Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Buffon o‘rinbosarini qanday eslaymiz?

Buffon o‘rinbosarini qanday eslaymiz?

Baho:
+ | -

Voysex Shensni o‘z faoliyatida bitta o‘yinning o‘zida «MYU»dan 8ta gol o‘tkazib yuboradigan qiltiriq, noshud qo‘riqchidan Janluiji Buffondek mohir darvozabon o‘rnini egallashga muvaffaq bo‘lgan yorqin yulduz yo‘lini bosib o‘tdi.

«Sautgempton»dan qabul qilgan mag‘lubiyati alamiga kiyinish xonasining vannaxonasida alamini tamakidan olgan ham, Polsha prezidenti Anjey Duda bilan ayvonda sigara tutatgan ham shu yigit. To‘satdan yuragi og‘rib qolgani bahonasida maydonni tark etib, o‘yindan keyin esa, shunchaki, charchab qolgani uchun jamoadoshini o‘ynashga majbur etish ham uning hiylasi.

Voysex Shensnida Yeji Dudek kabi maydonda shou ko‘rsatish odati yo‘q. Uning badani Artur Borusniki kabi naqshlar bilan bezatilgan emas. Biroq Voysex Polsha futbol tarixidan abadiy joy olgan o‘yinchi. U mashhur darvozabon va zaharxanda kinoyalar ustasi. Darvozabon faoliyatini bemalol davom ettirishi mumkin edi. Lekin u hayotni tanladi va Toni Kroos yo‘lidan borishga qaror qildi. U o‘zini ham, futbolni ham qiynashni istamadi va sipolik bilan jimgina ketdi. To‘g‘ri, nemis futbolchisi ketishini oldindan e’lon qilgandi. Voysex esa vaziyatga qarab ish tutdi. «Yuventus» optimizasiya siyosati tufayli u bilan xayrlashdi. Moliyaviy muammolar sababli, sport direktori Kristiano Juntoli xarajatlarni imkon qadar kamaytirish payida edi.

Shensni - «Yuve»ning obro‘li o‘yinchisi. Biroq:

a) u 34 yoshda;

b) u klubdagi eng ko‘p ish haqi oladigan o‘yinchilardan biri;

v) turinliklar «Monsa»dan Voysexga nisbatan yoshroq va arzonroq, o‘yin saviyasi bo‘yicha teng bo‘lgan Mikel De Gregorioni xarid qilishdi.

Polshalik posbonga Saudiya Arabistonidan takliflar tushdi, lekin Voysex katta mablag‘ va shohona hayotdan voz kechib, o‘z oilasi yonida bo‘lishga qaror qildi. Tanlovda qahramonlik jihati yo‘q. Tabiiyki, futbolchi saudiyaliklar inyomisiz ham bemalol hayot kechirish imkoniyatiga ega. Ha, unga o‘ta manfaatli shartnomani taklif etishdi. Ha, hali kuch, quvvatini yo‘qotgan emas. Biroq bu olis, jazirama o‘lkaga yo‘l olish, Yevropadan butunlay farq qiladigan turmush tarziga moslashish...

Voysex o‘z hayotidagi shinamlik qimmatroq, degan qarorga keldi va faoliyatiga nuqta qo‘ydi.

O‘zining so‘nggi mavsumida Voysex «Yuventus»ga ikkita muhim vazifani ado etishda yordam berdi. Birinchidan, jamoa YECHLga qaytdi. Ikkinchidan, sovrinni qo‘lga kiritdi. To‘g‘ri, jamoaning Italiya Kubogiga sazovor bo‘lishida asosiy darvozabon vazifasini Voysex emas, Mattia Perin ado etgandi. Biroq bunda Shensnining aybi yo‘q, Maksimiliano Allegri sababchi. Voysex ham tarkibda edi, agar u maydonga tushganida, yomon o‘ynamasdi.

Qahramonimiz o‘zi to‘p surgan boshqa jamoalarda ham risoladagidek o‘ynagan. Masalan, «Arsenal»da u Yens Lemann o‘rnida bir necha yil ishonchli o‘ynagan. Keyin u David Ospinaga raqobatni boy berib, «Roma»ga o‘tib ketdi va ajoyib o‘yinlari evaziga qudratli «Yuventus» tarkibidan joy oldi.

Turin grandi safida Voysex «Real»ga qarshi bahsda Ronalduning «nuqta»dan yo‘llagan zarbasini qaytara olmagandi. To‘g‘ri, u to‘p yo‘nalishini topa olgan, lekin Krishtianuning zarbasi o‘ta kuchli bo‘lgandi.

Keyinchalik Voysex baribir, «Yuve»ning asosiy darvozaboniga aylandi va hammani Buffonni unutishga majbur etdi. Albatta, Jidjining afsona ekanligini hech kim inkor etmagan va etmaydi ham. Lekin maydonda polshalik darvozabon undan yaxshiroq o‘ynagani ham haqiqat. To‘g‘ri, u ham xatolarga yo‘l qo‘yadi, lekin shundan xulosa chiqarib, takrorlamaslikka harakat ham qiladi.

Oxirgi 10 yil ichida «Yuventus» turli bosqichlarni boshdan kechirdi. Allegrining kuchli jamoasi ikki marta YECHLning finalida o‘ynadi. Maurisio Sarri ko‘magida «Yuve»ga zamonaviy tus berish samara bermadi, murabbiy skudettoni qo‘lga kiritdi, biroq bir yildan keyin ketdi. Keyin jamoa Andrea Pirloning taklif etilishi bilan boshlangan ajabtovur yilni o‘tkazdi. Nihoyat, Turinga qaytgan Allegrining futbolidan gullar so‘lib, bolakaylar yig‘lashdi.

O‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi, lekin ana shu davr ichida Voysex o‘zgarmadi. U «Yuventus» suyanishi mumkin bo‘lgan shaxslardan biri bo‘lib qoldi.

Endi esa yangi hayot boshlandi - Voysex uchun ham, klub uchun ham. Aftidan, bu yog‘iga ikki tomon uchun ham ijobiy o‘zgarishlar yuz beradigan ko‘rinadi. «Yuventus» Juntoli va Tyago Mottaning ko‘magida moliyaviy muammolar va futboldagi kamchiliklarga barham berishga intilmoqda. Shensni esa o‘zini to‘la-to‘kis oilasiga, shuningdek, shuningdek, pianino chalish va boshqa o‘zi yoqtiradigan xobbilarga bag‘ishlashi mumkin.

Biz, muxlislar, zerikib qolamiz. Voysex esa zerikmasa kerak, balki ozgina zerikar. U o‘ta qiziquvchan va quvnoq, zerikishga vaqti yo‘q.

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:12, 24.09.2024.
O'qildi: 955 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.