Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kamtarga kamol

Kamtarga kamol

Baho:
+ | -

«PSJ»ning bu gal ham taxtdan tushmagani Liga 1 uchun odatiy hol bo‘lib qoldi.

«Monako»ning 2-o‘rinda ekanligi ham izohga muhtoj emas. Lekin YECHLning 3-yo‘llanmasini ... «Brest» qo‘lga kiritdi.

Breton klubi hech qachon bunchalik cho‘qqini zabt etmagan, 1986/87 yillar mavsumidagi 8-o‘rin «qaroqchilar» uchun eng yuksak marra edi. 5 yil avval Liga 1ga qaytganlaridan keyin «29-lar» (klubning ikkinchi taxallusi) 11-pog‘onadan yuqoriga ko‘tarila olmayotgan edilar. Jamoaning asosiy vazifasi elitadagi o‘rnini saqlab qolish edi.

Laqablar xususida to‘xtalsak, «qaroqchilar» keng tar­qalgan emas, «Brest»ni ko‘proq «29-lar» deyishadi. Bu laqab klubning 1929 yilda tashkil etilganini anglatmaydi. Shunchaki, Belorusdagi Brestning nomdoshi joylashgan Finister departamenti Fransiyada 29-tartib raqami ostida yuritiladi.

Nihoyasi xayrli ertak

O‘tgan yili «Brest» mavsumni 14-o‘rinda yakunlagandi. Klub byudjeti Liga 1da 14-o‘rinda. Yozgi transfer darchasida klub o‘zini o‘ta kamtarona tutdi. Yarim himoyachi Frank Onoroni «Borussiya M.»ga 8 mln. yevroga sotib, Mahdi Kamarani 3 mln.ga, Bredli Lokoni 500 minga xarid qildi. Hujumchi Mario Satriano «Inter»dan, Jordan Amavi esa «Marsel»dan ijaraga olindilar. Shunday tarkib bilan jamoa Liga 1dagi o‘rnini saqlab qolish umidida edi. Taxminchi va bukmekerlarning bashoratlari ham aynan shunaqa edi.

Biroq start uchrashuvida «29-lar» vise-chempion «Lans»ni mahv (3:2) etishdi. Keyin safarda «Gavr»ni 2:1 hisobida yengishdi va o‘zlarini 2-pog‘onada ko‘rishdi. Lekin «Marsel» 2ta javobsiz gol evaziga g‘alabaga erishib, bretonliklarni osmondan yerga tushirib qo‘ydi.

Biroq keyingi 3ta o‘yinda «Brest» 7 ochko jamg‘arib, peshqadam bo‘lib oldi. To‘g‘ri, bu uzoqqa cho‘zilmadi, jamoa 2 durang ortidan 3ta mag‘lubiyatni qabul qilgach, unga og‘ir kunlarni bashorat qilganlar yengil tin olishdi: «Mana, ertakcha ham tugadi». Lekin ular kutgan pasayish yuz bermadi. Chunki «Lill», «Lans», «Marsel» kabi asosiy raqobatchilar ham ochkolar yo‘qotishga kelishib olgandek to‘p surishdi. Oqibatda, «Brest» jadvalning 2-yarmidan emas, 6-pog‘onadan joy oldi. Muvaffaqiyatli start esa chinakam ertakning muqaddimasiga aylandi. «29-lar» 4 durang va 7 g‘alabadan iborat mag‘lubiyatsiz seriya evaziga 2-o‘ringa chiqib olishdi. Albatta, yakuniy 10 uchrashuvning 3tasida imkoniyatni boy berib, «Monako»ni oldinga o‘tkazib yubordi. Lekin 3-o‘rin baribir, hatto bretonliklar uchun ham chinakam sensasiya bo‘ldi.

Yetuklik attestati  bo‘lmagan murabbiy

O‘zining muvaffaqiyatlari uchun «Brest» avvalo, 57 yoshli murabbiy Erik Ruadan minnatdor bo‘lishi lozim. Muxlislar uni «Qirol Erik» deb, e’zozlaydilar. Albatta, mazkur laqab sohibi bo‘lmish Erik Kantona bundan xursand bo‘lmasada, nufuzli laqabni bo‘lishib olishga majbur. Boz ustiga, «29-lar» ustozining sharifi juda mos, Rua iborasi qirol ma’nosini anglatadi. Bundan tashqari, shaxs sifatida ham Erik o‘ta qobiliyatli inson.

Nissada tug‘ilgan Erikning qadrdon shahri sharafini himoya qilish orzusi shu qadar kuchli ediki, futbol yo‘lida u maktabdagi bitiruv imtihonlaridan o‘ta olmadi va yetuklik attestatini qo‘lga kiritolmadi. Erik 17 yoshida «Nissa» tarkibidan joy oldi, lekin debyutni 3 yil kutishiga to‘g‘ri keldi. Rua noyob iqtidor sohibi bo‘lmasada, o‘z vazifasini risoladagidek ado etardi. U markaziy yarim himoyachi maqomida «Tulon», «Lion» jamoalarida to‘p surgan, 1999 yilda «Marsel» safida UYEFA Kubogi finalini o‘tkazish uchun Moskvaga kelgandi. Keyin ma’lum muddat Angliyaning «Sanderlend» va Ispaniyaning «Rayo Valyekano» klublarida o‘ynab, Nissaga qaytdi va 35 yoshida butsalarini mixga ildi.

