Garchi aka-uka Gleyzerlar va Retkliff haddan tashqari badavlat kishilar bo‘lsalarda, «MYU»ni jahonning eng to‘pori boyvachcha klubiga aylantirishga yaqin turibdilar.
Mazkur nominasiyada raqobat kuchli, futbol olamida g‘alati fe’l-atvorli milliarderlar doimo topiladi. Lekin sport direktori Eshvortni «Nyukasl»dan olib kelish uchun katta mablag‘dan voz kechgan shaxslar bilan bahslashish juda qiyin. Ayniqsa, «qizil iblis-lar»ning «Nottingem Forest»ga qarshi uchrashuvidan (2:3) keyin sport direktori bilan xayrlashganlarini inobatga olganda.
«Hakkalar» pulni qaytarmaydilar, Eshvortga qo‘llangan qaror esa «qizil iblislar»dagi ichki vayronalar ko‘lamidan dalolat beradi. Agarki, Angliyadagi vazmin tabiatli va malakali murabbiylardan biri bardosh bera olmagan bo‘lsa, bu - klubga qo‘yilgan diagnoz. Den terma jamoalar tizimini yangiladi, mamlakatda klublarni rivojlantirish metodlarini yaratishga hissa qo‘shdi. Amorimni «MYU»ga o‘tishga ham aynan Eshvort ko‘ndirgandi. Endi esa portugaliyalik murabbiyni o‘z holiga tashlab qo‘yishdi.
Jim Retkliff o‘zining futbol sohasida noshud boshqaruvchi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. «MYU»ning kimyo korxonasi emasligini tushunmaydi. Klub faqat biznes prinsiplariga asosan hayot kechirmaydi. Juda ko‘p jihatlar o‘zaro munosabatlar va ishonch asosida yaratiladi. Ser Aleks Fergyuson raqiblarini qo‘rqitib, o‘z odamlariga sadoqatli edi. Yaqinda «MYU»ning afsonaviy xizmatchisi Ket Fipps olamdan o‘tdi. U klubda yarim asrdan ko‘proq mehnat qilib, hammaga manzur bo‘lgan ayol edi.
Ket Charlton, Best va Lou bilan do‘stlashgan, murabbiy Basbiga bezorilarga ko‘z-quloq bo‘lib turishda yordam berardi. Bundan tashqari, Fipps klubda turli lavozimlarda ishlagan. Marhuma bilan vidolashuv marosimida ishtirok etgan afsonaviy hujumchi Erik Kantona o‘z nutqida 85 yoshli Ketni har bir «MYU» vakilining onaxoni, deb ulug‘lagandi. Shifoxonada bemor bo‘lib yotgan chog‘ida, Devid Bekxem Fippsdan xabar olish uchun Mayamidan Manchesterga uchib kelgandi. Muvaffaqiyatli «MYU»ning poydevori ana shunday pishiq va mustahkam bo‘lgan. Gleyzerlar va Retkliff buni tushunmaydilar.
Direktor Eshvort bu yerda ishlashga imkon bermasliklarini tushundi
«MYU»ni o‘z tasarrufiga olish har qanday menejer uchun ulkan shon-sharaf. Den «Nyukasl» sohiblari bilan janjallashish evaziga yangi jamoaga kelgandi. Lekin jahannam ichidagi harorat maqsadga mos emasligini darrov angladi. Oqibatda, muhim sovrinlarsiz qolgan jahannam muzlab qoldi. «MYU»da shaytonlar yetarli, farishtalarni esa anchadan beri olishmayapti. Hatto Anxel Di Mariya ular uchun o‘ynay olmadi. Butun boshli Krishtianu Ronaldu keltirishi mumkin bo‘lgan manfaatni to‘liq bera olmadi. Maydonda o‘zgacha natijani ko‘rish umidida yillar davomida noto‘g‘ri qarorlar qabul qilindi.
