«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik prezidentlik saylovlari natijalariga qarab klubni tark etishi mumkin.
Insayder Florian Plettenbergning ma’lumotlariga ko‘ra, 61 yoshli nemis mutaxassisi kataloniyaliklar bilan 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnomani uzaytirishga tayyor. U shaharni, klubni va muxlislarni juda yaxshi ko‘radi.
Biroq, Flik o‘z kelajagini «ko‘k-anorranglilar»ning so‘nggi prezidenti Joan Laporta bilan bog‘lamoqda va aynan u bilan birgalikda «Barselona»ning istiqbolini belgilashni istaydi.
Agar Laporta 15 mart kuni bo‘lib o‘tadigan «Barselona» prezidenti saylovida qayta saylanmasa, Xansining klubdan ketishi yo shu yozda, yoki 2027 yilda shartnoma muddati tugaganidan keyin amalga oshishi mumkin.
Flik «Barsa»ni 2024 yilda boshqarishni boshlagan edi. U klub bilan La Liga, Ispaniya kubogi va ikki bor mamlakat Superkubogida g‘olib chiqdi.













