Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘lgan avstriyalik mashhur darvozabon Aleksander Manningerning oilasiga hamdardlik izhor etdi.
UYEFA saytida Avstriya futbol assosiasiyasi sport direktori Peter Shyottelning quyidagi so‘zlari keltirilgan:
«Aleksander Manninger maydonda ham, uning tashqarisida ham Avstriya futbolining buyuk elchisi edi. U o‘zining xalqaro faoliyati bilan ko‘plab yosh darvozabonlarga o‘rnak bo‘ldi va ularni ruhlantirdi. Uning professionalligi, vazminligi va ishonchliligi uni o‘z jamoalari hamda milliy terma jamoaning muhim qismiga aylantirgan edi. Uning yutuqlari yuksak hurmatga loyiq va ular doim yodda qoladi».
48 yoshli darvozabon faoliyati davomida «Arsenal», «Yuventus», «Fiorentina» va «Bolonya» kabi klublar sharafini himoya qilgan. U «Arsenal» bilan Angliya (1997/98) hamda «Yuventus» bilan Italiya (2011/12) chempioni bo‘lgan edi.













