Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Yuriy Vernidub: «Yaxshiboyev – mutlaqo boshqa saviya...»

Yuriy Vernidub: «Yaxshiboyev – mutlaqo boshqa saviya...»

Baho:
+1 | -

Hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev Qozog‘iston chempionatida mavsumning haqiqiy kashfiyotiga aylandi.

Har holda, fevral oyidagina amaldagi chempion «Ordabasi» safiga qo‘shilgan hujumkor futbolchimiz birdaniga klub yetakchilari qatoridan joy oldi, qolaversa, QPL to‘purarlar poygasiga ham qo‘shimcha «intriga» kiritdi. Aniqroq aytsak, 27 yoshli Jasur qozoq ligasi doirasidagi 17ta o‘yinda 9ta gol va 3ta assist qayd etdi. Fanday.kz «Ordabasi»ning «Jenis»ga qarshi o‘yini arafasida sayti Yaxshiboyev bilan «Shax­tyor» (Soligorsk) va «Sherif» (Tiraspol) klublarida birga ishlagan ukrainalik mashhur murabbiy Yuriy Vernidubdan eksklyuziv intervyu oldi. Tajribali mutaxassis butun suhbat davomida asosan hamyurtimiz haqida gapirdi, uni saviyasi yuqori futbolchi sifatida maqtadi.

Yaxshiboyev masjiddan qaytishi bilan gol urgandi...

- Yuriy Nikolayevich, avvalo, aytingchi, vaqtida siz bilan ishlagan Jasur Yaxshiboyevni qanday eslaysiz?

- Uni ilk marta Belarus chempionatida ko‘rgandim. O‘sha vaqt Soligorskning «Shaxtyor» klubida ishlardim, Yaxshiboyev esa «Energetik-BGU»da o‘ynardi. Jamoa safida yana 2 nafar o‘zbekistonlik bor edi - Shahboz Umarov va Humoyunmirzo Iminov. Hammasi top-futbolchi. Beixtiyor o‘ylab ham qolgandim: «BGU» bunday yigitlarni qayerdan toparkin?» Ha, o‘zbek futboli maktabi juda sifatli. Oxir-oqibat, Yaxshiboyevni «Shaxtyor»ga oldik. Texnik salohiyati, tezligi, maydonni ko‘rish qobiliyati juda yaxshi iqtidorli futbolchi. Ayniqsa, chap oyoq bilan ishlash mahoratini alohida ta’kidlash kerak. U barcha standart vaziyatlarni ijro etish barobarida o‘yin holatidan ham  yaxshi zarba beradi.

- Yaxshiboyevning kuchli tomonlarini aytdingiz, xo‘sh, u qaysi jihatlarni yaxshilashi kerak?

- Jismoniy tayyorgarligiga biroz qo‘shishi lozim. Shuningdek, himoyada gohida oxirigacha kurashmasdi. U mening jamoamda markaziy hujumchi yoki «10-raqam» pozisiyada o‘ynardi. Ayni shu rolda ort­ga qaytib, himoyada ishlashni oxiriga yetkazmasdi. Shuning uchun Yaxshiboyevdan ko‘proq markaziy hujumchi sifatida foydalanish - eng to‘g‘ri yechim.

«Ordabasi»da uni markaziy hujumchi, asosan o‘ng qanot vingeri sifatida o‘ynatishyapti...

- Hozir shunday tendensiya bor: futbolchi chap oyoqda zo‘r o‘ynasa, uni o‘ng qanotga qo‘yishadi yoki aksincha. U markazga ko‘chib, kuchli oyog‘ida darvozaga zarba berishi uchun shunday yo‘l tutiladi. Bunga yaqqol misol - Ukraina termasi afsonasi Yarmolenko yoki buyuk Messi.

- Yaxshiboyevga taalluqli biror qiziqarli voqea yodingizda qolganmi?

