Kirish Ro'yxatdan o'tish

Legionerlarimizdan daraklar: O‘rinboyevdan «dubl-assist»

Legionerlarimizdan daraklar: O‘rinboyevdan «dubl-assist»

Baho:
+ | -

Italiya. «Kalyari» «A» seriya 30-turida «Verona»ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang qayd etdi.

Milliy jamoamizdan kichik jarohat bilan qaytgan Eldor Shomurodov mazkur o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladi, ammo tanaffus payti almashtirildi. «Kalyari» bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida bunga alohida izoh berdi. Chunki 28 yoshli hujumchimiz maydonda ancha faol harakatlanayotgan edi. «Juda qiyin o‘yin. Yo‘q, qarshi hujumda o‘ynamoqchi emasdik, lekin o‘xshamadi. Lekin baxtiyorman, g‘alaba qozonolmaganingdan keyin yutqazib qo‘ymaslik muhim. Shomurodovga achinaman. Axir birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan hujumchini zaxiraga olishimga to‘g‘ri keldi. Raqiblar «ikkinchi qavat»da yaxshi o‘ynaydigan hujumchilarimizni alohida yopishdi. Shuning uchun Shomurodov o‘rniga Violani tushirib, unga hujum va yarim himoyani bog‘lashini tayinladim», - dedi tajribali murabbiy 45 daqiqalik harakati 6,2 ballga loyiq ko‘rilgan hujumchimiz haqida.

Qozog‘iston. QPL 3-turida «o‘zbekcha derbi» kuzatildi. Ya’ni «Ordabasi» — «Qayrat» o‘yinida 3 nafar hamyurtimiz maydonga tushdi. «Ordabasi» yarim himoyachisi Jasur Yaxshiboyev to‘liq vaqt to‘p surib, 84-daqiqada gol urgan bo‘lsa, uning klubdoshi Shahboz Umarov 63-daqiqada zaxiraga olindi. «Qayrat» vakili Ibrohimhalil Yo‘ldoshev esa 90 daqiqalik faol harakati bilan o‘z klubining 2:1 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.

Rossiya. «Rubin» Rustam Ashurmatov to‘liq vaqt to‘p surgan o‘yinda «Axmat»ni 2:1 hisobida dog‘da qoldirdi o‘z maydonida. Milliy jamoamiz himoyachisi 90}4-daqiqada sariq kartochka ham oldi. Qozon klubidagi yana bir hamyurtimiz Umarali Rahmonaliyev esa qaydnomadan chetda qoldi. SSKA bu safar ham g‘alabani qo‘ldan chiqardi. «Sochi»ga qarshi safar o‘yinida Abbos Fayzullayevsiz harakatlanishgan «armiyachilar» avvaliga 2ta gol urishdi, biroq yakunda 2:2 hisobi bilan cheklanishdi.

Angliya. «Brentford» U-21 jamoasida asta-sekin o‘zini ko‘rsata boshlagan Muhammadali O‘rinboyev «Ipsvich»ga qarshi o‘yinda 65-daqiqagacha tup surib, 2ta gol hammuallifiga aylandi. Biroq uning jamoasi yakunda 3:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

BAA. Pro-liga 17-turi hamyurtlarimiz Aziz Amonov va Abdulla Abdullayevning klubi - «Xorfakkan» uchun omadsiz keldi. Chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoa «Al-Vasl» maydonida 3ta javobsiz gol qabul qilib oldi. Legionerlarimizga kelsak, Amonov 64-daqiqada zaxiraga olingan bo‘lsa, Abdullayev to‘liq vaqt maydonda qoldi. «Al-Vahda» va «Shabab Al-Ahli» o‘rtasidagi bahsda esa 3:3 hisobida yakunlandi. Mezbonlar vakili 

Hojimat Erkinov uchrashuvning 68-daqiqasida almashtirilgan bo‘lsa, mehmon jamoa yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev maydonga tushmadi.

J.Koreya. «K»-2 liga 2-turidan o‘rin olgan «Sonnam» - «Kimpxo» o‘yinida maydon egalari 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Hamyurtimiz Ikrom Aliboyev ushbu g‘alabaga to‘liq 90 daqiqalik harakati bilan hissa qo‘shdi. 30 yoshli yarim himoyachimiz joriy mavsum «Sonnam»ning 2ta o‘yinida ham maydonga tushganini qo‘shimcha qilish o‘rinli. 

Gonkong.SHerzod Temirov «Kitchi» safida navbatdagi golini nishonladi. Jamoasining boshlang‘ich tarkibidan o‘rin olgan hujumchimiz o‘yinda hisobni ochib, 4:1 hisobiga yo‘l ochib berd iva 77-daqiqada o‘z o‘rnini zaxira vakiliga bo‘shatib berdi.

Fransiya. «Lans» Liga 1 27-turida «Lill» mehmoni bo‘lib, ortga 1:2 hisobi bilan qaytdi. Jamoa himoyachisi Abduqodir Husanov sariq kartochkalar limiti tufayli bu uchrashuvni chetdan kuzatdi.

Tatariston poytaxti - Qozon shahrida XII Respublika iftori tashkil etildi. Unda «Rubin» boshqaruv prezidenti Marat Safiullin, bosh murabbiyi Rashid Rahimov va 3 nafar futbolchisi Marat Apshasev, Mirlind Daku va Rustam Ashurmatov Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashishdi. «Ramazon - musulmonlar uchun muhim oy. Bundan katta tadbirda «Rubin» vakillari qatnashishgani juda yoqimli. Mirlind Daku, Rustam Ashurmatov va Marat Apshasev bilan faxrlanamiz, ular turli mamlakatlardan, murakkab mashg‘ulotlar jarayoniga qaramay, ro‘za tutishmoqda», - dedi «Rubin» rahbari. Rustam Ashurmatov esa «Axmat»ga qarshi o‘yindan keyin ro‘za tutib o‘ynash haqida gapirdi: «Asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishga urinyapman, lekin hammasini bosh murabbiy hal qiladi. Ro‘za tutib, o‘ynash qanchalik og‘ir? Bolaligimizdan ro‘za tutamiz, shuning uchun bu hech qanday muammo tug‘dirmaydi».

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:42, 04.04.2024.
O'qildi: 1548 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.