘ylaysiz? “Metallurg” futbol klubi o‘z oldiga qanday maqsad va vazifalar qo‘yayapti...
— Superligada juda ko‘p jamoalarning saviyasi bir xil: chempionlik yo‘lida “Paxtakor”, “Navbahor”, “Nasaf” singari jamoalar kurash olib borishadi desam, yangilik aytmagan bo‘laman. Qolaversa, yetakchi klublarga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan raqiblar ham oz emas. Bekobod jamoa ham uzoq yillardan buyon sovrindor o‘rinlarni egallab kelayotgan jamoalarni uyida ham, safar bahslarida ham qiyin ahvolga solib kelgan. Mavsumga tayyorgarlik arafasida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda klubimiz rahbariyati jamoa oldiga hujumkor futbol namoyish etib, muxlislarni xursand etish vazifasini yukladi. “Metallurg” kuchlilar safidagi qatnashuvi davrida uch marta kuchli beshlikka kirgan. Bu yilgi maqsad ham yetakchi jamoalar safiga kirish, ijobiy natijalar bilan muxlislarimiz olqishiga sazovor bo‘lish...

— Yangi mavsumda yangi jamoa safida yuksak marralarni zabt etishda sizga va jamoadoshlaringizga omad tilaymiz.
— Rahmat.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 21:49, 06.02.2024.
O'qildi: 1335 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.