Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Arsenal 2-0 Brentford
04/12 00:30 Brayton 3-4 Aston Villa
04/12 00:30 Byornli 0-1 Kristal Pelas
04/12 00:30 Vulverhempton 0-1 Nottingem Forest
04/12 01:15 Lids 3-1 Chelsi
04/12 01:15 Liverpul 1-1 Sanderlend
05/12 01:00 Man. Yunayted 1-1 Vest Xem
06/12 01:00 Real Ovyedo - Malyorka
06/12 17:30 Aston Villa - Arsenal
06/12 18:00 Vilyarreal - Xetafe
06/12 19:00 Sassuolo - Fiorentina
06/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
06/12 20:00 Manchester Siti - Sanderlend
06/12 20:00 Nyukasl - Byornli
06/12 20:00 Tottenhem - Brentford
06/12 20:00 Bornmut - Chelsi
06/12 20:15 Alaves - Real Sosyedad
06/12 22:00 Inter - Komo
06/12 22:30 Lids - Liverpul
06/12 22:30 Betis - Barselona

Qayrat Boranbayev: «Qayrat» endi «pley-off»ga chiqishi kerak»

Qayrat Boranbayev: «Qayrat» endi «pley-off»ga chiqishi kerak»

Baho:
+ | -

Bundan 13 yil oldin moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgan va autsayder jamoaga aylangan «Qayrat»ning bugun Qozog‘iston futbolida yetakchilar guruhiga qo‘shilib olganida taniqli biznesmen Qayrat Boranbayevning hissasi beqiyos. Har holda, Olma-ota klubi aynan uning moliyaviy ko‘magi va sa’y-harakatlari evaziga qayta rivojlandi, hattoki CHL guruh bosqichida o‘ynaydigan darajaga ko‘tarildi. Hozirda «Almali» aktivlarni boshqarish xolding kompaniyasini nazorat qilish barobarida «Qayrat»ga egalik qilayotgan ustamon tadbirkor yaqinda Rossiyaning shampionat.com sayti ijodkorlari bilan bafurja suhbatlashdi. Aniqrog‘i, Boranbayev asosan sentyabr oyida «Real»ga qarshi kechgan CHL o‘yini atrofida yuz bergan voqealar haqida gapirib berdi.

— O‘z tarixida ilk marta CHL umumiy bosqichiga chiqqan «Qayrat»ning Olma-otadagi ilk o‘yinda «Real»­dek dahshatli raqibni qabul qilishi — bu chinakamiga taqdir in’omi. Aytingchi, o‘sha hayajonli kunlar mobaynida nimalarni boshdan kechirdingiz?

— O, buni so‘z bilan ta’riflash mushkul. To‘g‘risi, klublar miqyosidagi eng nufuzli turnir guruh bosqichida ishtirok etishning o‘zidan boshimiz ko‘kka yetib turgan bir pallada ilk uy o‘yinini «Real»­ga qarshi o‘tkazishimiz ma’lum bo‘lgach, aqldan ozdiruvchi hissiyotlar qurshovida qoldik. Ochig‘i, «Madrid» bilan uchrashuvda qanday natija qayd etilishi bizni zarracha tashvishga solmadi. Zero, qanday raqibga qarshi o‘ynashimizni yaxshi bilardik. Shuning uchun «Qirollik klubi» bilan o‘yinga shunchaki, bebaho tajriba sifatida qaradik.

— O‘sha o‘yinga qadar 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragan jamoani sharaf bilan olqishlagan muxlislarni ko‘rganmidingiz?

— Menimcha, muxlislarni aldash mutlaqo ilojsiz. Ular o‘sha o‘yinda futbolchilarimiz nomdor raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishganini his qilishdi. Albatta, uchrashuv oldidan ma’lum darajada ijobiy natijaga umid bog‘lagandik, lekin «Real»dan ochko olish oson emasligini bilardik. O‘ylaymanki, o‘sha kuni stadionga yig‘ilgan 23 ming muxlis ham buni yaxshi tushunib turgandi.

— Aslida tribunalarda bundan ancha ko‘p odam bordek tuyuldi...

— Bilmadim, har holda, rasmiy qaydnomada 23 ming muxlis yig‘ilgani ko‘rsatildi. Shahar polisiyasi ma’lumotiga ko‘ra, chamasi yana 15 ming kishi stadion tashqarisida qolgan. Albatta, o‘yinga qiziqish o‘ta yuqoriligini bilardik, lekin bu darajada katta olomon to‘planishini kutmagandik. Uchrashuvdan bir necha soat oldin stadionga borib, bufetlar, hojatxonalar, umuman, barchasini shaxsan o‘zim ko‘zdan kechirdim. Chunonchi, arenamiz biroz eski va bunday katta olomon to‘plansa, ayrim qiyinchiliklar yuzaga kelishi tabiiy hol. Muhimi, shu bahona yetarli tajribaga ega bo‘ldik, o‘zimiz uchun ba’zi xulosalarga keldik. Qolaversa, hokimlik hamda huquqni muhofaza qilish idoralari bilan do‘stona aloqa o‘rnatdik.

