Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Ikkinchi Buskets»

«Ikkinchi Buskets»

Baho:
+ | -

Hozir yuksak saviyadagi tayanch yarim himoyachisi ko‘pchilik nomdor klublar uchun topish qiyin bo‘lgan yumushga aylanib qoldi.

Chunki o‘yindagi muvaffaqiyat yoki omadsizlikka aynan shu chiziq vakilining saviyasiga bog‘liq ekanligini murabbiylar ham, sport direktorlari ham yaxshi tushunadilar. Klod Makeleledan to Serxio Busketsga va Rodrigacha mazkur rol ijrochilari o‘zgarib turgan bo‘lsada, uning g‘alaba uchun muhimligi hamon shundayligicha qolmoqda.

Futbol yangiliklarida Deklan Rays bilan birgalikda «Real Sosyedad» yarim himoyachisi Martin Subimendi ham tez-tez tilga olinadi. 25 yoshli xavbek «Arsenal», «Barselona» kabi bir necha top-jamoalar radarlarida paydo bo‘ldi. Kataloniyaliklar Buskets o‘rnini to‘ldira oladigan nomzod izlashni boshlaganlaridan beri uni kuzatmoqdalar. Bu bejiz emas. Martin yaqin kelajakda yuksak saviyaga ko‘tarilib, dunyoning eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylanishiga shubha yo‘q.

San-Sebastyan noyob iqtidorlarga boy go‘sha. Bu shahardan Mikel Arteta va Xabi Alonsodek o‘z davrining afsonalari yetishib chiqishgan. Subimendi ham «Bayer» bosh murabbiyi tug‘ilgan joyda dunyoga keldi va «La Real» akademiyasiga yo‘l oldi. 12 yoshdan o‘smirlar jamoalarida shug‘ullanishni boshlagan iqtidor 2016 yilda «Real Sosyedad»da debyutini nishonladi. 2020 yilda esa «V» jamoasiga o‘tib, aynan Alonso rahbarligida shug‘ullana boshladi. Shuningdek, 2019 yil aprelida «Xetafe»ga qarshi bellashuvda «Sosyedad»ning asosiy tarkibida ilk bor maydonga tushdi. Keyin Martin asosiy jamoa tarkibidan mustahkam o‘rin olib, 31 marta maydonga tushdi va jamoadoshlari bilan YECHL yo‘llanmasi uchun kurasha boshladi.

Ana shu faoliyati davomida Subimendi Ispaniya terma jamoasining o‘sha davrdagi bosh murabbiyi Luis Enrikening e’tiborini jalb etdi. bunga qadar xavbek yoshlar terma jamoalarida ishtirok etgan, 2021 yilda «Qizil Furiya» tarkibida koronavirus testlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, birinchi marta xalqaro arenada to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shundan beri Martin o‘z klubi va terma jamoaning muhim o‘yinchilaridan biri maqomida maydonga tushmoqda. Avvalgi mavsumda u La Liga doirasidagi uchrashuvlarda to‘liq qatnashgan bo‘lsa, joriy mavsumda atigi 3ta o‘yinni o‘tkazib yubordi.

Martinning terma jamoadagi roli ham birmuncha kengaydi. Hozirga qadar u «qizil furiya» tarkibida 5 marta maydonga tushdi. Uning mart oyida Kolumbiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida to‘liq to‘p surgani muhim ahamiyatga ega. Shu ketishda Subimendi Yevro-2024 turnirida Luis de la Fuente jamoasining muhim o‘yinchisiga aylanishiga shubha yo‘q. Hozir Martin tom ma’noda qit’aning kelajagi porloq tayanch yarim himoyachisi maqomida to‘p surmoqda. Alonso rahbarligidagi saviyali jamoada olingan tajriba uni YECHL­da qatnashadigan bir qator grandlar nishoniga aylantirdi. «Barselona»ning jiddiy qiziqishi ma’lum bo‘lgach, uni kataloniyaliklar afsonasi bo‘lmish Serxio Busketsga qiyoslay boshladilar. Darhaqiqat, Martin nomdor kasbdoshining uslubida to‘p suradi, himoya va hujum chiziqlari o‘rtasida muhim bog‘lovchi rolini talab darajasida ado etadi. Kerakli pallada o‘yin sur’atini tezlatishi yoki sekinlatishi mumkin. Bundan tashqari, to‘psiz vaziyatlarda ham doimo ishonchli o‘yin ko‘rsatadi.

«Sosyedad» - o‘yin nazoratini xush ko‘radigan uyushqoq jamoa. Martin esa aynan shu uslub uchun yaratilgan ijrochi, bir zumga bo‘lsada, nazoratni yo‘qotmaydi, raqibning xavfli hujumlarini bartaraf etadi. Garchi tezligi yuqori bo‘lmasada, bu kamchilikni yakkakurashlardagi ustunligi va o‘yinni oldindan «o‘qiy olish» qobiliyati evaziga yo‘qqa chiqaradi.

Subimendining o‘yinidan qandaydir jiddiy zaiflikni topish qiyin. U zamonaviy futboldagi eng murakkab pozisiyalarning birida to‘p surayotgan bo‘lsada, o‘z vazifasini talab darajasida uddalamoqda. Ehtimol, o‘yin tempining nisbatan pastligi Martinning yagona kamchiligidir. Uning kam sonli omadsiz ishtiroki tezkor uslubda o‘ynaydigan jamoalarga qarshi bellashuvlarda namoyon bo‘ladi. masalan, YECHL 1/8 finalidagi «PSJ»ga qarshi duelning ikkala uchrashuvida u ba’zan tezkor raqiblarini o‘tkazib yubordi. Agar Martin APLga o‘tish orzusida bo‘lsa, ana shu salbiy jihatidan forig‘ bo‘lishi talab etiladi.

Amaldagi shartnomaga binoan, Martin yana 3 yil san,sebastyanliklar jamoasida to‘p surishi mumkin. Biroq faoliyatida o‘zgarishlar yuz berishi ehtimoli ham yo‘q emas. U o‘tgan yil yozida klubni o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lgandi. Lekin bir qator nomdor jamoalar takliflarini rad etib, qadrdon jamoasi bilan YECHLda to‘p surishni afzal ko‘rgandi. Joriy mavsumni 7-o‘rinda yakunlayotgan jamoa bu gal nufuzli turnirda ishtirok etmaydi.

«Arsenal» yoki «Barselona» Martinga yana bir marta nufuzli musobaqada qatnashish imkoniyatini berishi mumkin edi. Biroq futbolchi tobora ko‘payib borayotgan takliflarni rad etishda davom etmoqda. Subimendining shartnomasida uning transfer qiymati 60 mln. yevro. Ya’ni, APL top-klubi uchun nisbatan qimmat bo‘lmagan baho. Agar Martin yozda «Sosyedad»ni tark etsa, yuksak cho‘qqilarni zabt etish yo‘lida qadrdon jamoasidan voz kechgan bo‘ladi. Bunday dadillik futbolda yuksak qadrlanadi.

 Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 20.06.2024.
O'qildi: 3004 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.