- Jasur - musulmon. Men esa barcha dinlarga hurmat bilan qarayman. Faqat musulmonlarda umumiy qoidalar nasroniylarnikidan keskin farqlanadi. Deylik, musolmonlar Ramazon oyida kunduzi hech narsa iste’mol qilishmaydi. Quyosh botganidan keyingina mumkin. Bu borada kichik muammo shuki, Ramazon tugaganidan keyin futbolchilarga biroz kuch yetishmaydi. Lekin bu holatda ularni tushunishga harakat qilaman, xususan, Yaxshiboyevga boshqalarga nisbatan kamroq yuklama berardim. Yana bir tomoni, Soligorskda masjid yo‘q, faqat Minskda bor. Yaxshiboyev bir safar o‘yin kuni masjidga borib kelish uchun ruxsat so‘radi va qo‘shib qo‘ydi: «Agar bormasam, o‘ynolmayman». Shunda uni qo‘yib yubordim, masjid uncha uzoq emasdi. Yaxshiboyev esa borib keldi va zo‘r o‘ynab, gol ham urdi. Balki ibodat chindan ham, yordam berar... 

 

Tushunarsiz holatlar ham yo‘q emasdi...

- Umuman, Yaxshiboyev «Shaxtyor» va «Sherif»da qanday o‘ynagan?

- «Shaxtyor»da o‘zini ko‘rsata oldi, ko‘p gol urdi. «Sherif»da ham. Vaholanki, Moldovada avvaliga ancha qiynaldi, chunki jismoniy tomondan to‘liq tayyor emasdi. Zero, Varshavaning «Legiya»sidagi vaqt davomida deyarli maydonga tushmagandi. U bilan ozgina shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik hammasi joyiga tushdi.

- Uni «Sherif»ga chaqirish tashabbusi sizdan chiqqanmidi?

- Ha, menga «Legiya»da Yaxshiboyev familiyali futbolchi borligini aytishdi. Shunda darhol fikrimni aytdim: «O! uni bilaman, «Shaxtyor»da birga ishlaganmiz. To‘g‘ri, hozirgi holatidan bexabarman» Keyin Wyscout orqali kuzatdik, biroq Jasur Polshada juda kam o‘ynardi. Ochig‘i, uni nega o‘ynatishmaganini tushunmadim, negaki, menga futbolchi sifatida juda yoqqandi.

- «Legiya»da nima bo‘lganini o‘zidan so‘ramadingizmi?

- Yo‘q. Zero, bunday holatda futbolchi bir xil javob beradi: «Murabbiyga yoqmadim». Ya’ni futbolchi hech qachon muammo o‘zida ekanligini aytmaydi. Vaholanki, agar u amaliyotsiz qolsa, aybni avvalo, o‘zidan qidirishi kerak. Ehtimol, Polshada yaxshi maosh ol-gani salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘ziga nisbatan talabni pasaytirib yuborgandir...

- Yaxshiboyevning sizning qo‘l ostingizdagi eng yaxshi o‘yinini ayta olasizmi?

- Jasur Yevropa CHLda «Real»ga qarshi zo‘r o‘ynagan va biz 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edik. O‘shanda Yaxshiboyev «Santyago Berna­beu»da gol urgan va yana bir qator yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lgandi. Lekin nolish ortiqcha. 

- Yaxshiboyev inson sifatida qanday?

- Nisbatan yopiq yigit, u bilan gaplashish juda qiyin edi. Doim o‘zi bilan ovora. Biz esa ochiqroq bo‘lishini istardik. Lekin ish jarayonida u menga doim yoqqan. Hattoki, hamkorligimiz yakuniy qismida ba’zi muammolar boshlanganiga qaramay.

- Aynan qanday?

- Ba’zan tushunarsiz holatlar yuzaga kelardi. Deylik, terma jamoadan vaqtida qaytmasdi, buvisi yoki boshqa qarindoshi xastalanganini aytib, ketishni xohlab qolardi. Aynan shunday nyuanslarda ba’zan sabrim chidamasdi. Shunda oldiga qat’iy talab qo‘yardim: «Bunaqasi ketmaydi! Xohlasang, barchasini professional darajada bajar yoki o‘zinggga boshqa jamoa qidir». U esa hammasini tushunganini aytardi, ammo o‘z bilganidan qolmasdi - vaqtida qaytmasdi, baribir. «Sherif» rahbariyati ham Yaxshiboyev shartnomaga muvofiq to‘liq kuch bilan ishlamayotganini ko‘rgan, har holda, maoshi kam emasdi. Albatta, Jasur klubning CHLga chiqishiga katta yordam bergan, guruh bosqichida ham. Biroq o‘z majburiyatlariga professionallarcha yondashganida, yanada ko‘prog‘ini uddalardi.