— Hayajonning turli shakl­-lari bor. Xo‘sh, «Real»ga qarshi o‘yin oldidan muxlislar orasida qanday muhit hukm surdi?

— «Real» tashrifini nafaqat «Qayrat» muxlislar armiyasi, balki butun Olma-ota aholisi intiqlik bilan kutdi. Ko‘chalarda turli qo‘shiqlar yangradi, sport atributlari sotuvi keskin oshdi. Ayrim tadbirkorlar agar g‘alaba qozonsak, futbolchilar avtomobillariga bir oy davomida bepul yonilg‘i quyish haqida va’da berishgacha borishdi.

— Agar «Real» mag‘lubiyatga uchratilsa, «Qayrat»ning har bir futbolchisiga avtomobil berilishi haqida ham gap-so‘zlar urchigandi...

— Ha, bu haqda eshitdim, agar g‘alaba qozonsak, sartaroshxonalarda jamoa futbolchilariga bepul xizmat ko‘rsatishlarini ham aytishdi. Lekin fikrimcha, barchasi jiddiy emasdi. Ba’zilar turli memlar yaratishga tushishdi. Xullas, odamlar bir oy davomida hayot tashvishlaridan biroz chalg‘ishdi. Asosiysi, o‘sha o‘yin butun mamlakatni birlashtirdi. Axir Qozog‘istonga dunyoning eng yaxshi klubi keldi.

— Ayrim do‘stlaringiz chipta masalasida yordam berolmaganingiz tufayli sizdan rosa ranjishgandir...

— O‘yindan oldin qo‘ng‘iroq qilgan har bir kishi asosan 2ta savol bilan murojaat qildi: «Ahvolingiz yaxshimi? Chipta masalasida yordam bera olasizmi?» Afsuski, hammaning iltimosini bajarolmasdim. Ehtimol, kimlarnidir xafa qilib qo‘ygandirman, lekin iloj qancha...?

— O‘yindan bir kun oldingi rasmiy mashg‘ulotda nogironlar aravachasidagi bola «Real» yulduzlari bilan suratga tushdi. Buni qanday tashkillashtirdinglar?

— O‘sha kuni mehmonlarni kutib olish uchun tashqariga chiqqanimda, Sanjar ota-onasi bilan kirish eshigi oldida turgandi. Otasi o‘g‘lini «Madrid» mashg‘ulotlariga kiritishda yordam berishimni so‘radi. Shunda darhol «Madrid» direktoriga murojaat qildim. Muhimi, u bola nogiron ekanligini bilgach, ruxsat berdi. Aniqrog‘i, Sanjar qayerda turishi kerakligini ko‘rsatdi. «Real» futbolchilaridan esa maydonga tushishda bu bolaga e’tibor qaratish so‘raldi. Eng ta’sirli tomoni, biror futbolchi uning yonidan befarq o‘tib ketmadi.

— O‘yindan keyin Xabi Alonso bilan uchrashdingiz. Qiziq, u «Qayrat» egasi bilan gaplashayotganini bildimi?

— Alonso avvaliga meni tanimadi. Shunchaki, salomlashdi va ketishga chog‘landi. Shunda braziliyalik Rikardinyo uni to‘xtatib, meni tanishtirdi, keyin biroz suhbatlashdik, birga suratga tushdik.

— «Qayrat» yangi stadion qurish masalasida hokimiyat bilan muzokara olib borayotgan ekan...

— Shunday. Hozirda barchasi deyarli hal qilingan. Yangi stadion uchun shahar aeroporti yaqinidan joy ham ajratildi. Reja bo‘yicha qurilish ishlarini yangi yildan keyin boshlashimiz kerak. Taxminan 35 ming muxlisga mo‘ljallanadigan yangi arenani 2027 yilning oxirigacha foydalanishga topshirsak, ajabmas.

— «Qayrat» o‘z tarixidagi eng muhim davrni o‘tkazayotgani tayin...

— Asl maqsadimiz ham shu edi — CHL asosiy bosqichida o‘ynash. Biroq bu vazifani uddalash oson emas. Chunki Qozog‘iston reytingi pastligi tufayli klublar 4ta saralash bosqichidan o‘tishi kerak. Jumladan, bizning «Seltik» va «Slovan»dek CHL havosini olgan tajribali klublarni yengib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi.

