21 fevral kuni Liganing Telegram sahifasida Superliga uchun avvalgi yillarda tayyorlangan introlar eslab o‘tildi. Mavjud holatdan kelib chiqib, o‘tgan mavsumlarda grafik ko‘rinishlar, sun’iy intellekt ta’siri asosiy planda bo‘ldi.
2022 yilgi intro muxlislarga manzur bo‘lganini izohlardan ham bilish qiyin emas. O‘zbek futboli oldinga yura boshlaganiga ishora sifatida taqdim etilgan rolikda Superliga klublarining ramzlariga e’tibor qaratildi. Uning tarixiyligi shundan iboratki, "OKMK", "Navbahor", "Neftchi", "Surxon" kabi klublarning eski logolari keyinchalik yangisiga almashtirib yuborildi.
2023 yilga kelib Liga klublar ramzlaridan ko‘ra ko‘proq, ularning logotiplari va geografik joylashuvlarini ko‘rsatishga qaror qildi. Bunda Game of Thrones filmi introsidan ilhomlanilganligini qayd etish lozim. Rolik nafaqat o‘zbek futboli jamoatchiligi, balki xorij OAV e’tiborini ham o‘ziga qaratdi. Ispaniyaning mashhur Marca nashri Superliga introsi haqida alohida material chop etdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning chet ellik foydalanuvchilari o‘rtasida Superliga introsi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ko‘rib turganingizdek, 2023 yilgi intro "Turon" klubini tarixga muxrlagan. "Qizilqum" va "Nasaf" klublari esa shundan keyin o‘z logotiplarini o‘zgartirishgan.
Oradan bir yil o‘tib Liga sekin-asta dunyoni qamrab olayotgan sun’iy intellektga e’tibor qaratishni lozim deb topdi va endilikda klublarning asosiy nomlarini kadrlarga muxrladi. Endi nafaqat logotip va ramzlar, ular qatoriga futbolchilar ham qo‘shildi.
2024 yilgi introda "Metallurg" va "Olimpik" klublari bor edi. Bekobod jamoasi shu yildan so‘ng tarqatib yuborildi. "Olimpik" esa Proligaga tushib ketdi. Bugunga kelib "Olimpik" Liga uchun tarixga aylanib ulgurdi.
2025 yilgi rolikda Angliya Premyer-ligasining 2013/14 mavsumi jihatlarini ko‘rish mumkin. Bunda tajriba nisbatan ko‘proq bo‘lib, introga temp qo‘shildi. Liga intro musiqasi masalasiga alohida yondoshdi hamda DJ Piligrim va Jasur Badalbayev bilan hamkorlik qildi. Unda milliy ruh va ohangga e’tibor qaratildi, bir vaqtning o‘zida Superliga madhiyasi paydo bo‘ldi. UZSL brendi shakllanishga o‘tdi.
O‘tgan yillar davomida Liga infratuzilmani rivojlantirish, media yo‘nalishida oldinga siljishga harakat qildi. Bugunga kelib bizda bir-biriga uzviy bog‘langan, biroq alohida ixtisoslikda faoliyat olib boradigan Translyasiya, Matbuot xizmati, Media kabi bo‘limlar mavjud. Liga o‘z studiyasi, texnikasi va ko‘chma televizion stansiyasiga ega.
2025 yilgi mavsum davomida Liga mutaxassislari televizion translyasiyalardan tashqari markaziy uchrashuvlarni alohida suratga tushirib borishga harakat qildi. Stadionlar, maydonlar sifati, muxlislik va boshqa qator jihatlar roliklarning rang-barang bo‘lishi, mamlakat ichki chempionatining xarakteri, rangi va sifati shakllanishiga olib keldi. Shundan kelib chiqib, Liga endilikda jonli kadrlarga kattaroq urg‘u berishga qaror qildi. Ishonamizki, futbol jamoatchiligi uchun bu manzur bo‘ladi.













