Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Bilim/mahorat – muvaffaqiyat garovi!

Bilim/mahorat – muvaffaqiyat garovi!

Baho:
+ | -

Nafaqat futbol, balki hayotda ham o‘z vazifasini a’lo darajada uddalaydigan kishilar qisqa vaqt ichida ko‘pchilik e’tiborini qozonadilar.

Bugungi hikoyamiz qahramoni - Ruben Amorim yosh, lekin ajoyib natijalar qayd etishga ulgurgan istiqbolli murabbiylar toifasidan. Endigina 39 yoshni qarshi olgan mutaxassisni bir qator grand klublar rahbariyati bejiz bo‘lajak bosh murabbiy rolida tasavvur qilayotgani yo‘q. Jumladan, oxirgi oylarda «Liverpul», «Barselona» va «Chelsi» mutasaddilari Amorim nomzodini sinchiklab ko‘rib chiqishayotgani haqida gap-so‘zlar ko‘payganidan ko‘paydi.

***

Ruben Amorim boshqaruvidagi «Sporting» yakunlangan mavsum asosiy raqibi «Benfika»ni naq 10 ochkolik farq bilan ortda qoldirib, Portugaliya chempionati g‘olibiga aylandi. Lissabon jamoasi chempionat doirasidagi 34ta o‘yinda naq 29ta g‘alaba qayd etdi va 100ta gol marrasiga yaqin keldi (96ta). Asosiysi, «sherlar» Amorim rahbarligidagi 4 mavsumda 2-marta Portugaliya Primerosi shohsupasiga ko‘tarildilar. Ha, «Sporting» bundan 4 yil muqaddam, aniqrog‘i, 2020 yilning mart oyi dastlabki kunlari navqiron mutaxassis boshqaruvida ilk marta maydonga tushgan va «Avesh» klubidan 2:0 hisobida ustun kelgandi. Yosh murabbiy debyutidayoq g‘alabani ta’minlagan bo‘lsada, o‘sha vaqt jamoaning umumiy holati havas qiladigan darajada emasdi. Shuning uchun ham «Sporting» hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar hech kimni befarq qoldirayotgani yo‘q va eng zabardast klublar ham Ruben Amorim xizmatiga jiddiy qiziqa boshladi.

***

Ruben Amorim murabbiylikda nimalarga qodirligini ilk marta «Braga»da namoyish eta boshladi. Klub mutasaddilari 2019 yil oxirida salbiy natijalar ortidan Rikardu Sa Pintuni iste’foga chiqarishgach, yoshlar jamoasini ishtiyoq bilan boshqarayotgan Ruben Amorimda o‘z salohiyatini katta doirada sinab ko‘rish imkoniyati yuzaga keldi. Taajjubki, «Braga» o‘sha vaqt atigi 34 yoshda bo‘lgan mutaxassis boshqaruvida birdaniga ochiq va hujumkor o‘yin ko‘rsatishga tushdi. Jamoa jumladan, 2020 yilning 17 yanvar  - 15 fevral oralig‘ida «Portu» va «Spor-ting» bilan 2 martadan, «Benfika» bilan esa 1 marta kuch sinashdi va ...5ta o‘yinni ham g‘alaba bilan yakunladi. Portugaliyada kamtarin «Braga»dan hech kim grandlarni birin-ketin «tiz cho‘ktirish»ni kutmagandi, albatta. Yo‘q, o‘yinlar oddiy emasdi. Deylik, bragaliklar «Portu»ni kubok finalida ham yengib, dongdor raqibni sovrinsiz qoldirishgandi. Aynan Portugaliya kubogi Amorim uchun murabbiylik faoliyatidagi dastlabki sovrin bo‘ldi.

***

Liganing ko‘plab jamoalari qatori «Sporting» ham Ruben Amorim o‘ziga xos noyob iqtidor ekanligiga tezda amin bo‘ldi va darhol uni o‘z tomoniga og‘dirish harakatiga tushdi. Shu tariqa 3 oyga yetmagan vaqt ichida «Braga» bilan fantastik parvozni namoyish etgan murabbiy mart­ning ilk kunlari Lissabon jamoasida ish boshladi. Diqqat qiling, poytaxt klubi Amorimga shu qadar qiziqdiki, uning uchun «Braga»ga 10 mln. yevro miqdorida tovon puli to‘lashdan ham tiyilgani yo‘q. O‘sha vaqtga qadar butun Yevropada atigi 2 nafar murabbiy transferi bundan qimmatroqqa baholangan edi. Portugaliya ligasida esa Amorim eng qimmatbaho murabbiyga aylandi. Agar klub rahbariyati va muxlislar o‘rtasidagi keskin munosabatni inobatga olsak, bu o‘ta qaltis qaror edi. Amorim bilan kelishuvni asossiz isrofgarchilikka yo‘ygan muxlislar yakunda qattiq adashishganini tan olishdi ham. Raqamlarda aytsak, «Sporting» Ruben bosh­-qaruvidagi 4 yil davomida asosiy raqiblari - «Benfika»dan 16 ochko, «Portu»dan esa 13 ochko ko‘p ishladi. Oddiy aytganda, «sherlar» bu davrda 1ta o‘yinda o‘rtacha hisobda 2,38 ochkodan olishdi. Amorim ish boshlashidan oldingi 136ta o‘yinda o‘rtacha ko‘rsatkich 2,13 ochkoga teng edi va jamoa bu borada «Benfika» (2,51 ochko) va «Portu» (2,42 ochko)dan orqada qolayotgandi.

