Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Cho‘rtkesar prezident va murabbiy hamkorligi

Cho‘rtkesar prezident va murabbiy hamkorligi

Baho:
+ | -

«Napoli» avvalgi mavsumni barbod qildi - chempionlik mavsumidan ke­yin marraga 10-o‘rinda yetib keldi.

Uni himoya qilish tugul, hatto yevrokubok musobaqalariga ham chiqa olmadi. Bu «Adzurra» uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Luchano Spallettidan keyin jamoada na samarali o‘yin, na o‘ziga bo‘lgan ishonch qoldi. Italiyalik tajribali murabbiy esa xuddi 2022|23 yillar mavsumida muvaffaqiyat takrorlanmasligini oldindan his etgandek, shartnoma muddati tugashidan avval jamoani tark etdi.

O‘tgan mavsum «Napoli»da 3 marta murabbiy almashdi. Avvaliga, klub prezidenti Aurelio De Laurentis Rudi Garsiyani taklif etdi. Biroq fransiyalik mutaxassisning «A» Seriyaga qaytishi omadsiz chiqdi. Shu sababli prezident avval ham neapolliklar jamoasini boshqargan Valter Madzarrini tayinladi. Uning ortidan o‘z vaqtida «Adzurra»ni boshqargan yana bir murabbiy - Franchesko Kalsona keldi. Biroq ularning hech qaysisi ijobiy o‘zgarishga erisha olmadi.

Shundan keyin «Napoli» jiddiy o‘zgarishlarga muhtoj ekanligi oydinlashdi va OAVda bosh murabbiylikka nomzodlar nomi e’lon qilindi: Joze Mourinyo, Vinchenso Italyano, Stefano Pioli va Jan Pyero Gasperini. «Atalanta» bosh murabbiyi Neapoldan taklif bo‘lganini tasdiqladi, lekin Bergamoda qolishni afzal ko‘rdi.

Pioli bilan ham anchagina muzokaralar bo‘lib o‘tdi, lekin bu urinish ham samara bermadi. Yakunda, «Napoli» bosh murabbiyi lavozimini Antoni Konte egalladi. Shu tariqa De Laurentis ko‘pchilikni lol qoldirish san’atini yana bir marta namoyish etdi.

Kontening neapolliklar jamoasiga kelishi ham ko‘p muhokama qilingan bo‘lsada, uni jiddiy qabul qilganlar juda ozchilik edi. Birinchidan, «Adzurra» o‘ta cho‘rtkesar sohib ixtiyorida, uning Antoniodek jizzaki murabbiy bilan hamkorligini tasavvur qilishning o‘zi ham oson emasdi. Ikkinchidan, De Laurentis doimo jamoaning 4-3-3 taktik sxemasida to‘p surishini talab qilardi. Bu esa Kontening uslubi emas, u 3-5-2 yoki 3-4-3 sxemalarini qo‘llaydi. Aftidan, tomonlar bu masalada qandaydir umumiy qarorga kelgan ko‘rinadilar. Lekin kimdir Kontega u yoki bu sxemada o‘ynashni maslahat bergani ham aqlga sig‘maydi.

Ehtimol, prezident taktika bobida erkinlikni murabbiyga bergandir. Nima bo‘lganda ham, ular hamkorlikka tayyorlar. Uning qancha davom etishi - boshqa masala. Bu prezident bilan murabbiy qanday strategiyani tanlashganiga bog‘liq. So‘nggi mavsumdagi pasayishdan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, «Napoli»da qayta qurish jarayoni boshlanadi. Garchi ijodkorlar hech qayoqqa ketmagan bo‘lsalarda, chempion jamoadan hech vaqo qolmadi. Viktor Osimxen birinchi bo‘lib ketishga izn so‘radi. Nigeriyalik hujumchi anchadan beri Neapolni tark etib, yangi jamoani orzu qilardi. Keyinchalik Xvicha Kvarasxeliya va Jovanni Di Lorensolar Osimxen yonidan joy olishdi.

