Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Alessandro Bastoni: «Inzagi bizga sifat va xotirjamlik bag‘ishlamoqda»

Alessandro Bastoni: «Inzagi bizga sifat va xotirjamlik bag‘ishlamoqda»

Baho:
+ | -

Joriy mavsum «Inter»­ning muddatidan oldin Italiya chempioni bo‘lishida himoyachi Alessandro Bastonining hissasi katta.

Har holda, Simone Inzagi jamoasi «A» seriya o‘yinlarida atigi 20ta gol qo‘yib yubordi. Sky Sport nashri muxbiri yaqinda italiyalik himoyachiga yuzlanib, chempionatda rasmiylashtirilgan navbatdagi g‘alaba unda qanday his-tuyg‘ular uyg‘otganiga qiziqdi.

- Avvalo, chempionatdagi g‘alaba taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz...

- Hammasi ajoyib, his-tuyg‘ular ta’riflanmas darajada. Shaxsan men Yevropa chempionatidan keyin terma jamoa bilan chempionlik paradida qatnashgandim, o‘shanda marsh 3-4 soat davom etgandi. «Inter»ning bayrami esa bundan ikki baravar ko‘proq vaqt oldi. Muxlislarning bizga ko‘rsatgan mehr—muhabbatlari - bu yil davomida unutilmaydigan voqelik. Parad chindan ham, yorqin lahzalarga boy bo‘ldi. O‘zi joriy mavsum jamoamiz uchun ideal kechdi. Deylik, o‘tmishdagi xatolarni tahlil qilish va ularni tuzatish uchun yetarlicha vaqt bor edi. Umuman, g‘alaba bir yil davomida jamoa sifatida amalga oshirilgan rejali ishlar ortidan keldi.

- Xo‘sh, joriy mavsum «Inter» o‘yinida aynan nima yaqqol o‘zgardi?

- Zamonaviy futbol namunasini ko‘rsatish juda yoqimli. Janob Inzagi olib kirgan evolyusiya jarayoni o‘z samarasini berdi. Ilgari asosan klassik 3-5-2 taktik chizmasi asosida o‘ynardik, ammo bu yigitlarga uncha yoqmasdi. Shaxsan men maydonda hujumkorlikka zo‘r berishni ma’qullayman. Muhimi, jamoada hammamiz nima qilish kerakligini bilamiz, bir-birimizga nisbatan ishonch mustahkam. Shunga muvofiq, har qanday vazifani bajarishga tayyormiz, maydonda qo‘rqmasdan dadil to‘p suryapmiz.

- «Inter»ning hozirgi g‘oliblik mentaliteti abadiymi?

- Buni ich-ichimdan his qilyapman, misol uchun, chempionlik bayramidan keyin ham ishtiyoq aslo so‘nmadi. Ha, ishlar yaxshi rivojlangan payt hammasi oson tuyuladi. Lekin futbolda mudom g‘alaba qozonish imkonsiz. Misol uchun, men skudetto uchun kurashda ham, CHLda ham jiddiy umidsizliklarni boshdan kechirdim. Muhimi, muxlislarimiz har qanday sharoitda, hamisha bizni chinakamiga qo‘llab-quvvatlashadi. Shunday ekan, har doim ularning mehr-muhabbatlariga munosib javob qaytarishga intilishimiz shart.

- Murabbiy bilan munosabatingiz qanday?

- Yaxshi. Simone maydonda chiroyli futbol ko‘rsatishimiz uchun bizga sifat va xotirjamlik bag‘ishladi. Futbolda asosiy nuqta shu. Hatto ta’til payti ham murabbiy bilan munosabatimiz uzilib qolmaydi. Jamoa avtobusidagi muhitni ko‘rsangiz, o‘z-o‘zidan to‘lqinlanib ketasiz. Oldingi yillar kiyinish xonasida ajoyib shaxs bor edi - Samir Xandanovich. Uni almashtirish oson emasdi. Mana, Lautaro Martines katta mas’uliyatni meros qilib oldi. 

- Jamoa o‘yinida Tyuramning ta’siri nechog‘li katta?

- Meni eng ko‘p hayratga solgan yigit - bu aynan Markus. To‘g‘risi, undan ishga bu qadar kuchli yondashuvni kutmagandim. Deylik, «Borussiya»ga qarshi o‘ynaganimizda, ya’ni Tyuramga to‘qnash kelganimizda, u meni bunchalik hayratlantirmagandi. Markusning o‘yinlarini zimdan kuzatsangiz, uning barcha jihatlarda naqadar yaxshi ekanligini tushunasiz. Jismonan baquvvat, aqlli va jamoa uchun ishlashdan qochmaydigan mehnatkash yigit. 

- «Inter»ning yaqin kelajagini qanday ko‘ryapsiz?

— Bir necha hafta oldin mashg‘ulotlarda yigitlarga momaqaldiroqdan keyin har doim quyosh chiqishini aytdim. Demoqchimanki, futbolda eng qiyini - barqarorlikni ta’minlash. Keyingi mavsum boshidan barcha raqiblar bizga qarshi alohida shaylanishadi. Demak, to‘xtashga haqqimiz yo‘q. Muhimi, ko‘pchiligimiz hali nisbatan yosh bo‘lsakda, yutuqni qayta-qayta takrorlashni xohlaymiz. Chindan ham, bosh vazifamiz o‘zgarmaydi - g‘alaba va yana g‘alaba!

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:48, 25.05.2024.
O'qildi: 430 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.