Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Mash’al” — “Qizilqum” uchrashuvi Navoiy shahriga ko‘chirildi. Klublar ishtirokidagi javob o‘yiniga ham Navoiy mezbonlik qiladi.
“Mash’al” klubining Muborak shahridagi stadioni Superliga talabiga javob bermaydi. Qarshidagi “Markaziy” stadion maydonini yangilash ishlari esa yakuniga yetib ulgurmadi. Shundan kelib chiqib, “Nasaf” va “Mash’al” klublari mavsumni G‘uzorda boshladi. Biroq Superliga 2-turidan o‘rin olgan “Mash’al” — “Lokomotiv” o‘yinidan keyin “Sho‘rtan” klubiga qarashli stadion maydoni shikastlandi. Ayni damda unda sifatli futbol tashkil etish imkoniyati vaqtincha mavjud emas.
Qayd etish kerak, G‘uzordagi stadionda drenaj bilan bog‘liq muammo mavjud ekanligi 2025 yilgi mavsum avvalida ma’lum edi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan mavsum “Sho‘rtan” mavsumni o‘z maydonida boshlay olmadi. Biroq keyinchalik Liga va klub o‘zaro kelishuv asosida G‘uzordagi stadionni shartli ravishda ishga tushirdi. Bunda hududdagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammodan kelib chiqqan holda maysani parvarish qilish imkonini berishi mumkin bo‘lgan boshqa usullar sinovdan o‘tkazildi. Biroq 5 mart sanasidagi kuchli yomg‘ir drenaj bilan bog‘liq muammoni qayta ochib berdi.
G‘uzordagi stadionda ajriq navi nisbatan ko‘proqni tashkil etishidan kelib chiqib, stadionni 20 mart sanasidagi bellashuvga qadar tayyorlashning nazariy imkoniyati mavjud. Har ehtimolga qarshi Liga “Nasaf” klubiga “Surxon” bilan bellashuv uchun boshqa arenalar bilan muzokara o‘tkazish zarurligini tushuntirdi.
Ma’lumot uchun, mart oyining dastlabki kunlarida butun O‘zbekiston bo‘ylab kuchli yomg‘irlar kuzatildi. Biroq Liga tomonidan maydonning drenaj tizimiga qo‘yilgan talablar bajarilgan stadionlarda hech qanday muammo ko‘zga tashlanmadi. Ayni vaqtda “Nasaf” klubi “Markaziy” stadionni tezroq qayta ishga tushirish masalasida ish olib bormoqda. Dastlabki rejaga ko‘ra, klub joriy yilning aprel oyidan e’tiboran o‘z uyiga qaytishi kerak edi.
Avvalroq “Mash’al” “Qizilqum” klubi bilan o‘zaro kelishgan holda davralar davomidagi ikki uchrashuv lokasiyasini o‘zaro almashtirishni so‘rab murojaat qildi. Biroq Liga mazkur taklifni rad etdi. Zero biror klubga bu borada yengillik taqdim etilsa, mavsumni o‘z maydonida boshlay olmayotgan qolgan klublar ham taqvimni o‘zgartirish yuzasidan o‘z taklifini bildiradi. Buning oqibatida Reglament bo‘yicha talablar ijrosi masalasiga putur yetishi mumkin.
Buxorodagi stadionda ham muammo mavjud
Avvalroq Superliga 1-turidan o‘rin olgan “Buxoro” — “Qo‘qon-1912” uchrashuvidan so‘ng Liga “Buxoro” futbol klubini ham rasman ogohlantirgandi.
Superliga reglamentining 4.5-bandiga ko‘ra, Superliga stadioni uchrashuvdan bir soat oldin Hakam va Komissar tomonidan baholanadi. Umumiy baho 4 dan past bo‘lsa, klub rasman ogohlantiriladi. Bu kabi holat ketma-ket ikkinchi bor kuzatilsa, klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi. Uchinchi shunday holatdan keyin stadion Superliga ro‘yxatidan chiqariladi.
Musobaqaning 1-turida “Buxoro” futbol akademiyasi maydoni 4 bahodan pastroqqa loyiq ko‘rilgan. Ayni vaqtda viloyatdagi yagona sifatli stadionni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan texnika mavjud emas. Liga o‘tgan mavsum so‘ngidan boshlab bu masalani bir necha bor ko‘targaniga qaramay, viloyatda muammo ijobiy hal etilganicha yo‘q. Shundan kelib chiqib, Reglament bo‘yicha muammolar ketma-ketlikda kuzatilishda davom etsa, Liga viloyatda Superliga o‘yinlari davom etishini kafolatlamaydi. Bu haqda klub, viloyat hokimligi hamda viloyat futbol assosiasiyasi Superliga 1-turidan keyin rasman ogohlantirilgan.













