Ekvadorda mahalliy futbol uchrashuvi vaqtida hakam maydonning o‘zida otib ketildi. Hodisa Pasaxe shahri hududlaridan birida bo‘lib o‘tgan havaskorlar o‘yini davomida sodir bo‘lgan.
Daily Mail xabariga ko‘ra, 48 yoshli Xavyer Ortega hujum qurboni bo‘lgan. Voqea 12 aprel, yakshanba kuni o‘nlab tomoshabinlar ko‘z o‘ngida sodir etilgan. Guvohlarning aytishicha, bir necha noma’lum qurollangan shaxslar o‘yin davomida hakamga yaqinlashib, unga qarata o‘q uzgan va shundan so‘ng voqea joyidan qochib ketgan.
Ortega tez yordam xizmatlari o‘z vaqtida yetib kelganiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Uchrashuv darhol to‘xtatilgan, futbolchilar va tomoshabinlar panoh izlab tarqalib ketgan. Keyinchalik mahalliy hokimiyat xodimlari jinoyat joyini kriminalistlar tekshiruvi uchun yopib qo‘ygan.
Uchrashuv tashkilotchilari holat aniqlangunga qadar keyingi o‘yinlarni to‘xtatib turishga qaror qildi. Shu bilan birga, polisiya tergov ishlarini boshladi va ushbu hodisani ataylab sodir etilgan qotillik sifatida ko‘rib chiqmoqda.













