Farg‘onaning "Neftchi" klubi OFK Elit Chempionlar ligasidagi safar uchrashuvlaridan ayrimlarini Qatarda o‘tkazishi mumkin.
Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayevning ma’lum qilishicha, Eronning "Traktor" va "Istiqlol" klublari OFK Elit Chempionlar ligasidagi uy uchrashuvlarini Dohada o‘tkazish istagida. "Traktor" dastlab o‘yinlarini Ummonda qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani aytilgandi, ammo klub Qatar variantini tanlamoqchi.
Vaqt kamligi va muqobil variantlar cheklangani sababli OFK Eron klublarining ushbu taklifini ma’qullashi mumkin.
Taqvimga ko‘ra, "Neftchi" 2 noyabr kuni "Traktor" mehmoni bo‘ladi. 7 dekabrda esa farg‘onaliklar "Istiqlol"ga qarshi safar uchrashuvini o‘tkazishi belgilangan.
Shu tariqa, agar OFK Dohani neytral maydon sifatida tasdiqlasa, "Neftchi" Eronning har ikki klubiga qarshi safar o‘yinlarini Qatarda o‘tkazishi mumkin.













