O‘tgan mavsum yakunida Unai Emeri «Aston Villa»ga tarixiy natijani hadya etdi - «sherlar» 41 yil ichida ilk bor eng nufuzli yevrokubok turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi.
Bu natija ispaniyalik murabbiyning afsungarlik fazilati va jamoa bilan til topisha olish mahoratini yanada mustahkamlaydi. Lekin YECHL uchun bu xislatlarning o‘zi kamlik qiladi. Kutilmaganda «Villa» APL transfer bozorining eng faol mijoziga aylandi. Vaholanki, «Arsenal» porloq mavsumni o‘tkazgan «Bolonya»dan Kalafyorini, «Yunayted» esa «Real»dan kelajagi porloq himoyachini tortib olgandi.
Transfer kampaniyasiga mablag‘ni «Yuventus» va shayxlar berishdi
«Manchester Siti», «Arsenal» va APLdagi boshqa grandlarning ulkan harajatlariga hamma ko‘nikib qolgan, Villa» esa endi ular safiga qo‘shildi va MFP qoidalariga rioya qilishga urinadi. Shuning uchun keng ko‘lamli xaridlarni qimmatbaho sotuvlar ko‘magisiz amalga oshirishning iloji yo‘q.
«Sherlar»ning o‘yinchilariga talab kuchli bo‘lishi kutilgandi - har holda, jamoa yorqin mavsumni o‘tkazdi. Daromadni esa hammadan ko‘proq «Yuventus» va «Al-Ittihod» keltirdi. Tiago Motta kelganidan keyin, «keksa sinyora»da qayta qurish boshlandi. Qisqa vaqt ichida klub falsafasini tubdan o‘zgartirish uchun, tarkibni kuchaytirishga e’tibor qaratildi. «Aston Villa»da ularni yarim himoyachi Duglas Luis qiziqtirib qoldi. Avvaliga, turinliklar Luisni Samuel Iling-Junior va Ueston MakKenniga alishtirishni taklif etishdi. Unda tovon puli 20 mln. yevro bo‘lardi. Biroq inglizlar MakKenni bilan kelisha olmadilar. Yakunda «Yuve» 50 mln. sarfladi. Shayxlar esa Saudiya chempionatini taraqqiyoti yo‘lida avval faxriy yulduzlarni xarid qilishgan bo‘lsa, endi yosh ijrochilarga o‘tishdi. «Villa» vingeri Mussa Diabi uchun «Al-Nasr» va «Al-Ittihod» qiziqqandi. Yakunda u 60 mln. yevro evaziga «Al-Ittihod»ga ketdi.
Boshqa sotuvlar ham amalga oshirildi: Iroegbunam «Everton»ga, Sanson «Nissa»ga, Sinisalo «Seltik»ka yo‘l olishdi. Biroq yuqorida zikr etilgan ikki kelishuv katta foyda keltirdi.
Dastlabki YECHLga 40 yildan ko‘proq tayyorgarlik ko‘rildi
Loyiha uchun manzilga yetish bir necha mavsumga cho‘zilishi muhim - shiddatli ko‘tarilish Unai Emerining bosh murabbiy lavozimiga kelishidan boshlandi. Ispaniyalik mutaxassisga nomdor jamoalarni boshqarish nasib etmadi. Lekin u «chaqilmas yong‘oq» o‘rtamiyonalar bilan ham mashhur bo‘lish mumkinligini isbotladi. «Villa» shunday jamoalarning biri. Uning parvozi 2022|23 yillar mavsumida boshlandi. O‘tgan mavsum esa Emeri uchun dastlabki to‘liq mavsum bo‘ldi, jamoani mavsumga tayyorladi, o‘yinchilarning ijobiy va salbiy xususiyatlarini o‘rgandi. Ular esa murabbiy ko‘rsatmalariga rioya qilib, uning asl sarkarda ekanligiga amin bo‘ldi.
Mavsumda «Villa»ning yetakchi uchlikda yurgan, «Liverpul» va «Arsenal»ni quvlagan paytlari ham bo‘ldi. Keyin 4-o‘ringa tushib qoldi va uni boy bermadi. Qizig‘i, bir yil avval 7, undan oldin 14-o‘rinlarni band etgandi.
Kelajakni ko‘zlab ishlash
«Sherlar» transfer bozorining yozilmagan qonunlariga rioya qilishga majburlar - ularda nomdor grandlar bilan raqobatlashish imkoniyati yo‘q. Ularga qarshi kurashish behuda ekanligi sababli, «Villa» butun e’tiborini nufuzli maktabda tahsil olgan, kelajagi porloq futbolchini topishga qaratdi. Yakunda klub mavsumning birinchi davrasini «Chelsi»da o‘tkazgan, keyin «Borussiya Dortmund»ga ijaraga berilgan Yan Maatsenni tanladi. Dortmundliklar «ko‘klar»ning talabini qondira olmadilar, «sherlar» esa til topisha oldilar - chap qanot himoyachisi uchun 44,5 mln. yevrodan voz kechdilar.
«Everton»ning o‘ta navqiron tayanch yarim himoyachisi Amadu Onana ham «Villa» tarkibidan joy oldi. Umuman, «sherlar» uzoq yillik loyiha muvaffaqiyatini ko‘zlagan holda navqiron futbolchilarni afzal ko‘rishdi. Va albatta, ular Angliyada o‘yin amaliyotiga ega ekanliklari asosiy shartlardan biri bo‘ldi. Ana shu sa’y-harakatlar evaziga «Sheffild» hujumchisi Kemeron Archer, «Xall Siti» vingeri Jeyden Filogen-Bidas, «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Iling-Junior va «Everton» vingeri Lyuis Dobbinlar birmingemliklar safini to‘ldirishdi. Ularning barchasi 20-22 yoshdagi futbolchilar. Yosh iqtidorlar xaridi uchun 176 mln. yevro sarflandi. Ayni pallada «Villa» yozgi transfer darchasida eng ko‘p mablag‘ sarflagan APL klubi bo‘lib turibdi. Taqqoslash uchun, «MYU» «Real» markaziy himoyachisi Leni Yoro va hujumchi Zirkzee uchun 104 «limon»dan voz kechdi.
Yangi darajaga chiqqanda barqarorlik juda muhim
«Villa»ni tushunish mumkin. «Sherlar» buyuk parvozni amalga oshirdilar. Lekin hozircha, shunga yarasha qudrat va resurslarga ega emaslar, top-beshlikka raqobat qilishlari osonmas. Buning uchun baza kerak. Taniqli o‘yinchilar baholarini grandlar osmonga ko‘tarib qo‘yishgan, faqat yosh iqtidorlar va mahalliy akademiyalar tarbiyalanuvchilaridan foydalanish mumkin.
Eng asosiysi, Maatsen va Onana tezroq yangi muhitga moslashib olishsin, muvaffaqiyatni ta’minlash ularning zimmasida. Mavsum esa juda yaqin. Bir yoqda YECHL, boshqasida, ichki chempionat. Qolgan o‘yinchilardan mavsum davomida barqaror taraqqiyot talab etiladi. Asosiy masala - «Villa» elitaning jiddiy sinovidan o‘ta olishi va Emerining «sherlar»ni grandlar safiga olib chiqishi.
S.RAHMONOV tayyorladi