«PSJ» himoyachisi va sardori Markinyos Chempionlar ligasi yarim finalida «Bavariya» ustidan qozonilgan 5:4 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Barcha futbol ishqibozlari ushbu uchrashuvni tomosha qilib, zavq olishdi. Maydonda bunday o‘yinda ishtirok etish men uchun chinakam baxt bo‘ldi. Bu — butun yil davomida orzu qilinadigan o‘yinlar sirasiga kiradi. Har ikki jamoa ham hech qachon taslim bo‘lmaslik va faqat oldinga intilish mentalitetiga ega. Juda go‘zal bahs guvohiga aylandik. Bir haftadan keyin ham shunday bo‘lishi aniq. Bizda kichik ustunlik bor, endi Myunxenga to‘g‘ri kayfiyat bilan borishimiz kerak», — dedi Markinyos Canal+ telekanaliga bergan intervyusida.
«Bavariya» va «PSJ» o‘rtasidagi javob uchrashuvi chorshanba kuni, 6 may kuni bo‘lib o‘tadi.













