Yozgi yig‘inini Toshkentdagi Do‘rmon sport qarorgohida olib borayotgan “Andijon” jamoasi rejaga ko‘ra ilk o‘rtoqlik uchrashuvini pro liga vakili Nukusning “Aral” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Bellashuvga to‘xtalishdan avval andijonlik muxlislarni qiziqtirayotgan tarkibdagi o‘zgarishlarga biroz to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Xabaringiz bor, jamoa hozircha rasman Vagiz Galiulin bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, u hozirda mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, tarkibda yana bir qator yangi o‘yinchilar ham bor va ular ayni paytda ko‘rikdan o‘tmoqdalar. Jumladan, qozog‘istonlik 19 yoshli iqtidorli yarim himoyachi Nurimbet Abinur, “Surxon”ni tark etgan himoyachi Aziz Pirmuhammedov, OKMKdan himoyachi Jahongir Fozilov va aka-uka Diyor hamda Baxtiyor Tojiyevlarni aytish mumkin. “Aral”ga qarshi o‘yinda murabbiylar barcha yangi o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazdilar. Shuningdek, yig‘inda “Andijon” o‘rinbosarlar jamoasidan Saidmurod Karimov va Shoxjahon Yorqinboyev ham jalb qilingan.
Bevosita o‘yinga kelsak, barchasi andijonlik murabbiylarning nazorati ostida o‘tdi va bir qator oldindan o‘ylab qo‘yilgan rejalar amalga oshirildi. Dastlabki gol hujumchi Saidmurod Karimovning hisobiga yozildi. Ikkinchi golda esa zaxiradan maydonga tushgan Farhod Sohibjonov o‘zining ajoyib pasi orqali qozog‘istonlik Nurimbet Abinurni qulay vaziyatga chiqardi. O‘z navbatida ushbu o‘yinchi bunday imkoniyatdan ustalik bilan foydalanib qoldi.
Qolgan gollar tanaffusdan keyin kiritildi. Murabbiylar ikkala bo‘limda ham zaxiradan futbolchilarni maydonga tushirishdi va rejaga binoan barcha o‘yinchilarga imkoniyat berildi. Barcha jabhada faol o‘yin ko‘rsatgan "burgutlar" uchinchi golni chiroyli kombinasiya orqali kiritdi. Ilhom Abdug‘aniyev, Farhod Bekmuratov, Bektemir Abdumannonov kombinasiya orqali raqib jarima maydoni ichiga kirib bordilar va uning yakuniy nuqtasini Luka Zgurskiy qo‘ydi ham hisobni yiriklashtirdi.
Tinib-tinchimas Farhod Bekmuratov esa "Andijon"ning boshlagan hujumini ajoyib gol bilan yakunladi. U jarima maydoni ichiga kirmasdan o‘zining aniq va kuchli zarbasi bilan darvozabonni ojiz qoldirdi. O‘yinga nuqta qo‘ygan oxirgi gol Bektemir Abdumannonov hisobiga yozildi. Biz asosan golli vaziyatlarga to‘xtaldik. Bulardan tashqari, yana bir qancha holatlarda vodiyliklar golli imkoniyatlardan foydalana olmadi. Shu tariqa, “Andijon” yozgi yig‘indagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvida “Aral”ni 5:0 hisobida taslim qildi.
“Andijon” jamoasi rejaga ko‘ra yig‘inini davom ettirmoqda. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan olib borilyapti. Tarkibda yana ayrim o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Shunday ekan, jamoaga qo‘shilib, shartnoma imzolaydigan va tark etadigan o‘yinchilar borasida tez orada rasmiy ma’lumotlar beramiz. “Burgutlar”ning navbatdagi o‘yini esa 20 iyul kuni “Qizilqum”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
“Andijon” – “Aral” – 5:0 (2:0).
16-iyul. Toshkent. “Do‘rmon” sport qarorgohi.
Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Islom Azimov, Sherzod A’zamov
Nazoratchi: Andrey Tambovsev.
“Andijon” jamoasining boshlag‘ich tarkibi: Mohir Komilov, Islom Mamatkazin, Jahongir Fozilov, Aziz Pirmuhammedov, Abdurahmon Komilov, Shoxjahon Yorqinboyev, Sherzod Esanov, Muhammadkarim Toirov, Rustam Turdimurodov, Nurimbet Abinur, Saidmurod Karimov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Shaxrom Samiyev, Farhod Sohibjonov, Abdulvohid G‘ulomov, Vagiz Galiulin, Maksim Sarraf, Ilhom Abdug‘aniyev, Farhod Bekmuratov, Diyor Tojiyev, Levan Arveladze, Ilhom Alijonov, Sardor Azimov, Ildar Mamatkazin, Luka Zgurskiy, Baxtiyor Tojiyev.
“Aral” jamoasining boshlang‘ich tarkibi: Shoxjahon Nasimov, Bekzod Axmedjonov, Anvar Fayzullayev, Rasul Musayev, Narxon Sheripov, Shamsiddin Sa’dullayev, A’zam Aliyev, Izzat Abdulxakov, Izzat Quttiboyev, Aziz Umirbekov, Arslan Yusupbayev.
Gollar: Saidmurod Karimov, Nurimbet Abinur, Luka Zgurskiy, Farhod Bekmuratov, Bektemir Abdumannonov.