Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Fillips – «Manchester Siti» ittifoqi: hech kim yutmagan transfer...

Fillips – «Manchester Siti» ittifoqi: hech kim yutmagan transfer...

Baho:
+ | -

Futbolda ba’zan ne-ne umidlar bilan amalga oshirilgan transfer klubga zarracha manfaat keltirmaydi.

Tabiiyki, samarasiz xaridlarda o‘ziga yarasha sabablari bo‘ladi - jarohatlar, sport formasini yo‘qotish, murabbiyning almashishi va hokazo. Lekin ayrim omadsiz transferlar ham borki, ularni xas-po‘shlash uchun arzirli sabab topilmaydi. Misol tariqasida niderlandiyalik Donni van de Bekning «MYU»ga transferini keltirish mumkin. Lekin u yolg‘iz omadsiz emas - Manchesterning ikkinchi yarmida ham ishlari mutlaqo yurishmagan futbolchi bor. Gap yarim himoyachi Kelvin Fillips haqida ketmoqda...

***

Shiddatkorligi bilan yaqqol ajralib turgan Kelvin Fillips «Lids»ning asosiy yulduzi va ishongan tog‘i edi. Jamoaga argentinalik Marselo Byelsaning tashrifiga qadar «oqlar» muxlislarida chinakamiga quvonish uchun alohida jihatlar ko‘p emasdi. Ularga birgina Fillips hamisha o‘zgacha zavq bag‘ishlardi. Muxlislar bunga javoban stadionlar va jamoat joylarida suyukli futbolchilariga atab, baralla qo‘shiq kuylashga odatlanishgandi. Kelvinni «Yorkshir Pirlosi» maqomi bilan ulug‘lashgani uning  naqadar obro‘ orttirganidan dalolat. «Lids» tizimida 2010 yili shug‘ullana boshlagan xavbek mavsum-2014|2015-da asosiy jamoaga qo‘shildi va Chempionshipda to‘p sura boshladi. 2016 yili esa qahramonimiz asosiy tarkibning muqim a’zosiga aylandi. Fillipsning katta futboldagi debyutidan 5ta mavsum o‘tib, «oqlar» Marselo Byelsa rahbarligida nihoyat, Chempionship g‘olibi sifatida yana APLga ko‘tarildilar. Biroq elitada uzoqroq qolishning iloji topilmadi - «Lids» 2021|2022 yillar mavsumi autsayderlar guruhidan 3 ochko darajasida o‘zgan holda 17-o‘rindan joy oldi. Ke­yingi mavsum esa quvnoq klub elitadagi o‘rnini saqlab qololmadi. Kelvin esa qadrdon klubi bilan «jon» saqlab qolish uchun kurashishni istamadi. Chunonchi, unga APL grandlarining qiziqishi nihoyatda ortib ketgandi. Da’vogarlar orasida esa Manchesterning ikki klubi ham bor edi...

*** 

Kelvin Fillipsning o‘zi intervyularidan birida «MYU» taklifini rad etganini yashirmagandi. Mankunianlar «oqlar»ga azaliy raqib ekanliklarini nazarda tutsak, qahramonimiz mantiqan to‘g‘ri qarorga kelgandi. Xullas, Filips yakunda «shaharliklar» tarkibidan joy oldi. E’tiborli tomoni, «Siti» xavbek transferi uchun «Lids»ga naq 49 mln. yevro to‘ladi. Kelvin esa «shaharliklar» safidagi ilk o‘yin («Vest Xem»ga qarshi)da atigi 1 daqiqa harakatlandi va shuning o‘zi mutlaqo boshqa saviyadagi jamoaga tushib qolganini anglashiga kifoya qildi. Muhimi, yarim himoyachi faoliyatida ilk marta CHL turniri zavqidan bahramand bo‘ldi. Qo‘shimchasiga, «shaharliklar» uning debyu­tida «Sevilya»ni yirik - 4:0 hisobida taslim etishdi. Biroq mavsum davomida istiqboli xavbekning yangi jamoadagi harakati bir maromda rivojlangani yo‘q. Deylik, u startdagi 2ta o‘yinda qayd­nomaga ham kiritilmadi, 3-bahsni esa zaxira o‘rindig‘ida kuzatdi, keyin yelkasidan jarohatlanib, uzoq muddatga safdan chiqdi. Oqibatda oraliq marraga «Vest Xem»ga qarshi uchrashuvdagi 1 daqiqalik ishtirok bilan yetib keldi.