Avvaliga De Laurentis tarkibni yoshartirishga mo‘ljallangan qayta qurishni ko‘rib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Hozirda «Napoli» «A» Seriyaning katta yoshdagi jamoalari orasida 5-o‘rinda bormoqda. Prezidentning maqsadi Italyano va Gasperinilar nomzodi muhokamasida ham tasdiqlangandi. Bu mutaxassislar jamoani shakllantirishni yaxshi bilishadi. Pioli ular kabi «quruvchi» ham emas, transfer masalalarida talabchan ham emas - tarkibdagi o‘yinchilar bilan ishlayveradi.

Endi De Laurentis rejani keskin o‘zgartirib, «Inter», «Yuventus» va «Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyiga murojaat qilgan ko‘rinadi. Konte - uzoq kelajak uchun yaratilgan murabbiy emas. U jamoani shakllantirish, rivojlantirish bilan shug‘ullanmaydi. Aynan shuning uchun uning «Tottenxem»ga tayinlanishi ajablanarli edi, hamkorlik ham uzoqqa cho‘zilmadi. Antonio «Inter» bilan, «Yuventus» va «Chelsi» bilan chempion bo‘ldi, tamom. U kutib o‘tirmaydi - hozir va shu yerning o‘zida raqobatbardosh jamoa kerak. Balki Konte birinchi mavsumda yetakchi kvartetdan joy olib, keyin skudetto uchun kurashishga rozilik berishi mumkindir. Biroq «Adzurra»da shunday resurslar bormi?

«Napoli»dagilar Osimxenning transferiga katta umid bog‘lashgan. Uning shartnomasida qayd etilgan bahosi 130 mln. yevro. Lekin nigeriyalik hujumchi uchun shuncha mablag‘dan voz kechishga tayyor mard qayerda? To‘g‘ri, Viktor «Adzurra»ning yetakchi yulduzi. Chempionlik mavsumida u barcha musobaqalar hisobidan 31ta, o‘tgan mavsumda esa 17ta gol urgan.

Osimxen chindan ham gol urish san’atini puxta o‘rgangan, lekin katta janglarda har doim o‘z sa’atini namoyish etavermaydi, xaridorlar esa aynan shunaqa bellashuvlarda top-hujumchilar o‘yinlarini kuzatadilar. Viktorni 100 mln. atrofidagi bahoda pullashning o‘zi ham jamoa uchun ulkan muvaffaqiyat bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, «Adzurra» g‘aznasida avvalgi transfer darchalarida tejab qolingan uncha-muncha zaxira ham yo‘q emas.

Osimxenni sotish evaziga «Napoli» Kontening jamoani qaytadan shakllantirish yo‘lidagi transferlar uchun mablag‘ bilan ta’minlashi mumkin. Biroq buning uchun tezkor harakat talab etiladi. Sanoqli kunlardan keyin mavsumoldi tayyorgarligi boshlanadi. Qolaversa, Viktorga va ketish niyatidagi boshqa o‘yinchilar transferi bo‘yicha siljish yo‘q. Bundan tashqari, jamoa Kvarasxeliya va Di Lorensoni qo‘yib yuborishni istamayapti. Shuningdek, Konte ham. Qisqasi, vaziyat o‘ta chigal. Bu esa tabiiyki, murabbiyga yoqmaydi. Chunki u mavjud o‘yinchilardan qaysilari yangi mavsumda maydonga tushishidan bexabar. Hozirda muxlislar Kontening «Napoli»dagi faoliyatiga dov tikish davri keldi, deya o‘zaro hazillashmoqdalar. Chindan ham, vaziyat o‘ta qaltis: jamoa o‘zining eng qimmat o‘yinchisini sota olmayotgani yetmagandek, boshqa yulduzlar ham ketish ilinjidalar. Xullas, Konte mavjud tarkib bilan skudetto uchun kurashishga majbur, boshqa yo‘l yo‘q. Lekin o‘sha tarkibda kimlar bo‘lishi va klub uni qay darajada kuchaytirishi hamon mavhumligicha qolmoqda.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:03, 05.08.2024.
O'qildi: 983 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.