«Manchester Yunayted» klubi va Braziliya futbol konfederasiyasi (CBF) o‘rtasida hujumchi Mateus Kunyaning o‘yin vaqtini cheklash bo‘yicha hech qanday kelishuv mavjud emas. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs ma’lum qildi.
Avvalroq, Braziliya tomoni ingliz klubidan futbolchini mavsumning qolgan o‘yinlarida dam olishi uchun maydonga tushirmaslikni so‘ragani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunga futbolchining son mushaklaridagi noqulaylik va oldinda turgan Jahon chempionatiga tayyorgarlik sabab qilib ko‘rsatilgan.
Ben Jeykobsning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Agar Kunya kutilmagan jarohat olmasa, mavsumning yakuniy bahslarida jamoasiga yordam berishi kutilmoqda.













