MLS «Kolambus Kryu» klubining sobiq futbolchilari Yo Yeboa va Derrik Jonsni umrbod diskvalifikasiya qildi.
Liga avvalroq hamkorlaridan shubhali tikishlar (stavkalar) haqida ogohlantirishlar olganini va surishtiruv o‘tkazish uchun yuridik firma yollaganini ma’lum qildi.
«Tergov natijalarini o‘rganib chiqib, MLS shunday xulosaga keldiki, futbolchilar 2024 va 2025 yilgi mavsumlar davomida futbolga, jumladan, o‘z jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarga faol ravishda pul tikib kelishgan. Bir holatda, har ikki o‘yinchi 2024 yil 19 oktyabrdagi uchrashuvda Jonsning sariq kartochka olishiga pul tikishgan va u haqiqatan ham o‘sha o‘yinda ogohlantirilgan», — deyiladi bayonotda.
Liganing ta’kidlashicha, Jons va Yeboa katta ehtimol bilan tikishlar bo‘yicha bir-birlari bilan ma’lumot almashgan bo‘lishsa-da, futbolchilarning harakatlari o‘yin natijalariga ta’sir qilgani bo‘yicha hech qanday dalil topilmagan.
Yeboa 2022 yildan 2024 yilgacha «Kolambus Kryu»da to‘p surgan, 2025 yilda esa «Los-Anjeles»ga o‘tgan edi. Hozirda u Xitoyning «Sindao Xaynyu» jamoasida o‘ynamoqda.
Derrik Jons esa 2024 yildan 2025 yilgacha «Kolambus Kryu» sharafini himoya qilgan. Ayni damda u erkin agent maqomida bo‘lib turibdi.