 

Jasur tezlik bo‘yicha Mudrikdan qolishadi, futbolni tushunish masalasida esa undan yuqorida...

- Yaxshiboyev Qozog‘iston chempionatiga o‘tganini eshitganingizda, hayron qoldingizmi?

- Bu uning faoliyatidagi mutlaq mantiqiy burilish. Futbolda o‘zingni sevishing to‘g‘ri emas. Birinchi navbatda, futbolni sevish kerak. Yaxshiboyevda esa bu sal boshqacha edi. Sevimli ishingga shunday munosabatda bo‘lgan holda, undan o‘zing xohlagan narsalarni kutishing yaramaydi.

- Lekin Yaxshiboyev hozir Qozog‘iston chempionati to‘p­-urarlari qatorida - «Ordabasi» safida 9ta gol va 3ta assist qayd etdi.

- Demak, Jasur qaytgan va Belarusda hamda «Sherif»da qisqa muddat ko‘ringan o‘sha Yaxshiboyevga aylangan. Aytganimdek, u juda iqtidorli yigit. Butun faoliyatim davomida undan iste’dodlirog‘ini ko‘rmaganman! Jasurda zamonaviy futbol uchun hammasi mujassam. Faqat istak bilan bog‘liq muammolari bor edi. Agar Jasur bu borada qo‘shsa, top-futbolchiga aylanadi.

- Qiziq, qaysi darajaga ko‘tarilishi mumkin?

- U har qanday chempionatda eng yaxshi futbolchi bo‘lish salohiyatiga ega. Zero, yigitda hammasi bor - texnika, zarba, uzatma, tezlik, futbolni tushunish...

- Deylik, Ukraina chempio­natida o‘ynay oladimi?

- 100 foiz! Belarusda ishlaganimdayoq murabbiylarga aytgandim: «Agar Yaxshiboyevning o‘zi xohlasa, «Shaxtyor»da ham, «Dinamo»da ham bemalol o‘ynab, eng yaxshilardan biri bo‘la oladi» (aytgancha, Kiyev klubi ham vaqtida Jasurga qiziqish bildirgan).

- Kelajakda Yaxshiboyev bilan yana ishlash variantini ko‘rib chiqyapsizmi?

- Nega yo‘q? Agar ishga munosabatini qayta ko‘rib chiqsa, u bilan ishlashga tayyorman. Jasur chindan ham, o‘zgargan bo‘lsa, bu hurmatga sazovor. Demak, Yaxshiboyevda yadro bor!

- «Ordabasi» hujumida ham­-yurtingiz Artyom Besedin ham bor. Agar uni Yaxshiboyev bilan solishtirsak...

- Besedin ranjimasin, lekin Yaxshiboyev - mutlaqo bosh­qa saviyasi va sifat. Ukrainaliklar bilan solishtirsak, Jasur tezlik bo‘yicha Mudrikdan biroz pastroq, lekin futbolni tushunish va ko‘rish borasida Mixaildan ancha balandda. Yaxshiboyev - noyob iste’dod! U har bir vaziyatni his qiladi. Agar Yaratgan Mudrikka xuddi Yaxshiboyevnikidek o‘yinni tushunish xislatini berganida, unga teng keladigani topilmasdi.

Suhbatimiz yakunida Yaxshiboyev uchun xursandligim va uni qiziqish bilan kuzatib borishimni aytaman. Unga salom va muvaffaqiyat. Jasur o‘z yondashuvini qayta ko‘rib chiqib, yana gol ura boshlaganidan mamnunman. Ha, hozircha Qozog‘istonda, lekin to‘xtamasa, yaxshi chempionatga o‘tadi, bunga shubham yo‘q.

Ravshan IBROHIM tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 08.11.2024.
O'qildi: 3772 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.