«Barselona» prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Rafa Yuste Madridning «Real» klubi rahbari Florentino Peresning shov-shuvli bayonotlariga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peres matbuot anjumanida «Real»dan yettita chempionlik «o‘g‘irlangani» va «Negreyra ishi» doirasida «Barselona»ni korrupsiyada ayblagan edi.
«Florentinoning so‘zlari menga ayanchli va yolg‘on bo‘lib tuyuldi. Shuni aytishni istardimki, Peresning «Real»dagi so‘nggi ikki yillik sport halokatini yashirishga urinishi hech qanday natija bermaydi. Yettita o‘g‘irlangan chempionlik? Bu yolg‘on. Ob’ektiv ravishda bunday emas. U o‘z muammolarini o‘zi hal qilsin. Biz esa o‘zimizni himoya qilamiz — muxlislarimiz va klubimiz uchun bunga majburmiz.
Akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga asoslangan loyiha bilan ikkita La Liga sovrinini qo‘lga kiritgan bir paytimizda, «Negreyra ishi» haqida qayta gapirishdan ma’no yo‘q. Biz «Real»ni 14 ochkoga ortda qoldirmoqdamiz. Peresning barcha bayonotlari — bu shunchaki yomon sport boshqaruvini oqlashga bo‘lgan urinishdir», — deya Yustening so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Ma’lumot uchun, Joan Laporta 1 iyuldan boshlab rasman «Barselona» prezidenti lavozimiga kirishadi.













