Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari doirasida o‘tadigan futbol bellashuvlari uchun saralash davri yakuniga yetib bormoqda.
Hozirga kelib, Olimpiadada qatnashishi ko‘zda tutilgan 16 jamoadan 12 tasining nomi ma’lum. Erkaklar o‘rtasidagi kvalifikasiya 15-aprel – 3-may kunlari Qatarda o‘tadigan U-23 Osiyo kubogidagi so‘ng deyarli yakunlanadi.
Reglamentga ko‘ra, unda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘ri Parij-2024 yo‘llanmasiga ega chiqishadi.
To‘rtinchi o‘rin egasi Afrikadagi “qismatdoshi” (Gvineya) bilan so‘nggi yo‘llanma uchun kurash olib borishi qoladi. Keling, shu o‘rinda hozirgacha yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan jamoalarni eslab o‘tsak:
Mezbon: Fransiya;
Markaziy va Shimoliy Amerika: AQSH, Dominikan Respublikasi;
Yevropa: Ispaniya, Isroil, Ukraina;
Afrika: Marokash, Misr, Mali;
Okeaniya: Yangi Zelandiya;
Janubiy Amerika: Paragvay, Argentina.
Olimpiadadan chetda qolgan yulduzlar. So‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan Braziliya bu gal 4-yillikning eng muhim startida qatnashmaydi. Garchi bu yosh toifasida “pentakampeonlar” safida yetarlicha iste’dod egalari topilsada, ular ko‘proq Yevropadagi klublarining manfaatini ustun qo‘yishdi.
Shuningdek, butun boshli Angliya terma jamoasi haqida alohida to‘xtalib o‘tish mumkin. 2023-yil U-21 yosh toifasidagi lisenzion Yevropa chempionatida birorta ham to‘p o‘tkazib yubormasdan chempion bo‘lgan bu jamoa XOQ tarkibida bo‘lmagani uchun Olimpiadaga bora olmaydi.
Shu tariqa, Emil Smit-Rou, Koul Palmer, Entoni Gordon, Kyortis Jons, Xarvi Elliott kabi nomlar uchun Parij-2024 Olimpiadasining eshiklari yopilgan.
Ma’lumot uchun, Angliya, Shimoliy Irlandiya, Shotlandiya va Uels sportchilari Olimpiya o‘yinlarida Buyuk Britaniya bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Ammo, Birlashgan qirollik FIFAning rasmiy a’zosi bo‘lmagani uchun Angliyaning chempionligi lisenzion turnirda o‘ynalgan yo‘llanmalarga ta’sir qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Qatar mezbonlik qiladigan Osiyo kubogida Malayziya, Vyetnam va Quvayt bilan “D” guruhdan o‘rin olgan. Ushbu guruh g‘olibi chorak finalda “S” guruhining ikkinchi o‘rin egasi bilan kuch sinashadi. Ikkinchi bo‘lib guruhdan chiqqan jamoa esa “S” guruh g‘olibi bilan yarim final yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi.
“S” guruhidan esa Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand va Tojikiston o‘rin egallagan.