***

«Sporting» mavsum-2019/2020-ni 4-o‘rinda yakunladi («Braga»dan ham orqada qoldi). Muhimi, klub rahbariyati yosh murabbiyga nisbatan ishonchni yo‘qotgani yo‘q. Umuman, Lissabon klubi 2002 yildan buyon milliy chempionatda «oltin» yutolmayotgandi. Muxlislar yaxshi bilishsa kerak, Portugaliya futbolida azaldan «ulkan uchlik» hukmronlik qiladi. Biroq oxirgi yillarda bu trioning 3-jamoasi «Portu» va «Benfika»dan sharmandali darajada ortda qolib ketgandi. Deylik, «sherlar» o‘sha 2002 yilgi chempionlikdan keyin Amorim rahbarligida yana taxtga ko‘tarilishlariga qadar «Portu» 11 marta, «Benfika» esa 7 marta zafar kuyini chaldi. Aytgancha, Ruben «Benfika»ning 3ta chempionlik mavsumida aynan «burgutlar» safida to‘p surgandi. Xullas, futbolchilikda poytaxtning ikkinchi grandiga aloqador bo‘lgan Amorim oldida «Sporting»da avvalo, muxlislar mehrini qozonish vazifasi ko‘ndalang turardi. Yakunda «sherlar» mavsum-2020/2021da chempionlik masalasida «quruq» seriya­ga barham berishdi. Qolaversa, Ruben Portugaliya Liga kubogi va superkubogida ham g‘alabani ta’minladi. E’tiborlisi, «sherlar» superkubok uchun bahsda  Amorimning sobiq klubi - «Braga»ni mahv etdilar. Shu tariqa «Sporting» fanatlari Amorim azaliy raqib - «Benfika» odami ekanligini unutishdi va uni baralla qo‘llab-quvvatlashga tushishdi.

***

Mavsum-2022/2023 Amorim hafsalasini pir qildi. Zero, «Sporting» biror sovrin yutolmadi, kamiga kuchli uchlikdan tushib qoldi. Buning salmoqli sabablari bor edi, albatta. Deylik, yetakchi ijrochilar APLga yo‘l olishdi - Joau Palinya «Fulxem»ga, Mateus Nunyes «Vulverxempton»ga. «PSJ»dan ijara kelishuvi bo‘yicha taklif qilingan Pablo Sarabiya esa Parijga qayt­di. Asosiysi, rahbariyat omadsiz mavsumdan keyin ham murabbiyni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Bu orada «Sporting» tarkibida 10tadan ko‘p gol urish sanoqli futbolchilarga nasib etdi. Mavsum-2022/2023da Fransishku Trinkau (10ta) va Pedru Gonsalvesh (15ta), undan oldin Paulinyo (11ta) va Pablo Sarabiya (11ta), mavsum-2020/2021da esa faqat Gonsalvesh (23ta) nisbatan mahsuldor o‘yin ko‘rsatishgandi. 2019/2020 yillar mavsumida esa hech kim 10ta gol marrasiga yetmagandi. Mana, bu safar «Koventri»dan 20 mln. yevroga xarid qilingan shvesiyalik Viktor Dyekeresh «sherlar» safida chempionatning o‘zida 29ta gol to‘pladi. Shuningdek, Simon Banza ham 20ta gol marrasidan oshdi (21ta). Bugungi «Sporting» himoyasida ham barchasi joyida. Jumladan, 3 nafar markaziy himoyachi (Gonsalu Inasiu, Mateus Reys va Usmon Diomande) raqib hujumlarini bartaraf etish bo‘yicha top-ligalar vakillari orasida kuchli beshlikdan joy olishdi.

Ruben Amorim «Sporting» bilan 4 yil ichida 2 marta chempionlikka erishib, o‘tgan asrning 50-yillari angliyalik Rendolf Gellouey tomonidan qayd etilgan natijani takrorladi. Ya’ni 70 yil badaliga Lissabon jamoasi biror murabbiy boshqaruvida 4 mavsumda 2ta «oltin» olmagandi. Ayni payt Rubenni Angliyada intiqlik bilan kutishmoqda, OAVda  esa yosh murabbiyni APLda katta muvaffaqiyatga erishgan Joze Mourinyo­ga qiyoslashmoqda. Ehtimol, u yaqin orada portugaliyalik yangi «Benazir» maqomini ham olar...

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:58, 09.06.2024.
O'qildi: 930 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.