Jahonning eng qimmat futbolchisi maqomidagi Neymar Messidan 5, Ronaldudan roppa-rosa 7 yoshga kichik.
Chunki u ham, Ronaldu ham 5 fevralda tavallud topishgan. Braziliyalik kasbdoshlarining yoshida Lionel va Krishtianu Yevropada to‘p surishgan va «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilishgandi. Nufuzli sovrin yaqinda 33 yoshini nishonlaydigan vingerni chetlab o‘tadi. Hujumkor o‘yinchi uchun baobro‘ yosh. Faqat qanotlardagi ayrim faxriylar o‘z turmush tarzlarini qayta ko‘rib chiqib, o‘zlarini futbolda saqlab qolishga qaror qilishgan.
Neymar unaqa emas. Nazariy jihatdan, futbolchi ichishi, raqsga tushishi, kazinoda 100 minglab yevroni boy berishi, farzandlarining onasiga xiyonat qilishi, lekin maydonda jarohat olmasdan futbol o‘ynashi mumkin. Nazariy jihatdan mumkin. Amalda esa braziliyalik Adriano ozg‘in Neymarga qiyoslaganda pahlavon bo‘lsada, 26 yoshida ichkilik tufayli mukammal salomatligidan judo bo‘ldi. Hozir daydib yurgan Adrianoni Rio-de-Janeyroning qashshoq tumani ko‘chalarida uchratish mumkin.
Neymar hozircha piyanista emas. Lekin kimnidir ma’shuqalari birin-ketin unga bir necha oylik farq bilan chaqaloqlar tug‘ib berayotgan sharoitda, uning hayotida tartib qolmaydi. Vinger joriy mavsumda «Al-Hilol»ning OCHL doirasidagi 2ta o‘yinida bor-yo‘g‘i 42 daqiqa to‘p surdi. Jarohati tufayli u ichki chempionat ro‘yxatiga kiritilmagan.
Endi navbatdagi jarohat. Neymar o‘rniga nomzod qidirishmoqda. Boz ustiga, «Al-Hilol» mutasaddilari hujumchining ketish istagida ekanligini gumon qilishlari mumkin. Futbolchi bir yildan ko‘proq vaqtini xochsimon bezlarini davolashga sarflagandi. Endi tizza osti paylari shikastlandi. Agarda klubga qaytish niyati bo‘lsa, yangi yildan avval qaytishi gumon. Klubda yurishining o‘zi uchun ham unga millionlab mablag‘ni ayashmayapti.
Agentga «Santos»ga o‘tishning keragi yo‘q
Neymar atrofida uning faoliyatiga zarar keltirgan shaxslar bor. Ularning biri Pini Zaxavi. Isroillik agent futbolchining faoliyatiga va hayotiga o‘zgacha ta’sir etadigan APLga emas, aynan Saudiyaga yo‘l olishi uchun bor bilim-malakasini sarfladi. Ikkinchisi, Neymar Santus - hujumchining otasi. Zargarlik buyumlari bilan shug‘ullangan sobiq savdogar o‘g‘lining manfaatlarini himoya qilish o‘rniga, aksincha, zarar keltirdi.
Neymar 222 mln. yevro evaziga namoyishkorona tarzda «PSJ»ga yo‘l olmasligi, u yerda barvaqt taslim bo‘lib, Saudiyani tanlamasligi kerak edi. Oqibatda, u odatdagiga nisbatan yomon mashq qila boshladi, saviyasini yo‘qotdi. Buning natijasi - jarohatlar shodasi. Agar hujumchi «Barsa»dan «Bavariya» darajasidagi klubga o‘tganida, Aryen Robben faoliyatini takrorlashi mumkin edi. «Real»da o‘z o‘yinini topa olmagan niderlandiyalik, Myunxenda sovrinlarni qo‘lga kiritgandi.
«Al-Hilol» Neymarning yordamisiz muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Jorje Jezus klubidagilar buni juda yaxshi tushunadilar. Nevesh, Milinkovich-Savich, Mitrovich, Malkom va Kanseludek zabardast o‘yinchilar Neymarning gollarisiz chempionlikni saqlab qolishga qodirlar. Ha, «Al-Ittihod» jiddiy raqobat ko‘rsatmoqda, lekin «Al-Hilol» ham Ronalduning «Al-Nasr»idan yengilmadi.
