Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Shahram Samiyev: «Axtam menga «Andijon» haqida juda ijobiy fikrlarni aytdi, O‘zbekiston chempionati qiziqarli»

Shahram Samiyev: «Axtam menga «Andijon» haqida juda ijobiy fikrlarni aytdi, O‘zbekiston chempionati qiziqarli»

Baho:
+ | -

«Andijon» klubi qishki transfer oynasi paytida bir qator yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ularning orasida legionerlar ham bor bo‘lib, Tojikiston milliy terma jamoasi hujumchisi Shahram Samiyev bilan rasman shartnoma imzolanganini bilasiz.

23 yoshli hujumchi yaqinda Qatardagi Osiyo Kubogida Tojikiston termasi sharafini himoya qildi. Klub ixtiyoriga qo‘shilgan Samiyev «Andijon» matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.

— Shahram «Andijon» jamoasiga xush kelibsiz! Sizni bu yerda ko‘rib turganimizdan mamnunmiz. Klubdan taklif bo‘lganini ilk bor qachon eshitdingiz va uni qabul qilishingizga asosiy sabab nima bo‘ldi?
— Agentim birinchi bor qo‘ng‘iroq qilganida «Andijon» to‘g‘risida aytdi. Rosti, ilk marotaba «Andijon» haqida terma jamoadagi jamoadoshim Axtam Nazarovdan so‘radim. Qanday jamoaligi haqida so‘radim. U menga klubning o‘zi va muxlislari ajoyib ekanini aytib berdi. Axtam bilan gaplashganimdan so‘ng men agentlarimga bu taklifga roziligimni aytdim va bu yerga kelishga qaror qildim.

— Tojikiston terma jamoasi safida Osiyo Kubogidagi ishtirokingizni ko‘rdik. Bu musobaqa tojikistonlik futbolchilar uchun ajoyib tramplin bo‘ldi. Aynan Osiyo Kubogidan so‘ng klubingizni o‘zgartirish haqida o‘yladingizmi?
— Ha, biz Osiyo Kubogida yaxshi qatnashdik. Bu jamoaviy o‘yinning mehnati va samarasi. Bizning jamoada yosh va iqtidorli o‘yinchilar ham bor edi. Ushbu musobaqa balki ularga keyingi faoliyatida tramplin vazifasini o‘taydi. Men transfer oynasi yopilishi arafasida o‘zimni boshqa klubda sinab ko‘rishga qaror qildim. O‘zbekiston chempionati juda qiziqarli. Superligada 14 ta jamoa qatnashadi. Yaxshi sharoitlar yaratilgan. Men shularni inobatga olib bu yerga keldim va qarorimdan xursandman.

— Tojikiston Osiyo Kubogida syurpriz ko‘rsata oldi. Bunday natijani kutmaganmidingiz yoki…
— Biz har bir o‘yinni final kabi o‘tkazdik. Musobaqadagi birinchi uchrashuvda Xitoyga qarshi o‘ynadik. Yaxshi raqib edi. Shu uchrashuvdan keyin har bir bahsda munosib kurasha olishimizni bildik. Mehnat qilib o‘ynashimiz mumkinligini isbotlay oldik. Shu asnosida biz tarixda ilk bor chorak finalgacha yetib bordik. Bu Tojikiston xalqi uchun haqiqiy bayram edi.

— Ha, sizlarda yarim finalga chiqish imkoniyati bor edi. Lekin chorak finalda Iordaniyaga mag‘lub bo‘ldinglar. O‘sha bahsda Tojikiston termasiga motivasiya yetishmadimi?
— Bizda o‘yindan avval motivasiya juda yaxshi edi. Hattoki, chempionatdan oldin ham shunday edi. Bu taqdir. Bu shunday o‘yin ediki, kim birinchi gol ursa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonardi.

— Tojikiston termasi bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan Petr Segrtning ketishiga munosabatingiz qanday bo‘ldi? Masalan, biz buni kutmagandik…
— Biz ham albatta buni kutmagandik. Tabiiyki, bundan xursand bo‘lmadik. U Tojikiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi murabbiylardan edi. Unga keyingi faoliyatiga omad tilaymiz.

