Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi hujumchisi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov yurtimizga yetib keldi. Tezkorlik bilan yig‘inga qo‘shilgan tajribali forvard bo‘lajak bahslar va tarkibdagi o‘zgarishlar borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Tarkib to‘liq jamlandi»
— Kuni kecha milliy jamoa ixtiyoriga yetib keldik. Bugun qolgan legionerlarimiz ham yetib kelishdi va tarkib to‘liq ko‘rinish oldi. Oldinda bizni ikkita juda muhim o‘rtoqlik uchrashuvi kutib turibdi. Yigitlarning kayfiyati a’lo, hamma jangovar holatda.
Fayzullayevning yo‘qligi haqida
— Albatta, Fayzullayevning tarkibda yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Unda kichik jarohat borligi sababli shunday qarorga kelindi. Umid qilamanki, Abbos tez orada sog‘ayib, safga qaytadi.
«Golsiz seriyalar hammada bo‘lib turadi»
Shomurodov so‘nggi paytlarda klub miqyosidagi golsiz seriyasi haqida berilgan savolga ham bosiqlik bilan javob qaytardi: — Har bir futbolchi faoliyatida bunday damlar bo‘lib turadi. Har doim ham biz istagandek bo‘lavermaydi. Men uchun shaxsiy ko‘rsatkichlardan ko‘ra jamoaviy natija muhimroq.
FIFA Series — JCH oldidan jiddiy imtihon
— Bu Jahon chempionati oldidan o‘tkazadigan so‘nggi yig‘inimiz, shu bois uning ahamiyati juda yuqori. Hozir tarkibimizda yangi nomlar bor va bir qator yetakchilar jarohat olgan. Bu yangi futbolchilar uchun o‘zlarini ko‘rsatishga zo‘r imkoniyat. Oddiy o‘rtoqlik o‘yinidan ko‘ra, mana shunday kichik turnir shaklidagi musobaqa muxlislar uchun ham, biz uchun ham qiziqarliroq kechadi.