Zaxavi bilan katta Neymar esa vingerning Saudiyada qiynalishini kutishmoqda. Futbolchiga 100 mln. atrofida yillik ish haqi berishadi. Vaholanki, muntazam maydonga tushganida, bonuslar evaziga ish haqi 200 «limon»ga yetishi mumkin edi. Biroq hujumchini faqat qimor o‘yinlari qiziqtiradi. Hatto qizining tug‘ilgan kunini ham u kazinoda qimorbozlik bilan o‘tkazgandi.
Neymarning qadrdon klubi «Santos» sobiq o‘yinchisini qaytarmoqchi bo‘lgandi. XX-asrda qirol Pele klub ramzi maqomida edi. Endi unvon «Santos» uchun unchalik omadli bo‘lmagan Braziliya terma jamoasidagi o‘rindoshiga o‘tdi. Neymar «selesao» tarkibidagi gollar soni bo‘yicha qiroldan o‘zib ketdi, faoliyatidagi eng ko‘p uchrashuvlarni (225ta) esa, qadrdon klubida o‘tkazdi. Jarohatlar uning futboldagi ishtirokiga ta’sirini beradigan ibratli misol.
Sog‘lom Neymar YECHLni tanlashi kerak edi
Bu yog‘iga injiqligi, maydondagi beqarorligi va jiddiy shikastlanishlarning ko‘pligi sababli, YECHLdagi klublardan birortasi uni o‘ziga jalb etishni istamayapti. Agar u Santusning baridagi maishatni emas, futbolda chinakam burilish yasashni istasa, o‘zi uchun jamoani Yevropadan izlagan bo‘lardi. Biroq bunday o‘zgarishlar yuz berishiga ishonch yo‘q. Futbolchi atrofidagi «jonkuyarlar»ni o‘yindan keladigan naf qiziqtirmaydi, ular uchun xuddi Neymar kabi, pul muhim.
Agent va otasining nojo‘ya ta’siri futbolchining aybsizligini sal bo‘lsada, oqlaydi, deb o‘ylamang. Yaqinda Neymar homilador ma’shuqasiga xiyonat qilib, tez orada yoniga qaytdi. pulning quvvati tufayli to‘ng‘ich o‘g‘lining onasi bo‘lmish Karolinadan kichkina chaqaloqni tortib oldi. U «Barselona» va «PSJ»ga nisbatan hurmatsizlik qildi.
Neymar - katta futboldagi eng yomon namuna. Boz ustiga, samarali emas. Undan umidvor bo‘lgan «PSJ» YECHLda g‘olib bo‘la olmadi, Braziliya esa jahon chempioni unvonini qo‘lga kirita olmadi. Biroq Neymar JCH-2026da ishtirok etish niyatida. U vaqtga qadar Junior bemalol MLS klublaridan biriga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Braziliyaning biron-bir klubi bu futbolchining ish haqini ko‘tara olmaydi.
«Palmeyras» prezidenti Laylo Pereyra Neymar bilan muzokaralar olib boril-yaptimi, degan savolga keskin javob qaytardi: «Bizning klubimiz kasalxona emas». Lekin shayxlar ham futbolchiga «Al-Hilol»da yurgani uchun haq to‘lashni istamaydilar. Buning ustiga, unda haq to‘lashga qurbi yetadigan va «Al-Hilol»ni naqd pul bilan ta’minlaydigan fanatlar yo‘q. Ronaldu va Messi o‘z klublari va ligalari uchun ishlaydilar. Neymar esa butun hayoti davomida faqat o‘zining ko‘ngilxushligi va yaqinlari uchun pul ishlaydi.
Yaqinda «Santos» «A» se-riyasiga qaytgach, Neymarda uyga qaytish va dog‘ tushgan obro‘sini tiklash ehtimoli paydo bo‘ldi. Biroq Braziliyada intizom bobida muammosi bor futbolchilar yanada yomonroq o‘ynaydigan bo‘lib qoladilar. Neymar Saudiyada sport formasini tiklab olishga intildi, lekin tiklay olmadi, Braziliyada o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘ysa kerak.
S.RAHMONOV tayyorladi