— Siz o‘sha Iordaniyaga qarshi o‘yinda jarohat olib maydonni erta tark etdingiz. O‘shanda nima bo‘ldi va hozir holatingiz qanday?
— Ha, bunday jarohatlar har bir futbolchining faoliyatida ro‘y berishi mumkin. O‘sha paytda mushaklarimni tortib oldim. Bu jiddiy emas. Hozir hammasi joyida. Tez kunlarda umumiy mashg‘ulotlarga qo‘shilaman, deb umid qilaman.

— Suhbatimizni yana «Andijon» klubi bilan davom ettiramiz. O‘tgan yili jamoamizda vatandoshingiz Axtam Nazarov to‘p surdi. Yuqorida u bilan gaplashganingiz haqida aytib o‘tdingiz. Jamoamiz to‘g‘risida yana qanday ma’lumotlarga ega edingiz?
— Ha, men oldin ham «Andijon» haqida bilardim. O‘tgan yili jamoaning o‘yinlarini ko‘rdim va uning ishqibozlarini yaxshi bilaman. Axtam bilan suhbatda ham menga yaxshi klub ekani haqida gapirib o‘tdi. Nazarov bizning sardorimiz. U yaxshi futbolchi va hayotda ham yaxshi inson.

— «Andijon»da 99-raqamni oldingiz. O‘tgan yili bu raqam ostida kim o‘ynaganini bilasizmi? Umuman olganda, nima uchun 99-raqamni tanladingiz yoki sizga yoqadimi?
— Bungacha bilmasdim. Ammo bu yerga kelganimdan so‘ng Rubin haqida eshitdim. 14 ta gol urganligi to‘g‘risida bildim. Men 99-raqamni aynan uning uchun tanlamadim. Shunchaki, bo‘shligi uchun tanladim va menga bu raqam yoqadi.

— Aytmoqchimanki, o‘tgan mavsumda Xebay ushbu raqamda to‘p surdi va jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Endi muxlislarning sizdan ham umidi katta va ko‘p narsa kutishadi. Maqsadingiz qanday va ishqibozlarga nima deya olasiz?
— Har bir o‘yinchining maqsadi yangi klubga o‘tganida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, yanada yuqori maqsadlarni oldiga qo‘yadi. Menda ham yuqori maqsadlar bor va jamoamiz bilan shunday vazifani qo‘yamiz. Ishqibozlarni g‘alabalarimiz bilan kayfiyatini yanada ko‘tarishga harakat qilamiz.

— Sizga O‘zbekistondan avval ham takliflar bo‘lganmi?
— Belarus chempionatida to‘p surishimdan avval menga O‘zbekistondan ikki marta chaqiruv bo‘lgan. Men o‘sha paytda Belarus klubi variantini tanlaganman.

— O‘tgan yili «Milsami» bilan yevrokuboklar doirasida Turkiyaning «Fenerbaxche» klubiga qarshi o‘ynagansiz. U yerda ko‘zga ko‘ringan futbol yulduzlari orasida Edin Jeko ham bor edi. Jeko faoliyatingiz davomida siz unga qarshi o‘ynagan eng mashhur futbolchimi?
— Ha, Turkiyada birinchi marta bunday katta atmosferada o‘ynadim. Edin Jeko jahonning eng kuchli hujumchilaridan biri ekanini bilamiz. Bundan tashqari, terma jamoa miqyosida ko‘plab tajribali o‘yinchilarga qarshi ham o‘ynaganman.

— Shahram, «Andijon» bilan shartnoma imzolab, rasman e’lon qilganimizdan so‘ng sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?
— Yaxshi savol (kuladi). Dastlab onam, oilam va yaqinlarim tabrikladilar.

— Shuningdek, klub bilan uch yillik shartnoma imzoladingiz. Bu faoliyatingizda eng katta muddatli kelishuvmi?
— Ha, menga uch yillik shartnoma taklif qilishdi. Lekin men bu haqida ortiqcha o‘ylaganim yo‘q va o‘zimni nimalarga qodirligimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Shuning uchun men shartnoma muddatiga ahamiyat berganim yo‘q. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.

«Andijon» matbuot xizmati.

Manba: andijanfc.uz
Kiritildi: 22:26, 27.02.2024.
O'qildi: 1976 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.