Mazkur tavsiflar Gleyzerlar va ularning ishonchini qozonganlarning uquvsizligi natijasi. «MYU»ning muammolari tobora chuqurlashib borayotgani juda ko‘p ta’kidlandi. Ular faqat bosh murabbiy shaxsi bilan cheklanib qolmaydi. Jamoaning sobiq darvozaboni De Xea katolik bo‘lgani sababli, afsungarlik fikrlarni kiritgan. David o‘ta jiddiy tarzda «MYU»ni la’natlangan, deb hisoblagandi. Ertakka ishonishga shoshmaymiz, lekin faktlarga ishonamiz. Amorim standart vaziyatlar tufayli «Arsenal»ga imkoniyatni boy berdi - jamoa londonliklarning ommaviy gol urish uslubiga qarshi munosib tayyorgarlik ko‘rmadi. Keyin mavsumning boshqa bir muvaffaqiyatli jamoasi - «Nottingem Forest»dan yengildi. Eshvort vaziyatni o‘nglash borasida Amorimga yordam berishi mumkin edi. Biroq Den Retkliff bilan shaxsan muloqot chog‘ida qariya o‘zida emasligiga amin bo‘ldi.
Jazolanmaslik, kuch-qudrat, biznesda qatl etish va oqlash huquqiga ega milliarderlar uchun «aqldan ozish» normal holat. Garchi Ret-kliff Antoni kabi jamoaga manfaat keltirmaydigan futbolchilardan mablag‘ini ayamagan bo‘lsada, «MYU»ga ishonchli xizmatchilar sonini qisqartirish bilan kirib keldi. Lekin Eshvortning tezda taslim bo‘lgani ajablanarli hol, albatta. «MYU»ning yangi bossi bilan ishlash qanchalik yomonligini Denning «Titanik»dan voz kechib, Portuga yo‘l olgani yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Amorim APLdagi muvaffaqiyatsizlikka 1 km.ga yaqinlashdi
Rubenga u yangi ser Aleks Fergyuson emasligini kelgan kunida aytishgandi. Unga bosh-qaruvga oid qarorlar qabul qilish huquqini berishmaydi. Yonida Eshvort bo‘lgani bois, Amorim bu shartlarga rozilik bildirgandi. Endi esa Den yo‘q. Albatta, «MYU» sohiblari o‘z gumashtalari orqali Amorim sport direktori iste’fosini istagan, degan uydirmani tarqatadilar. Ehtimol, taniqli mutaxassisni xarid qilishlari mumkindir. Biroq voqealar zanjiri Retkliffning futbol masalasida noshudligidan dalolat bermoqda.
Mablag‘ va qudrati yetarli, lekin o‘zi didsiz bo‘lgan kishi uchun klubni qaytadan tiklash juda og‘ir. Ten Xagni bahorda vazifasidan ozod etishmagani va Eshvortning tezda ketganligi jamoadagi holatni aks ettiradi. «MYU»da ortiqcha o‘yinchilar juda ko‘p. Ularning aksariyati taqdir shunday be’mani klubga yo‘llaganidan afsusdalar. Natijalar jamoaning tayyor emasligini tasdiqlamoqda. Eng kuchli o‘yinchilarning bolalarga xos xato-kamchiliklari Amorimning kelajagini barbod qildi.
Rubenga transfer uchun katta mablag‘ berishlari qiyin. Uning 3-4-2-1 sxemasi uchun esa boshqa futbolchilar kerak. Shuningdek, bosh murabbiy va futbolchilar ishonch bildiradigan direktor kerak. Gleyzerlarni esa faqat pul qiziqtiradi. Ularga YECHL yo‘llanmasi muhim, lekin saviyali futbolga qaytish maqsadi yo‘q. Agar Amorim ijobiy o‘zgarishlarga erisha olmasa, o‘rindoshi murakkab vaziyatga tushib qoladi. Professionallar deyarli qolmadi, Fergyuson odamlari nafaqada. Gleyzerlar yugurdaklari klubni chuqur inqirozga giriftor qilishdi. Mablag‘ kamayib ketgani bois, endi muxlislarni «yulish» boshlandi - kirish chiptalari qimmatlashdi. Fanatlar qarshilik ko‘rsatishlari mumkin, axir ularning hammasi boyvachcha emas.
«Qizil iblislar» futbolchilari doimo rejimni buzishga urinishgan. Lekin ser Aleks qo‘lga tushgan qoidabuzarni jazolagan. Ten Xag hammasini o‘z holicha tashlab qo‘ydi, qattiqqo‘l direktor esa yo‘q, Eshvort keldiyu-ketdi.
Sodiq SOBIR tayyorladi