Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi–2026 final bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi dekabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalanadi. Jamoamiz jahon futzalining yetakchi vakillaridan biri — dunyo reytingida 7-o‘rinda borayotgan Rossiya terma jamoasiga qarshi ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, har ikkala bahs ham qadimiy va navqiron Buxoro shahridagi «Universal» sport majmuasida 19 va 21-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuvlarning dastlabkisi muxlislar uchun ochiq bo‘lsa, ikkinchi bahs tomonlarning kelishuviga tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.
Mazkur o‘yinlar har ikki terma jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi:
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi bahslari o‘tkaziladigan maydon qoplamasiga moslashish bilan birga, kuchli raqibga qarshi tayyorgarlik darajasi va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Rossiya terma jamoasi esa FIFA reytingidagi mavqeini mustahkamlash, to‘plagan ochkolarini saqlab qolish maqsadida kuchli raqib bilan bahs olib boradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 14 dekabr sanasidan boshlab Buxoro shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Milliy chempionatning so‘nggi turida yuzaga kelgan jarohatlar sababli bosh murabbiy Nodir Eliboyev jamoa tarkibida ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Rossiya terma jamoasi esa kecha erta tongda Buxoro shahriga yetib keldi.
Rossiya futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Beso Zoidze O‘zbekiston bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari oldidan quyidagi fikrlarini bildirdi:
— Biz Buxoroga optimal tarkibda yetib keldik. Murabbiylar shtabi ayni vaqtdagi eng kuchli va munosib futbolchilarni yig‘inga jalb etdi. Bizda “o‘rtoqlik o‘yinlari” degan tushuncha yo‘q. Mamlakatning asosiy terma jamoasi safida maydonga tushar ekansan, har doim maksimal darajada harakat qilishing shart.
Raqibimizni alohida tanishtirib o‘tirishning hojati yo‘q. O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning yetakchi futzal davlatlaridan biri bo‘lib, muntazam ravishda rivojlanib bormoqda. Ularga qarshi o‘yin qiyin, ammo juda qiziqarli kechadi. Ushbu bahslar har ikki jamoa uchun ham nihoyatda muhim, — dedi Beso Zoidze.