— Ma’lumotlarga qaraganda, «Qayrat» joriy mavsum CHL umumiy bosqichida g‘alaba qozonmasa ham yakunda 20 million yevrodan ko‘proq pul ishlaydi. Bu esa klubning yillik byudjetidan ikki baravar ko‘p...

— Ha, lekin bu daromad emas, balki aylanma mablag‘ ekanligini tushunish kerak. Negadir hech kim klubni shu darajaga keltirishgacha qancha mablag‘ sarflanganini hisoblamaydi. Masalan, xorijlik futbolchilar Qozog‘istonga katta maosh evaziga kelishadi. Vaholanki, legionerlarga sarflangan kapital har doim ham o‘zini oqlamaydi. Tan olish kerak, aksariyat legionerlar bu yerga faoliyatlarining yakuniy bosqichida kelishadi. Yoshlar esa mahalliy ligamizdan kuchli chempio­natlarga yo‘l olish mumkinligiga ishonishmaydi. Xullas, CHLdagi ishtirok orqali topilgan pul klubimiz strategiyasini zarracha o‘zgartirmaydi. Oddiy aytganda, shu vaqtgacha sarflangan mablag‘ning ma’lum qismi qaytdi...

— Demak, tarkibni yanada kuchaytirish uchun ortiqcha mablag‘ sarflanmaydi, shundaymi?

— Yo‘q, yo‘q... Shunchaki, aytmoqchimanki, moliyaviy imkoniyat kengayganini hisobga olib, transferlar bozorida behuda pul sarflamoqchi emasmiz. Ta’kidlaganimdek, klubning muayyan strategiyasi bor va undan og‘ishmaymiz. To‘g‘ri, tarkibdagi aksariyat yigitlarning shartnomasi muddati tugamoqda. Shuningdek, ikki hujumchimiz jarohat ortidan uzoq muddatga safdan chiqdi. Umuman, jamoamizda kimlar qolishlarini allaqachon hal qilganmiz, ketadiganlar ro‘yxati ham ma’lum. Shuningdek, kelasi yil «Chelsi»ga yo‘l oladigan Dastan Satpayev o‘rnini sifatli ijrochi bilan to‘ldirish bo‘yicha ish boshlaganmiz.

— Aytgancha, Satpayevning «Chelsi»ga transferi qanday ro‘y berdi?

— Dastan borasida London klubidan bahorda rasmiy taklif tushgandi. Aytish kerak, bunga qadar futbolchimizga biror katta klub jiddiy qiziqish bildirmagandi. Xullas, «Chelsi»dan kelgan xatni Satpayevning ota-onasiga ko‘rsatdim, ularning fikrlariga qiziqdim. Barcha masalalar ijobiy hal etilgach esa, shartnoma imzolandi.

— Aleksandr Kerjakovning «Qayrat» boshqaruvidan ketishiga uni haqoratlaganingiz sabab bo‘lgani rostmi?

— Bu borada gapirishni istamayman. Masala faqat Kerjakov va menga tegishli. Nazarimda, Aleksandr murabbiy sifatida hali o‘z ustida ko‘p ishlashi kerak. Unga muvaffaqiyat tilayman. Ishini hurmat qilamiz. Deylik, chempionlikka erishganimizdan so‘ng shaxsan o‘zim Kerjakovga qo‘ng‘iroq qildim va bu yutuqda uning ham hissasi borligini aytib, minnatdorchilik bildirdim, hatto kechki ovqatga taklif qildim. Chunki o‘sha payt hali Olma-otadan ketmagandi.

— Xo‘sh, Kerjakovga ham oltin medal berildimi?

— Yo‘q, u taqdirlanadiganlar ro‘yxatiga kiritilmagandi.

— Nega? Axir jamoani mavsumning katta qismida aynan Kerjakov bosh­qargandi-ku...

— Adashdingiz, u bizda atigi 4 oy ishladi, xolos.

— Oxirgi savol: CHLdek nufuzli turnirda ishtirok etishni uddalagan «Qayrat»ning galdagi maqsadi nima?

— Asosiy vazifamiz — CHL guruh bosqichini kuchli 24talikda yakunlab, «pley-off»ga yo‘l olish. Butun kurash hali oldinda. Muhimi, o‘z kuchimizga ishonchni yo‘qotmasak, bas. Zero, «Qayrat» turnir jadvalida katta yo‘qotishlarga duch kelgan yagona jamoa emas.

X.YUSUPOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 23:57, 18.11.2025.
O'qildi: 887 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.