Xabaringiz bor, britaniyalik milliarder Jim Retkliff «MYU» aksiyalaridan 25 foizini sotib olishi bilan klub hayotida katta ahamiyat kasb etadigan Direktorlar kengashiga kirdi.
Taniqli sarmoyador endi birdan keng qamrovda harakat boshlamoqchi. Ser Retkliff jumladan, «MYU» klubi rasmiy telekanaliga bergan intervyusida «qizil iblislar»ni avvalgi darajaga olib chiqish yo‘lida bor imkoniyati va kuchini aslo ayamasligini alohida urg‘uladi. Binobarin, u bolaligidan «MYU»ga orzudagi jamoa sifatida qaragan.
Yangi ishi bo‘yicha
- Hozir ta’riflanmas ajoyib tuyg‘u ichidaman. Ochig‘i, «MYU» oilasiga kirganim shunchaki, fantastika. Haligacha bunga ishonolmayapman, meni bir chimchilab qo‘ysangiz ham mayli... Barchasi bolalik orzusi ro‘yobiga o‘xshaydi. Boshqacha ifoda etganda, aqlga sig‘mas lahza! Albatta, «MYU»ni eng yuksaklikka qayta ko‘tarish missiyasida ishtirok etishimdan alohida faxrlanaman. Aqlimni tanibmanki, ota-onam ham hamisha «Yunayted»ga muxlislik qilishgan. Hozir faqat bir jihatdan nadomat chekishim mumkin - ular bugun oramizda yo‘q, afsus, «MYU» boshqaruv tizimiga qo‘shilganimni ko‘rishmadi...
Shaxsiy manfaat masalasi
- Ishoning, ushbu sarmoyalashning moddiy jihatlariga umuman qiziqmayman. Zero, kimyoviy moddalar, neft va gaz yo‘nalishida yetarlicha daromadga egaman. Oddiy aytganda, «MYU» aksiyalarini futbol ortidan ham pul topish uchun xarid qilmadim. Avvalo, jamoani yana eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarish, uni g‘olib sifatida ko‘rishdan manfaatdorman. Axir «MYU» uchun muvaffaqiyatsiz davr boshlanganiga naq 11 yil bo‘ldi. Demoqchimanki, klubni o‘ziga tegishli haqqoniy joyiga qaytarish vaqti keldi allaqachon. Eslasangiz, Aleks Fergyuson kelishidan oldin ham xuddi shunday davr kuzatilgan edi jamoa hayotida.
Eng asosiy maqsadlar
- Ayni holatda oldimizda ikki muhim vazifa turibdi. Ulardan biri uzoq muddatga mo‘ljallangan. Ya’ni klubni o‘zimiz xohlagan joyga olib chiqish missiyasini asta-sekin, qat’iy reja bo‘yicha amalga oshirishimiz kerak. Lekin qisqa muddatga qaratilgan mas’uliyatli vazifa ham bor - klubdan hozirgi ko‘rinishida maksimal darajada foydalanib, kelasi mavsum Chempionlar Ligasida o‘ynashini ta’minlashimiz zarur. Buni uddalasak, juda zo‘r bo‘lardi, albatta. Hammasi juda oddiy. O‘ylaymanki, ko‘pchilik bizni faqat o‘yinlarda g‘alaba qozonish, APL va Chempionlar Ligasida bosh kubok uchun kurashish qiziqtirishini yaxshi tushunib turibdi. Ehtimol, biroz tarafkashlik qilayotgandirman, lekin «MYU» yer yuzidagi eng katta, eng buyuk va eng mashhur futbol klubi ekanligiga aminman. Faqat hammasini shoshilmasdan, puxta reja asosida to‘g‘ri va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishimiz talab etiladi. Qisqasi, loyihamiz bir lahzalik o‘zgarish sanalmaydi, balki kamida 2-3 mavsumni o‘z ichiga olgan rivojlanish strategiyasidir. Shu o‘rinda jamoa muxlislaridan biroz sabr qilishlari, yaxshi kunlar uzoqda emasligiga ishonishlarini so‘ramoqchiman.
Qatar shayxiga munosabati
- Shayx Jassimni nazarda tutyapsizmi? To‘g‘risi, klubda hech kim u bilan biror marta ko‘rishmagan. Jumladan, Gleyzerlar ham shayx bilan uchrashishmagan.
«Yunayted»ga bog‘liq asosiy xotira
- Eng asosiysi xotirami? Shubhasiz, avvalo, YECHL-1998/1999 finalini tilga olaman. Sehrli g‘alaba! O‘sha finalni stadionda 11 yoshli o‘g‘lim bilan birga tomosha qilgandim. «Bavariya»ga qarshi uchrashuvning oxirgi 3 daqiqasi miyamga abadiy muhrlangan. Bunaqasini unutish mumkin ham emas. Xotiramda mangu qoladigan ajoyib lahza - bunga boshqa ta’rif ortiqcha!
Berradaning o‘tishi
- «Manchester Siti» bilan Omar Berrada masalasida do‘stona aloqa o‘rnatdik. Aytishim kerak, hammasini tezda tinch yo‘l bilan hal qildik. Binobarin, «Siti» vakillari Omar «MYU» chorlovini nima uchun qabul qilishni istayotgani mohiyatini tushunishdi va unga qarshilik ko‘rsatishmadi.
Eshvort bilan bog‘liq vaziyat
- Menimcha, Den Eshvort mukammal sport direktori, jahon futbolidagi eng yaxshilaridan biridir. O‘ylaymanki, u «MYU»ning yangi loyihasi uchun juda munosib nomzod! Ehtimol, futbolda eng kerakli lavozimni egallashni xohlagan kishiga bunday munosabatda bo‘lish mumkin emas. Bu - biroz ahmoqlik, bema’nilik. Har holda, o‘z ishini qoyilmaqom darajada uddalaydigan ajoyib mutaxassisning naq 1,5 bekor o‘tirishi aqlga sig‘maydi.
«Manchester Siti» va «Liverpul»ga nigoh
- Yashirishga hojat yo‘q, bu ikki klub «MYU» uchun raqobatchi, boshqacha aytganda, dushman hisoblanadi. Menga hech narsa ularni shohsupadan yiqitishdan ko‘ra ko‘proq zavq bag‘ishlamaydi! Ammo tan olishimiz kerak, hozirgi holatda «Siti» va «Liverpul»dan ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Har ikkisi puxta shakllantirilgan tashkilotga aylanib ulgurdi va tizimida ajoyib shaxslar bor, havas qilsa arziydigan ish muhiti hukmron. Garchi raqib sanalsada, har ikki jamoaga ham katta hurmat bilan qarayman. Lekin takror aytaman, «Siti» va «Liverpul» biz uchun dushman maqomida qolaveradi.
Gleyzerlar ishi
- Joel va Avraam bilan yaxshi munosabatdamiz. O‘rtamizda ishonchli aloqa shakllangan. Muhimi, ularga ham endi sport komponenti bilan shug‘ullanayotganimiz ma’qul.
Futbolchilar va xodimlarni jalb etish ahamiyati
- Menimcha, zamonaviy futbolda eng muhimi - kadrlar tanlash. Shubhasiz, «MYU» bu masalada juda ko‘p pul sarflagan, ammo boshqa ilg‘or klublar kabi yaxshi samara ko‘rmagan. Endi kadrlar siyosatini ham tartibga solish maqsadga muvofiq, albatta.
MUHAMMADXON tayyorladi