Shundan keyin qadrdon klubida jamoatchilik bilan ishlash bo‘limining direktori lavozimida ishga kirishdi. 2010 yilda «Nissa»da murakkab vaziyat yuzaga kelib, jamoa elitani tark etish xavfi ostida qoldi. murabbiy izlashga vaqti qolmagan mutasaddilar jamoa boshqaruvini Ruaga topshirdilar.

Bo‘lajak «qirol Erik» jamoani Liga 1da olib qoldi, keyingi mavsumda ham yangi murabbiy ishonchni oqladi. Klub vositalaridan bemaqsad foydalangani uchun iste’foga chiqarilgan kasbdoshidan farqli ravishda, Rua klub hisobidan iqtidorli o‘yinchilarni topish uchun 12 kun Argentinada bo‘lib qaytdi. Biroq klub safar hisobotini talab qildi. Natijasiz qaytgan Rua klubni tark etdi. Aynan shu pallada murabbiylik lisenziyasi yo‘q ekanligi yodiga tushdi va bu kamchilikni to‘ldirishgan qaror qildi. Darvoqe, murabbiylik kursida Erik Zayniddin Zidan bilan birgalikda tahsil oldi.

Biroq yangi sohada Ruaga ish topilmagach, u «Lans»da sport direktori lavozimini egalladi, keyinchalik «Uotford»dagi qisqa faoliyatdan so‘ng «Brest»da ma’muriy lavozimni egalladi. 2022/23 yillar mavsumida avval Mishel Ter-Zakaryan, keyin Bruno Grugi jamoani boshqara olishmadi va 2023 yilning ilk kunlarida Rua bosh murabbiy etib tayinlandi. Jon saqlab qolish mavsumini muvaffaqiyatli hal qilgan Erik to‘la qonli murabbiy maqomini oldi.

Bir necha oydan keyin «Fransis Le Blyo» stadioni tribunalarida «Qirol Erik» bannerlari paydo bo‘ldi. Kantonaning bunga aloqador emasligi o‘z-o‘zidan tushunarli.

Notanishlar jamoasi

«Brest» tarkibida faqat hatto ismi ham notanish bo‘lgan o‘yinchilar to‘p suradi desak, adolatsizlik bo‘ladi. Taniqli futbolchilar ham yo‘q emas. Masalan, darvozabon Marko Bizo uzoq vaqt «AZ» darvozasini ishonchli qo‘riqlagan, bir-ikki marta Niderlandiya terma jamoasiga ham jalb etilgan. O‘ng qanot himoyachisi esa «Strasbur» va «Olimpiakos»da o‘ynagan, bir yil avval «Brest»ga kelgan, chap qanotdagi Jordan Amavi «Aston Villa» talabini qondira olmagan bo‘lsada, hozir ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Jamoa sardori bo‘lmish Pyer Lis-Melu «Brest»dan avval «Nissa»da 100ta ko‘proq o‘yin o‘tkazgan, markaziy hujumchi Stiv Munye o‘z vaqtida «Xaddersfild» safida gollar urgan.

Erik Rua 4-3-2-1 sxemasini xush ko‘radi, faol pressingni qo‘llaydi. Uning jamoasi bosimni raqib jarima maydonchasidan boshlaydi. Qanot o‘yinchilari ham juda faol. Boshlang‘ich tarkibda ko‘pincha 9 nafar fransiyalik futbolchi maydonga tushadi, ularga bir nafar Benin vakili va niderlandiyalik Bizo hamkorlik qiladi.

«Brest»ning ulkan muvaffaqiyati klubga quvonch bilan birgalikda muammolarni ham olib keldi. Jamoa YECHLga tayyormi? Albatta, yo‘q. Tarkib mukammal emas, o‘rindiq qisqa. Kuchaytirish uchun mablag‘ yo‘q, stadion ta’mirga muhtoj, «29-lar»ga o‘yinni o‘tkazishga UYEFA ruxsat berishi noma’lum. «Nant» yoki «Renn» stadionlarini ijaraga olish esa mablag‘ talab etadi.

Bundan tashqari, yevrokubok musobaqalari taqvimi tig‘iz, ko‘pincha, haftada 2ta o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. «Brest» esa haftalik rejimga moslashib qolgan, yangi muhitga moslashish oson bo‘lmaydi. Biroq hozir shaharda bayram hukmron. Bu tabiiy hol. Kamtarin jamoa haqli muvaffaqiyat gashtini surmoqda.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 20.06.2024.
O'qildi: 1063 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.