"Real Madrid" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yarim himoyachi Toni Kroosning joriy mavsumdagi o‘yini haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"U hozir eng yaxshi mavsumini o‘tkazyaptimi, deyish qiyin, chunki ularning har biri eng zo‘r. Uning golli uzatma foizi o‘n yil avvalgidek... Uning o‘yin sifati o‘zgarmadi, lekin u hozir juda baquvvat jamoada o‘ynamoqda. Shu bilan birga, u o‘yin tempini a’lo darajada boshqara oladi", - dedi Anchelotti.
Shuningdek, futbolchining kelajagi haqida o‘z fikrini aytdi.
“Toni Kroos o‘zi xohlagan narsani tanlash huquqiga ega. U nima qaror qilsa, biz uni hurmat qilishimiz kerak. Menimcha, siz faoliyatingizni yuqori notada yakunlashingiz kerak, ammo to‘g‘ri daqiqani tanlashingiz kerak", - deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Kroos 2014 yildan beri "Real"da o‘ynab kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi joriy mavsum oxirida yakuniga yetadi.