Eron futbol federasiyasi rahbari Mehdi Toj mamlakat terma jamoasining jahon chempionatidagi xavfsizligini muhokama qilish uchun FIFA prezidenti Janni Infantino bilan shaxsan uchrashish niyatida.
Tojning ta’kidlashicha, Tehron jamoaning turnirdagi ishtiroki bog‘liq bo‘lgan qat’iy shartlarni ilgari suradi.
«Biz FIFAga o‘z kutishlarimiz haqida aytamiz. Agar ular bu shartlarni bajara olishsa, biz albatta ishtirok etamiz. Ammo bu masalalar hal etilishiga kafolat berilmasa, hech kim bizni yoki tizimimiz asoslarini haqorat qilishga haqli emas», — deya Tojning so‘zlarini keltiradi IRIB.
Mutasaddi gap nafaqat futbolchilarning jismoniy xavfsizligi, balki Islom Respublikasiga bo‘lgan hurmat haqida ham ketayotganiga shama qildi.
28 fevral kuni AQSH va Isroil Eron hududidagi ob’ektlarga zarbalar berishni boshlagan edi. 8 aprel kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilishdi.
Avvalroq Eron sport vaziri Ahmad Dunyomali hozirgi geosiyosiy vaziyatda terma jamoaning JCH-2026dagi ishtiroki imkonsiz ekanini aytib, FIFAdan turnirni AQSHda o‘tkazish haqidagi qarorni qaytarib olishni talab qilgan edi. OFK bosh kotibi Vindzor Jon esa terma jamoa hali ham turnirda ishtirok etishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan.
Eron terma jamoasi jahon chempionatining guruh bosqichida Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr bilan o‘ynashi kerak. Barcha uchrashuvlar AQSH hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.













