«Milan» safiga qo‘shilgan yangi hujumchi - angliyalik Temmi Abraxam «San Siro»da faoliyatini qayta tiklashdan umidvor.
Qizig‘i, «Roma»da to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatgan futbolchi «rossonerlar» uchun ilk golini «Inter» darvozasiga yo‘llamoqchi. Har holda, Temmi Milan TV efiridagi suhbat davomida buni dangal aytdi.
- Temmi, nima uchun aynan «Milan» taklifini qabul qildingiz?
- Gap Chempionlar Ligasida eng ko‘p g‘alaba qozongan Italiya jamoasi haqida ketmoqda. Umuman, «Milan» tarixi turli darajadagi zafarlarga to‘la va bunday jamoa libosini kiyish har qanday futbolchi uchun orzu bo‘lsa kerak. Qolaversa, bolaligimda hamisha ushbu afsonaviy klubning tengsiz afsonalari o‘yinlarini katta havas bilan tomosha qilganman. Bunga qadar menga «Milan»ga qarshi bir nechta o‘yinda ishtirok etish baxti nasib etdi. Mana, endi shunday buyuk jamoa safini to‘ldirganimdan bag‘oyat xursandman. Aytgancha, «rossonerlar» uchun birinchi golni qanday taqdim etishni istayman? Derbida «Inter» darvozasini ishg‘ol qilmoqchiman. Shu yorqin futbolkada ilk marta to‘pga teginaman va gol uraman! Yakunda 1:0 hisobida g‘alaba qozonamiz.
- Asosiy kumiringiz kim?
- Bolaligimda oilamiz bilan «Arsenal» o‘yinlarini sira qoldirmasdan tomosha qilardik. Xususan, Tyerri Anri harakatlarini alohida kuzatib, uning o‘yinidan shunchaki, zavqlanardim, o‘zgacha ilhomlanardim. Qisqasi, Anrining maydonda bajargan ishlaridan hayratlanib, hujumchi bo‘lishga ahd qilganman. Hozirgacha mashg‘ulotlarda uning ba’zi fintlarini takrorlashga urinaman. Shuningdek, har hafta Ronaldo, Didye Drogba kabi qoyilmaqom hujumchilar ijrosidagi o‘yinlarni tomosha qilardim kuchli hayajon bilan. Hayotda esa ota-onamga haqiqiy kumir sifatida qarayman. Ular orzularim sari reja bo‘yicha olg‘a intilishimni diqqat bilan kuzatishadi, zarur maslahatlarini sira ayashmaydi.
- Aytishlaricha, bo‘sh vaqtni asosan o‘g‘lingiz yonida o‘tkazar ekansiz...
- Ha, men uchun o‘g‘limning yonida bo‘lish juda muhim. Uning orzularini to‘la qo‘llab-quvvatlayman va oxirigacha yordamimni ayamayman. Binobarin, ota-onam vaqtida meni oyoqqa turib olishim uchun mislsiz darajada jon kuydirishgan, har doim yonimda parvona bo‘lishgan. Endi ular ko‘rsatgan g‘amxo‘rlikni o‘g‘limga qaytarishni xohlayman. Xullas, har doim uning yonida turaman. Umid qilamanki, o‘g‘lim ham futbolni tanlaydi, ehtimol, xuddi men kabi hujumchi bo‘lar. Turmush o‘rtog‘im Lia haqida ham soatlab gapirishim mumkin. Do‘stlik oxir-oqibat sevgiga aylandi. U hayotimning barcha bosqichlarida birga bo‘ldi, katta suyanch vazifasini o‘tadi. Lia endi - ajoyib ona. Hamxonamdan bir umr minnatdorman.
- Bolalik chog‘ini yodga olsangiz: to‘p ortidan ko‘p yugurarmidingiz?
- O, akam Timmi bilan hattoki, uy ichida ham to‘p tepardik. Qanchadan-qancha lampalarni sindirib, ko‘p muammolar tug‘dirganimiz ham kechagidek yodimda. Ota-onamiz o‘shandayoq ulg‘ayganimizda qaysi yo‘ldan borishimizni tushunishgan. Mana, futbol hamon hayotimizni to‘ldirishda davom etmoqda. Hozir hatto singlim ham mendan ko‘proq o‘yin tomosha qilsa kerak. Umuman, har doim o‘z qobiliyatimga to‘liq ishonganman. Agar orqaga qaytish va yosh Temmi bilan gaplashish imkoniyati tug‘ilganida, unga bitta gap aytardim: «Barakalla!» Hamisha odamlar bilan muloqotga kirishish va hazillashishni xush ko‘rardim. Nazdimda inson aynan shu zaylda quvnoq yashashi kerak.
- «Milan»da yaqin do‘stingiz Fikayo Tomori bor...
- Tomori bilan soatlab gaplashsak ham aslo zerikmaymiz. O‘ta samimiy yigit. Uni 6 yoshimdan buyon bilaman. Ya’ni birga o‘sib-ulg‘aydik, ko‘p narsalarni boshdan kechirdik. Oilalarimiz o‘rtasida ham qalin do‘stlik rishtalari bor. Ikkimiz avvaliga APLda o‘ynab, keyin «A» seriyaga ko‘chib o‘tganimiz va hozir bitta klubda o‘ynayotganimiz - bu haqiqatga aylangan orzu.
- Ehtirosli «San Siro» haqida nima deya olasiz?
- Maydonga tunneldan chiqqaningizda, musiqaning gumburlashi va muxlislar hayqirig‘ini eshitasiz, shu asnoda beixtiyor tribunalarga qaraysiz, keyin tanangiz titrayotganini sezasiz - ta’riflanmas tuyg‘u. Qaytaraman, bolaligimda bu stadionda ko‘plab ajoyib futbolchilar o‘ynashgani va gollar urishganini ko‘rganman. O‘sha vaqt atmosfera ham aqlimni o‘g‘irlardi. Mana, endi ushbu ajoyib arenada klub uchun gol urish vaqti o‘zimga ham keldi.
- Oxirgi mavsum siz uchun omadsiz keldi asosan jarohat tufayli...
- Hozir tizzamdagi chandiqqa qarasam, qanday og‘ir holatni yengib o‘tganim yodimga tushadi. O‘ylaymanki, hayotda hamma ham turli mushkulotlar va sinovlarga duch keladi, xilma-xil vaziyatlarni boshdan kechiradi. Ba’zan esa inson o‘z hayotiga hal qiluvchi darajada ta’sir ko‘rsatuvchi qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelishi mumkin. O‘z tajribamdan aytsam, juda-juda qiynalganim rost. Agar aksini aytsam, yolg‘on gapirgan bo‘laman. Hattoki og‘riqdan tez-tez yig‘lardim, lekin qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Shunday og‘ir pallada o‘g‘lim katta kuch bag‘ishladi. Unga qaraganimda, og‘riq o‘z-o‘zidan biroz chekinardi. Muhimi, uyda qolish va o‘g‘limga vaqt ajratish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shuningdek, muxlislar o‘ylaganlaridan ham kuchliroq ekanligimni ko‘rsatish uchun maydonga qaytishim kerakligini teran tushundim.
M.PO‘LATOV tayyorladi