*** 

Kelvin nihoyat, 2023 yilning yanvarida safga qayt­di. Lekin har 2-3ta o‘yinda 1 marta maydonga tushishdan nariga o‘tmadi, baribir. Faqat mavsum yakuniga yaqinlashgan va «Arsenal» chempionlik poygasidan chiqib ketgan palladagina Gvardiola asosiy vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan yigitga nisbatan ko‘proq amaliyot taqdim etdi. Mavsum-2022|2023 yakunida «shaharliklar» fantastik muvaffaqiyat - «trebl»ni rasmiylashtirgan bo‘lsalar, Fillips kamtarin «Lids»dagi parvozdan keyin o‘yin bobida keskin qulashga yuz tutdi. Ha, u birdaniga tasavvuriga ham sig‘magan g‘alabalar porsiyasini ko‘rdi, ammo nufuzli sov­rinlarda ulushi yo‘qligi tufayli qoniqish hosil qilmadi, ter to‘kmay topilgan obro‘-e’tibordan quvonishga vijdoni yo‘l qo‘ymadi.

*** 

Xosep Gvardiola xavbekning insoniy fazilatlariga bir necha marta yuksak baho bergan, lekin shu bilan birga o‘yin saviyasi talab darajasida emasligini ham ta’kidlagandi. Ispaniyalik mutaxassis asosan angliyalik shogirdining ortiqcha vazn orttirganidan kuyundi, yana bir qator kamchiliklari tufayli uni maydonga tushirmay qo‘ydi. Qolaversa, Rodrining yuksak sport formasini barqaror ushlab turgani ham Kelvin imkoniyatini pasaytirdi, baribir. Aytishlaricha, Fillipsning o‘zi hech qachon ispaniyalik ampluadoshiga o‘rindosh bo‘lishni o‘ylamagan, hatto raqobatda undan ustun kelishga umid ham bog‘lamagan ekan. Bundan tashqari, «shaharliklar» yozda 2 nafar yarim himoyachi bilan shartnoma tuzishdi - Mateo Kovachich («Chelsi»dan 29 mln. yevroga) va Mateush Nunesh («Vulverxempton»dan 62 mln. yevroga). Shu tariqa Fillipsning «Ittihod»dagi istiqboli yanada xiralashdi. Gvardiola oxir-oqibat, Fillipsni o‘yin amaliyoti bilan ta’minlay olmasligi va ketishiga qarshi emasligini ochiq-oydin aytdi. Biroq shu bilan muammo hal bo‘lgani yo‘q. Chunonchi, to‘liq transfer u yoqda tursin, hatto ijara kelishuvi ham da’vogar klublarga og‘irlik qilardi. Deylik, orada «Yuventus» yarim himoyachini ijara kelishuvi bo‘yicha o‘ynatishni o‘yladi, ammo Fillipsning ish haqi kattaligidan bu rejasidan voz kechdi. Shuningdek, Kelvinning «Nyukasl»da paydo bo‘lish ehtimoli ham yo‘qqa chiqdi. Futbolchiga qiziqqan yana bir klub - «Everton» so‘nggi pallada katta xarajat qilishni istamadi, yana «Kristal Pelas» varianti amalga oshmadi. Fillips yakunda «Vest Xem»­ga o‘tdi, ammo «bolg‘achilar» safida atigi 8ta o‘yinda ko‘rinish bergan futbolchi biror samara keltirgani yo‘q. Xullas, «Lids» muxlislari tomonidan «Yorkshir Pirlosi» sifatida ulug‘langan futbolchining «Manchester Siti»ga transferidan ikki tomon baravariga yutqazdi - klub ham, futbolchi ham. Hattoki, Angliya milliy jamoasi ham minusda, axir Kelvin real nomzodlar qatoridan tushib qoldi. Ehtimol, yangi mavsum iqtidori shubha ostiga olinmagan Kelvin uchun futbol nuqtai nazaridan qayta jonlanish davriga aylanar...

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:00, 26.07.2024.
O'qildi: 1160 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.