O‘zbekiston Superligasining 5-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912” hamda “Bunyodkor” — “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar o‘z yakuniga yetdi.
“So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912”
Jizzaxda kechgan bahsda g‘olib nomi aniqlanmadi. “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912” jamoasi qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuv mezbonlarning tezkor hujumi bilan boshlandi. O‘yinning 13-daqiqasidayoq jizzaxliklarning legioneri Feysal Mulich hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida, 40-daqiqada Lyupcho Doriyev raqib darvozasini ishg‘ol qilib, oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Tanaffusga mezbonlar 2:0 hisobidagi ustunlik bilan yo‘l olishdi.
Biroq ikkinchi bo‘limda “Qo‘qon-1912” futbolchilari iroda ko‘rsatishdi. 50-daqiqada Shohruh Gadoyev hisobni qisqartirib, o‘yinga intriga qaytardi. Shundan so‘ng bahs ancha keskinlashdi, hakam har ikki jamoa a’zolariga bir necha bor sariq kartochka ko‘rsatishga majbur bo‘ldi.
Uchrashuv mezbonlarning g‘alabasi bilan tugagandek ko‘rinayotgan bir paytda, 88-daqiqada Shota Gvazava muvozanatni tikladi. Qolgan daqiqalarda har qancha urinishlarga qaramay, hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa jamoalar ochkolarni bo‘lishib olishdi.
Ayni paytda “So‘g‘diyona” O‘zbekiston Superligasi turnir jadvalida 2 ochko bilan 15-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” jamoasi 5 ochko bilan 10-pog‘onani band etgan.
O‘zbekiston Superligasi, 5-tur
“So‘g‘diyona” — “Qo‘qon-1912” 2:2
Gollar: 1:0 — Mulich (13), 2:0 — Doriyev (40), 2:1 — Gadoyev (50), 2:2 — Gvazava (88).
“Bunyodkor” — “Lokomotiv”
Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida kechgan uchrashuvda mezbonlar “Lokomotiv” ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Bahs maydon egalarining ustunligida o‘tdi va ularning 2:0 hisobidagi g‘alabasi yakunlandi.
O‘yinning ilk daqiqalaridanoq “Bunyodkor” futbolchilari hujumkorlikni oshirishdi. Bu ko‘p o‘tmay o‘z samarasini berdi: 14-daqiqada Boburbek Yo‘ldoshev raqib darvozasini aniq nishonga olib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida mezbonlar hisobdagi farqni oshirishdi. 44-daqiqada himoyachi Marko Bugarin raqib posbonini ojiz qoldirib, jamoasining ikkinchi golini muallifiga aylandi. Tanaffusga jamoalar “Bunyodkor”ning ikki to‘p farqidagi ustunligi bilan yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘limda “Lokomotiv” murabbiylari o‘yinga o‘zgarishlar kiritib, vaziyatni o‘nglashga harakat qilishdi. Biroq “Bunyodkor” himoyasi va posboni xatosiz o‘yin namoyish etib, raqibga gol urish imkonini bermadi. Ushbu g‘alabadan so‘ng “Bunyodkor” o‘z hisobiga muhim 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi. “Lokomotiv” esa bu turda ochkosiz qoladigan bo‘ldi.
Ayni paytda “Bunyodkor” 10 ochko bilan Superliga turnir jadvalida 3-pog‘onani egallab turgan bo‘lsa, 7 ochkosi bor “Lokomotiv” 6-o‘rindan joy olgan.
O‘zbekiston Superligasi, 5-tur
“Bunyodkor” — “Lokomotiv” 2:0
Gollar: 1:0 — Yo‘ldoshev (14), 2:0 — Bugarin (44).













