Bugun, 26 yanvar, Milliy futbol markazi anjumanlar zalida Liga vakillari, Superliga klublari mutasaddilari hamda O‘zbekiston hakamlar markazi mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda Xalqaro futbol assosiasiyalar kengashi (IFAB) texnik direktori — Devid Ellerey qatnashchilarga tashkilot yig‘ilishlari va FIFA mutaxassislari bilan uchrashuvlarda muhokama qilib kelinayotgan yangi o‘zgarishlar, xususan, o‘yin vaqtini cho‘zish orqali uning tempini buzishga bo‘lgan harakatlarning oldini olish bo‘yicha taklif qilinayotgan yangi choralar, hakamlarning futbolchilar bilan muloqotini qat’iy ravishda faqat sardorlar vositasida amalga oshirilishini ta’minlash, VAR protokollaridagi o‘zgarishlar, o‘yindan tashqari holatlarni belgilash qoidasida kuzatilishi rejalashtirilayotgan yangiliklar va boshqa qator masalalar bo‘yicha tushuntirish berildi.

Liga avvalroq bu boradagi o‘z pozisiyasini ma’lum qilib, o‘yin intensivligini oshirish borasidagi amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Shuningdek, 2025 yilning 20 oktyabridagi Klublar rahbarlari bilan yig‘ilishda mazkur yangiliklar ular tomonidan ham ma’qullangandi. Shundan so‘ng, Liga vakillari Jahon ligalari assosiasiyasining Afina shahrida o‘tkazilgan yillik anjumanida janob Ellerey bilan uchrashib, muhokama qilinayotgan o‘zgarishlarni musobaqalarimizda qo‘llash istagida ekanligini ma’lum qilgan edilar. IFAB Texnik direktorining Toshkentga tashrifi ham mazkur tashabbusning bir qismi hisoblanib, yangi qoidalar yuzasidan futbol jamoatchiligiga batafsilroq ma’lumot berish maqsadida amalga oshirildi.

Liga Assosiasiya bilan hamkorlikda Superliga va boshqa musobaqalarimizda o‘yin intensivligini oshirishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etishda davom etadi va futbol uchrashuvining tomoshaboplik darajasini oshirishni o‘zining eng ustuvor maqsadlaridan biri deb hisoblaydi.














