«Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi Maykl Kerrik «Lids»ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Lisandro Martinesning holati haqida to‘xtalib o‘tdi. Daniel Farke shogirdlariga qarshi APL 32-turi doirasidagi bahs 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi, Martinesning undagi ishtiroki esa so‘roq ostida qolmoqda.
«Uni hech narsaga majburlab bo‘lmaydi. Umumiy manzara keyingi o‘yindan muhimroq. Biz to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz va uning tayyor ekanligiga ishonch hosil qilishimiz kerak», — deya murabbiy so‘zlaridan iqtibos keltiradi BBC.
Shuningdek, Kerrik tibbiy shtab Matteys de Ligtni safga qaytarish ustida ishlayotganini, ayni damda u mashg‘ulotlarga hali to‘liq tayyor emasligini ta’kidladi. Patrik Dorgu esa yakka tartibdagi mashg‘ulotlarga kirishgan.
«MYU» — «Lids» uchrashuvining start hushtagi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da yangraydi. «Qizil iblislar» 55 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi, ularning raqibi esa 33 ochko bilan o‘n beshinchi pog‘onada bormoqda.













