Xabaringiz bor, ayni paytda FIFA kunlari munosabati bilan O‘zbekiston Superligasida tanaffus yuzaga kelgan. Bundan unumli foydalanish, futbolchilarning jismoniy formalarini maromida saqlab turish maqsadida, “Navbahor” kecha Tojikiston oliy ligasining muntazam ishtirokchisi, mazkur mamlakatning sovrindor jamoalaridan biri, jumladan, 9 karra kumush, 6 karra bronza medallari, 5 karra Tojikiston kubogi sohibi “Xo‘jand”ga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur bahsda mezbonlar ustozi Samvel Babayan maydonga asosan kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan va yosh futbolchilarni tushirib, ularning jismoniy holatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Bellashuv borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, tashabbus ko‘proq vakillarimiz tarafida bo‘lsada, mehmonlar ham jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilishdi.
Birinchi bo‘limdagi vaziyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Samvel Babayan shogirdlarining hujumlaridan birida gruziyalik tajribali hujumchi Toma Tabatadzening zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi.
Uchrashuvning 30-daqiqasida tojikistonliklar o‘z jarima maydonchasi ichida Asadbek Sobirjonovga nisbatan qo‘pollik ishlatishdi. Natijada uchrashuv bosh hakami Isroiljon Imomnazarov xo‘jandliklar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Penaltini Toma Tabatadze aniq amalga oshirib, hisobni ochdi – 1:0.
Birinchi bo‘limga to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan daqiqada mehmonlarning o‘zbekistonlik yarim himoyachisi Jasur Qurbonov gol urib, jamoalarning tanafusga 1:1 hisobidagi durang bilan chiqib ketishini ta’minladi.
Uchrashuvning 2-bo‘limi ham keskin kurashlar ostida kechdi. O‘yin yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida, tojikistonliklarning navbatdagi hujumlaridan birida “Xo‘jand”ning tajribali hujumchisi Dilshod Bozorov jarima maydonchasi ichidan kuchli va aniq zarba yo‘lalgan holda, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2.
Albatta, uchrashuvning bunday tus olishi “lochinlar”ni qoniqtirmasdi. Shu bois, Samvel Babayan shogirdlari hujumni kuchaytirishdi. Mezbonlarning navbatdagi hujumlaridan birida jamoamizning gruziyalik hujumchisi Giorgi Nikabadzening zarbasidan so‘ng, to‘pni jarima maydonchasi ichidagi raqib himoyachisi qo‘li bilan qaytardi.
Natijada bosh hakam Isroiljon Imomnazarov “Xo‘jand” darvozasiga ikkinchi marta 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Penaltini bu safar jamoamiz sardori Azimjon Ahmedov aniq va kuchli tarzda amalga oshirib, yakuniy hisobning jangovar durang – 2:2 ko‘rinish olishini ta’minladi.
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi
“Navbahor” – “Xo‘jand” – 2:2 (1:1)
9 iyun. Namangan. “Markaziy” stadioni. 321 tomoshabin.
Hakamlar: Isroiljon Imomnazarov, Islomjon Nosirov, Azizbek Zokirov, Olloyor Isomiddinov
Nazoratchi: Fayzullo Hasanov.
Gollar: Toma Tabatadze (30-pen.), Azimjon Ahmedov (90+3-pen.) – Jasur Qurbonov (45+1), Dilshod Bozorov (87).
"Navbahor” PFK matbuot xizmati.