O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) direktori Diyor Imomxo‘jayev O‘zbekiston milliy axborot agentligiga bergan intervyusida yangi mavsum oldidan amalga oshirilayotgan islohotlar, hakamlik tizimidagi o‘zgarishlar va klublarning moliyaviy holati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
O‘yin vaqti va antifutbolga qarshi kurash haqida
Yangi mavsumdan boshlab milliy chempionatda toza o‘yin vaqtini ko‘paytirish bo‘yicha MLS tajribasi joriy etiladi. Liga rahbari bu boradagi asosiy muammo va yechimlar haqida shunday deydi:
“Biz aynan toza o‘yin vaqti uchun kurashishni maqsad qilganmiz. Futbol erkaklarning o‘yini, raqibni yutish uchun erkakcha harakat qilish kerak. Natija uchun o‘ynab, muxlisni unutish va vaqtni yo‘qotish — bu antifutbol. Yangi tartibga ko‘ra, futbolchi almashtirilayotganda maydonni 15 soniya ichida tark etishi shart. Agar zambil kerak bo‘lsa-yu, futbolchi maydon chetiga chiqqach darrov o‘rnidan turib ketsa, u kamida 2 daqiqa tashqarida qolib ketadi”.
Hakamlik va texnologik yangiliklar xususida
Diyor Imomxo‘jayev hakamlik borasidagi savollarga javob berar ekan, tizimdagi shaffoflikni oshirish uchun translyasiya sifatini oshirish birlamchi vazifa ekanini ta’kidladi:
“Oldin o‘zbek futbolida hakam xohlagan ishini qilgan, chunki translyasiya va kameralar bo‘lmagan. Hozirgi holatda esa MTRK bilan kelishdik: kelayotgan mavsumda minimal talabimiz yettita kamera bo‘ladi. Har bitta stadionda markazlashtirilgan VAR tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hakamlikda doim muammolar bo‘ladi, lekin bizning vazifamiz — prinsipial, ataylab va qasddan qilinadigan xatolarni maksimal darajada oldini olish”.
Klublarning moliyaviy barqarorligi va xususiylashtirish to‘g‘risida
So‘nggi vaqtlarda ayrim yirik klublarning homiylari bilan bog‘liq muammolariga ham munosabat bildirildi. PFL rahbari bu jarayonni kutilgan holat deb atadi:
“Davlat ulushi bor korxonalarga bog‘langan hamma klubda muammo bor va bu kutilgan edi. Davlat tartibga keltirmoqchi, 'o‘lib ketsin' demayapti. Professional futbolchining maoshlari bitta tartibga keltiriladi. Jamoalar xususiylashishga tayyor bo‘lishi kerak. O‘zbek futboli ko‘pchilikning ko‘ziga shunchaki pul yeydigan soha bo‘lib ko‘rindi, lekin biz to‘g‘ri ishlasa, natija bo‘lishini isbotladik”.
Legionerlar va raqobat haqida
Superligadagi legionerlar limiti bo‘yicha bildirilgan fikrlar mahalliy futbolchilarning saviyasini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir:
“Faqat o‘zimiz bilan o‘ynasak o‘smaymiz, kuchli raqobat saviyani oshiradi. Bugungi kunda ko‘plab sifatli legionerlar mahalliy futbolchilardan kamroq maosh olmoqda. Mahalliy futbolchilar narxi sun’iy oshib ketmasligi uchun ham bu limit kerak. Raqobat bo‘lsa, futbolchi o‘z ustida ishlaydi”.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining 2026-yilgi mavsumi 27-fevral kuni start oladi.













